“Popfen” Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida (337-son)
27.09.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta tolasini qayta ishlashni koʻpaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va respublikaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining “Yengilsanoatinvest” aksionerlik kompaniyasi va “Pop notoʻqima materiallar fabrikasi” aksionerlik jamiyati tomonidan Turkiyaning “Tekfen Xolding” kompaniyasi bilan birgalikda Namangan viloyatining Isqovot shaharchasida “Pop notoʻqima materiallar fabrikasi” aksionerlik jamiyatining yangidan qurilgan ishlab chiqarish maydonlari bazasida, Oʻzbekiston va Turkiya tomonlarining ustav fondidagi ulushi tegishlicha 40 va 60 foiz hamda ilovaga muvofiq asosiy parametrlarga ega boʻlgan yopiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklidagi taroqlangan kalava ip ishlab chiqaradigan “Popfen” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) kontrakt qiymatining 85 foizini mablagʻ bilan taʼminlash “Germes” jamiyatining sugʻurtasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati ostida “Cheyz Manxetten AG banki” (Germaniya) tomonidan berilayotgan kreditni qayta moliyalashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Popfen” qoʻshma korxonasiga beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi;
b) “Tekfen Xolding” kompaniyasi:
ustav fondidagi oʻz ulushi hisobidan kontrakt qiymatining 15 foizini pul mablagʻlari bilan oldindan toʻlaydi;
marketingni va ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 80 foizi tashqi bozorda sotilishini taʼminlaydi;
v) “Popfen” qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga asosiy qarzning, kredit uchun foizlarning, vositachilik haqining va xarajatlarning kredit bitimi shartlari bilan belgilangan tartibda toʻlanishini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda “Cheyz Manxetten AG banki” bilan yakka tartibdagi kredit bitimi tuzilishini taʼminlasin va “Popfen” qoʻshma korxonasiga belgilangan tartibda qayta moliyalashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga ushbu loyiha uchun olinadigan kreditga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Germes” sugʻurta kompaniyasi (Germaniya) talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi paxta tolasidan foydalanish balanslarini ishlab chiqishda, 1997-yildan boshlab, “Popfen” qoʻshma korxonasining buyurtmanomasiga muvofiq, erkin narxlar boʻyicha haq toʻlangan holda, “Popfen” qoʻshma korxonasining paxta tolasiga boʻlgan ehtiyojini hisobga olsin.
7. “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi 1997-yilda qoʻshma korxonaning kalava ishlab chiqaradigan quvvatlari ishga tushirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-sentabr,
337-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-sentabrdagi 337-son qaroriga ILOVA
“Popfen” qoʻshma korxonasining asosiy
PARAMETRLARI
