23-modda. Sud ekspertining xulosasi (xulosa)
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tekshirishlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha sud eksperti yoxud sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir sud eksperti imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada:
sud ekspertizasi oʻtkazilgan sana va joy;
sud ekspertizasini oʻtkazish asosi;
sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) toʻgʻrisida maʼlumotlar;
sud eksperti (familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va sud ekspertizasini oʻtkazish topshirilgan tashkilot haqida maʼlumotlar;
bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun sud eksperti jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi;
sud ekspertining oldiga qoʻyilgan savollar;
sud ekspertiga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari;
sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqida maʼlumotlar;
qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda tekshirishlarning mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar sud ekspertlari komissiyasi ishlagan boʻlsa, kim tomonidan oʻtkazilganligi;
tekshirish natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar;
ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan va sud ekspertining tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar koʻrsatilishi lozim.
Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar koʻrsatilgan boʻlishi mumkin.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) talabiga binoan ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki sud ekspertining maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida maʼlum boʻlib qolsa, xulosa ayrim qoʻyilgan savollarga javob berishni rad etish asosini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
