21-modda. Kompleks sud ekspertizasi
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Kompleks sud ekspertizasi ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda bir necha tekshirish oʻtkazish yoʻli bilangina aniqlash mumkin boʻlgan hollarda tayinlanadi.
Kompleks sud ekspertizasini oʻtkazishda sud ekspertlarining har biri oʻz vakolati doirasida tekshirishlar olib boradi. Kompleks sud ekspertizasining xulosasida sud ekspertlarining har biri qaysi tekshirishlarni va qancha hajmda olib borganligi, qaysi holatlarni shaxsan oʻzi aniqlaganligi hamda qanday fikrlarga kelganligi koʻrsatiladi. Sud ekspertlarining har biri xulosaning ushbu tekshirishlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar boʻladi.
Umumiy fikrni (fikrlarni), olingan natijalarni baholashga va ushbu fikrni (fikrlarni) shakllantirishga vakolatli boʻlgan sud ekspertlari qiladi. Agar sud ekspertlari komissiyasi yakuniy fikrining yoki uning bir qismining asosi sifatida sud ekspertlaridan birining (alohida sud ekspertlarining) aniqlagan holatlari olingan boʻlsa, bu haqda xulosada koʻrsatilishi kerak.
Sud ekspertlari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
Agar kompleks sud ekspertizasini oʻtkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga topshirilgan boʻlsa, unda ushbu ekspertizani tashkil qilish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.
