18-modda. Qoʻshimcha va qayta sud ekspertizalari
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Qoʻshimcha sud ekspertizasi xulosadagi boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmaganligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini oʻtkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini oʻtkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish oʻtkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
