“Abn Amro bank Oʻzbekiston MB, H. J.” aksionerlik bankini tashkil etish toʻgʻrisida (400-son)
16.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida bank xizmatlari bozorini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirish, xalqaro savdoni rivojlantirishni mablagʻ bilan taʼminlash va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Gollandiyaning “ABN Amro Bank” banki ishtirokida “ABN Amro Bank Oʻzbekiston MB, H.J.” aksionerlik bankini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. “ABN Amro Bank Oʻzbekiston MB, H.J.”ning ustav sarmoyasi 10 mln. AQSH dollariga teng summada, shu jumladan xorijiy tomonning ulushi — 70 foiz (ABN Amro Bank — 50 foiz, Xalqaro moliya korporatsiyasi — 10 foiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 10 foiz) va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining ulushi (oʻzining joriy daromadlari mablagʻlari hisobidan) — 30 foiz qilib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “ABN Amro Bank Oʻzbekiston MB, H.J.” yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Markaziy bankka bir oy muddatda “ABN Amro Bank Oʻzbekiston MB, H.J.”ni roʻyxatdan oʻtkazish tavsiya qilinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-noyabr,
400-son
