“Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish toʻgʻrisida (445-son)
16.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida “Oʻzbekistonning yangi tarixi markazini tashkil etish” toʻgʻrisidagi Farmoyishiga muvofiq hamda xalqimizning yangi tarixini oʻrganish va yozish, mamlakatimiz hayotida sodir boʻlayotgan buyuk oʻzgarishlar va uning jahonshumul tarixiy ahamiyatini koʻrsatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublikamiz keng jamoatchiligi, taʼlim muassasalari va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Oʻzbekistonning yangi tarixi” kitoblarini yaratish haqidagi takliflari maʼqullansin. Uni amalga oshirish ijtimoiy-ilmiy kengash zimmasiga yuklansin. Kengash aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Kengash ishiga yurtimiz tarixiga mutasaddi keng jamoatchilik vakillari jalb etilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida tashkil etilgan markaz kengashning ishchi guruhi sifatida qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlashda XIX asrning oʻrtalaridan hozirgi kungacha xalqimiz hayotida sodir boʻlgan tarixiy bosqichlarni va oʻzgarishlarni toʻla qamrab olishga eʼtibor berilsin.
3. Mamlakatimiz olimlari va mutaxassislarining uch qismdan iborat “Oʻzbekistonning yangi tarix”ini tayyorlovchi va tahlildan oʻtkazuvchi mualliflar, ekspertlar guruhlari hamda yetakchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi takliflari 2, 3, 4-ilovalarga muvofiq qabul qilinsin.
4. “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni yozishda quyidagi asosiy yoʻnalishlar eʼtiborga olinsin:
— xalqimiz oʻtmishidagi millat taqdiri bilan bogʻliq boʻlgan tarixiy jarayonlarni chuqur ilmiy tadqiq etish va xolisona yoritish;
— “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni yozishda tarix bosqichlari va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot uzluksiz jarayon ekanligini nazarda tutish, tarixiylik va vorisiylik tamoyillariga amal qilish;
— Oʻzbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va umumbashariyat qadriyatlariga munosib hissa qoʻshganligini eʼtirof etgan holda, oʻziga xos davlat qurilishi anʼanalari va ularga nisbatan fikrlar, qarashlar xilma-xilligi mavjudligini hisobga olish;
— “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ning har bir qism va boʻlimlarini yozishda bir yoqlama, subyektiv yondashuvlarga yoʻl qoʻymasdan yagona tadqiqot uslubiga amal qilish;
— Oʻzbekiston tarixiga oid voqea-hodisalarni yoritishda uning koʻhna Turonzamin, Turkiston tarixining tarkibiy qismi boʻlganligini yodda saqlash;
— Oʻzbekiston tarixi dunyoning turli mintaqalarida sodir boʻlgan ijtimoiy-tarixiy voqea — hodisalar hamda jahon taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy bogʻliq ekanligini va ularning bir-biriga oʻzaro taʼsirini hisobga olish;
— tadqiqot yaratishda eski kommunistik-bolshevistik mafkura aqidalariga va oʻtmishni soxtalashtirishga yoʻl qoʻymaslik, tarixiy jarayonlarni xolisona baholash;
— yoshlarni milliy istiqlol gʻoyalari, vatanparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalashda tarixiy voqea-hodisalarning ahamiyatini eʼtiborga olish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi huzuridagi “Oʻzbekistonning yangi tarixi” markazining buyurtmalariga asosan “Oʻzbekistonning yangi tarixi” kitoblarini hamda shunga oid boshqa oʻquv-uslubiy va ilmiy asarlarni oʻz vaqtida chop etilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni arxivi va “Oʻzbosharxiv” boshqarmasi “Oʻzbekistonning yangi tarixini tayyorlashda ishtirok etuvchi xodimlar uchun zarur tarixiy hujjatlardan foydalanishga imkoniyat yaratsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlashda xorijiy mamlakatlardagi tarixiy manbalardan foydalanish uchun zarur boʻlgan sarf-xarajatlarga markazning buyurtmasiga muvofiq tegishli mablagʻ ajratsin.
Markaziy bank uni erkin muomaladagi valyutaga ayirboshlashni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va chop etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi taqdim etadigan hisob-kitoblarga asosan 1997-1998-yillarda qoʻshimcha mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 16-dekabr,
445-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi 445-son qaroriga 1-ILOVA
Ijtimoiy-ilmiy kengash aʼzolari
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi 445-son qaroriga 2-ILOVA
“Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida” birinchi kitobi boʻyicha yetakchi tashkilot va mualliflar guruhi
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi 445-son qaroriga 3-ILOVA
“Oʻzbekiston shoʻro mustamlakachiligi davrida” ikkinchi kitobi boʻyicha yetakchi tashkilot va mualliflar guruhi
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-dekabrdagi 445-son qaroriga 4-ILOVA
“Mustaqil Oʻzbekiston tarixi” uchinchi kitobi boʻyicha yetakchi tashkilot va mualliflar guruhi
