Telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish uchun Yaponiyaning imtiyozli kreditiga xizmat koʻrsatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (366-son)
25.10.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan “Rivojlanishga rasmiy yordam” (ODA) dasturi doirasida berilayotgan 12700 mln iyen miqdoridagi imtiyozli kreditdan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1 Belgilansinki, kreditga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar va undan foydalanganlik uchun foizlar, shuningdek kredit bitimi boʻyicha berilayotgan qarz miqdoridan ortiqcha boʻlgan har qanday moliyaviy xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi
2 Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida undiriladigan barcha soliqlar va boj poshlinalaridan ozod qilinsin:
a) Yaponiyaning xorijiy iqtisodiy hamkorlik fondi (OYESF) kredit bitimi yuzasidan barcha toʻlovlar boyicha, shuningdek ularga qoʻshiladigan foizlar boʻyicha,
b) Yaponiyaning tovarlar yetkazib berish yoki qarzga koʻrsatilgan xizmatlardan olingan daromadga nisbatan kontraktchilar yoki maslahatchilar sifatida ish koʻruvchi kompaniyalari;
v) Yaponiyaning telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish uchun talab etiladigan oʻz materiallari yoki asbob-uskunalarini import qilish va qayta eksport qilishga nisbatan kontraktchilar yoki maslahatchilar sifatida ish koʻruvchi kompaniyalari;
g) yetkazib beruvchi, kontraktchilar yoki maslahatchilar sifatida ish koʻrayotgan yapon kompaniyalaridan oladigan daromadga nisbatan loyihani amalga oshirishda band boʻlgan yapon xizmatchilari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning yaponiyalik qatnashchilarini Oʻzbekistonda yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim toʻlashdan ozod qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning yaponiyalik qatnashchilariga konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Aloqa vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
a) imzolangan kelishish notalari va kredit bitimlari bilan nazarda tutilgan qoidalar va tartiblarning soʻzsiz bajarilishini;
b) telekommunikatsiyalar tarmogʻini rivojlantirish loyihasini amalga oshirishda ishlarning borishi haqidagi zarur axborot va maʼlumotlar Yaponiya Hukumatiga va OYESFga berilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va K.R. Raximov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasi Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-oktabr,
366-son
