Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (108-son)
05.06.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar hayʼatlarining ularga davlat boshqaruvi organlari sifatida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yuklangan muhim vazifalarni hal etishdagi roli va masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 5-iyun,
108-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
15. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 2000-yil 4-martdagi 76-son qarori 2-bandining oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosari muassislarning umumiy yigʻilishida saylanadilar va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadilar”.
34. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 26-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomda:
13-bandda:
birinchi xatboshidagi “qonun hujjatlarida belgilangan tartibda” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshiga “belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan” soʻzlari qoʻshilsin;
15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Qoʻmitada rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosari, shuningdek Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Qoʻmita raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Qoʻmita faoliyatining davlat strategik va safarbarlik zaxiralarini shakllantirish, saqlash va ularga xizmat koʻrsatishni boshqarish va nazorat qilishni taʼminlashni davom ettirish boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Qoʻmita nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Qoʻmita vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Qoʻmitaning qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Rais va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rais paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi”.
