3-modda. Asosiy tushunchalar
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat sud eksperti — davlat sud-ekspertiza muassasasining oʻz xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini oʻtkazuvchi sud eksperti;
ish — sud ekspertizasi tayinlangan fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari), maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish;
sud eksperti — xulosa berish uchun fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida tayinlangan jismoniy shaxs;
sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan va sud-ekspert tekshirishlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma hujjat;
sud ekspertizasi — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini oʻtkazish va xulosa berishdan iborat boʻlgan protsessual harakat;
sud-ekspertlik faoliyati — sud ekspertizasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha faoliyat.
