7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
Arxiv ishi toʻgʻrisida (O‘RQ-252-son) · Sana: 15.06.2010 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi (bundan buyon matnda “Oʻzarxiv” agentligi deb yuritiladi):
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga koʻmaklashadi;
arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritadi;
arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritadi hamda uning tarkibidan chiqaradi;
davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqishga ruxsat beradi;
qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi;
davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hujjatlarni saqlash muddatlari koʻrsatilgan sohaviy roʻyxatlarini kelishadi.
“Oʻzarxiv” agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
