25-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar boʻyicha sud ekspertizalarini oʻtkazganlik uchun toʻlov undirishga haqlidir. Bunda sudda daʼvo taqdim etgan hamda daʼvoni quvvatlayotgan davlat organlari davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan oʻtkazilgan sud ekspertizalari uchun toʻlovdan ozod etiladi. Toʻlov miqdori va mazkur mablagʻlarni sarflash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Boshqa tashkilot xodimlari va boshqa jismoniy shaxslar tomonidan sud ekspertizalari oʻtkazilganligi uchun toʻlov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
