Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2106-son)
25.05.2010
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 25-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2106]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 16-fevraldagi “Respublika dorixona muassasalarida dori-darmon va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi 18-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 6-7 son, 50-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. “Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 2000-yil 12-dekabrda tasdiqlangan Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 997, 2000-yil 29-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 24-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-mart,
95-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2010-yil 26-martdagi 95-son buyrugʻiga ILOVA
Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 120-modda) va “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibini belgilaydi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarni yoʻq qilishga taalluqli emas.
2. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagilar qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar (keyingi oʻrinlarda yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar deb yuritiladi) sifatida eʼtirof etiladi:
sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va “in bulk” mahsulotlari;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan va (yoki) muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar;
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning gʻayriqonuniy nusxalari;
ishlab chiqarish korxonasi oʻrami butunligi buzilgan hamda haqiqiyligini aniqlash mumkin boʻlmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar.
II-bob. Yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish
3. Yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar yoqib yuborish, sindirish, ezish, toʻkish va koʻmish usullari bilan yoʻq qilinadi.
7. Yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish uchun dori vositalari va tibbiy buyumlarning egasi boʻlgan tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.
8. Komissiya tomonidan yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish haqida mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shaklda qaror qabul qilinadi. Komissiyaning mazkur qarorida yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish sanasi, vaqti, joyi hamda yoʻq qilinayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning atrof-muhit uchun bezararligi, ularning fizik-kimyoviy mutanosibligi eʼtiborga olingan holda yoʻq qilish usullari belgilanadi.
9. Komissiyaning qarori ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va uning aʼzolarini kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganida kuchga ega boʻladi.
10. Yoʻq qilinishi lozim boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilingunga qadar saqlash uchun tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan moddiy javobgar shaxs tayinlanadi. Buyruqda saqlashga qoldirilgan yoʻq qilinishi lozim boʻlgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarning nomlari va seriyalari, oʻramlari soni (miqdori) koʻrsatilishi shart.
11. Yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish Komissiya aʼzolari ishtirokida, mahsulot egasi yoki uning vakili tomonidan amalga oshiriladi. Yoʻq qilish jarayoni fotosuratga olinadi.
12. Yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar belgilangan tartibda yoʻq qilinganidan soʻng, Komissiya tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma tuziladi.
13. Dalolatnoma quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarini yoʻq qilish sanasi, vaqti va joyi;
yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar nomi (seriya raqami, yaroqlilik muddati, oʻramlari soni (miqdori), ishlab chiqaruvchining nomi koʻrsatilgan holda);
yaroqsiz dori vositalari va tibbiyot buyumlarining egasi (moddiy-javobgar shaxs);
yoʻq qilish usuli;
yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarini yoʻq qilishda ishtirok etgan Komissiya aʼzolari (familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi).
14. Dalolatnoma Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarning egasi hisoblangan tashkilot rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi.
15. Dalolatnoma, fotomateriallar va yaroqsiz dori vositalari yoki tibbiy buyumlarni yoʻq qilinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlar egasi boʻlgan tashkilotda saqlanadi.
17. Agar tergov ishlari yoki sud muhokamasi uchun dori vositalari va tibbiy buyum namunalari olingan boʻlsa, ular saqlash muddatidan qatʼi nazar, ish yakuniga etmagunga qadar yoʻq qilinmaydi.
III-bob. Yakuniy qoidalar
18. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
19. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. UMAROV
2010-yil 25-mart
Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Qoʻllash uchun yaroqsiz dori vositalari va tibbiy buyumlarni yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 4-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 21-son, 165-modda; 2014-y., 39-son, 492-modda; 2016-y., 1-son, 10-modda)
