6-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud-ekspertlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Shaxsning erkinligini vaqtincha cheklashni yoki uning shaxsiy daxlsizligi buzilishini talab etuvchi sud-ekspert tekshirishlari (bundan buyon matnda tekshirishlar deb yuritiladi) faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda oʻtkaziladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot (bundan buyon matnda boshqa tashkilot deb yuritiladi) tomonidan sud ekspertizasi oʻtkazilishi munosabati bilan qabul qilingan qarorlar, sud ekspertining harakatlari (harakatsizligi) oʻz huquq va erkinliklarining cheklanishiga olib keldi deb hisoblagan shaxs mazkur qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
