Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xarajatlarini optimallashtirish chora-tabdirlari toʻgʻrisida (114-son)
09.06.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining xarajatlarini va harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini optimallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Toshkent viloyat va Toshkent shahar hokimliklarining ochiq harbiy shaharchalarda joylashgan turar joylarni ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansidan chiqarib, Toshkent viloyat va Toshkent shahar hokimliklari balansiga bepul asosda qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bir oylik muddatda belgilangan tartibda turar joylarni topshirsin, Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari esa joriy texnik holati boʻyicha ularni balansiga qabul qilib olsin.
Topshirilayotgan turar joylardagi xizmat kvartiralarini hisobga olish va taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklatilsin.
3. Belgilansinki 2010-yildan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalari tomonidan idoraviy, shu jumladan yopiq harbiy shaharchalarda joylashgan uy-joy fondi uchun ichimlik suvi, oqova suv, issiqlik va gaz taʼminoti boʻyicha kommunal xizmatlarga haq toʻlash aholi uchun belgilangan tariflarga koʻra amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalari tomonidan idoraviy uy-joy fondida yashayotgan aholi uchun xarid qilinayotgan ichimlik suvi, oqova suv, issiqlik va gaz taʼminoti boʻyicha kommunal xizmatlarga qoʻshimcha qiymat soligʻi solinmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, kommunal xizmatlarni meʼyordan ortiq isteʼmol qilish holatlari yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, 2010-yilning 1-oktabr sanasigacha idoraviy uy-joy fondini individual va uy uchun umumiy boʻlgan sovuq va issiq suv, issiqlik energiyasi va gazni hisoblash asboblari bilan jihozlashni taʼminlasin.
Idoraviy uy-joy fondini uy uchun umumiy hisoblash asboblari bilan jihozlash boʻyicha xarajatlar 2010-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi budjetining parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida, individual hisoblash asboblari bilan jihozlash esa turar joy egalari va ijarachilarining shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
5. Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oylik muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xodjayeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-iyun,
114-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 9-iyundagi 114-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansidan Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimiyatlari balansiga bepul asosda topshiriliyotgan turar joylarning
ROʻYXATI
