Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-turkman qoʻshma komissiyasi toʻgʻrisida
13.12.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvardagi Shartnoma va Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-turkman Qoʻshma komissiyasini tashkil qilish toʻgʻrisida 1996-yil 27-noyabrdagi Protokol qoidalariga amal qilib,
oʻzbek-turkman hamkorligini xalqaro huquq, tenglik, totuvlik va oʻzaro manfaatlilik tamoyillari asosida kelajakda kengaytirish va mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-turkman Qoʻshma komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilarni kelishib oldilar:
— Tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma va bitimlardan kelib chiqadigan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va masalalarni muhokama qilish;
— Tomonlarning moliyaviy kapitali va texnologiyalarini faol jalb etishni, moliyaviy-sanoat guruhlar, qoʻshma korxonalar va kooperatsiyalashgan ishlab chiqarishlarni tashkil etishni oʻz ichiga olgan oʻzbek-turkman hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlarini rivojlantirish va izlashga koʻmaklashish;
— Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida tuzilgan xalqaro shartnomalar va savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasidagi boshqa ikki tomonlama kelishuvlarni, shuningdek Komissiya yigʻilishlarida qabul qilingan qarorlarning ijrosini monitoring qilish;
— oʻzaro manfaatni ifodalaydigan sohalarda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish, shuningdek ikki davlat oʻrtasida tashqi savdo aylanmasini oshirish borasida takliflar ishlab chiqish;
— ikki tomonlama davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo shartnoma loyihalarini tayyorlash boʻyicha Tomonlar davlatlarining vazirliklari, idoralari, tashkilotlari va korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
— Komissiyaning ikkala qismlari oʻrtasida aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik masalalarini tezkor hal qilishda koʻmaklashish;
— Komissiya yigʻilishlarini tayyorlash va oʻtkazish.
2-modda
Komissiya ikki milliy — oʻzbek va turkman qismlaridan iborat. Har bir Tomon Komissiyaning tegishli milliy qism raisini (bundan keyin hamraislar), masʼul kotib va Komissiya aʼzolarini oʻzining ichki qonunchiligiga muvofiq tayinlaydilar.
Zarur hollarda Komissiya ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha doimiy yoki vaqtinchalik kichik komissiya va ishchi guruhlar tashkil qilishi mumkin. Ishchi guruhlar oʻz faoliyatini Komissiya rahbarligi ostida amalga oshiradi va unga hisobot beradi.
3-modda
Komissiya yigʻilishi va hamraislar uchrashuvlari har qanday Tomonning taklifi bilan diplomatik kanallar orqali kelishilgan muddat va joyda har yili kamida bir marotaba navbatma-navbat Tomonlar davlatlari hududida oʻtkaziladi.
Yigʻilishlar va uchrashuvlarning oʻtkazilish muddatlari ular oʻtkazilish sanasigacha ikki oydan kechikmasdan kelishiladi. Tomonlar Komissiyaning navbatdagi yigʻilishining kun tartibini u oʻtkazilgunga qadar bir oydan kechikmasdan kelishadilar. Komissiya yigʻilishida hamraislarning oʻzaro kelishuviga koʻra kun tartibiga kiritilmagan masalalar ham muhokama qilinishi mumkin.
Komissiyaning navbatdan tashqari yigʻilishlari, hamraislar uchrashuvlari, ishchi guruhlar yigʻilishlari Tomonlarning oʻzaro kelishuvi bilan oʻtkaziladi.
Yigʻilish yoki uchrashuv qaysi davlat hududida oʻtkazilayotgan boʻlsa, Komissiyaning shu qismi hamraisi yigʻilishda raislik qiladi.
Har bir Tomon Komissiya yigʻilishlariga tayyorgarlik koʻrish va ishtirok etish uchun ekspertlar va mutaxassislarni, shuningdek oʻz davlatlari ishbilarmonlarining vakillarini jalb etishlari mumkin.
4-modda
Komissiya qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va Komissiya yigʻilishi protokoli imzolangan sanadan kuchga kiradi.
5-modda
Yigʻilishlarning axborot taʼminoti, materiallar va hujjatlarni tayyorlash, Komissiya yigʻilishlari protokollarini rasmiylashtirish, ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish, qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish ustidan nazorat qilish, shuningdek Komissiya ishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy xaraktyerga ega boʻlgan boshqa majburiyatlar Komissiyaning milliy qismi masʼul kotiblariga yuklatiladi.
Ushbu maqsadda masʼul kotiblar oʻzaro doimiy aloqalarni olib borilishini qoʻllab-quvvatlaydilar va zarur hollarda Komissiya yigʻilishlari orasidagi davrda uchrashadilar.
6-modda
Komissiya aʼzolari va Komissiya yigʻilishlari, hamraislarning uchrashuvlari, ishchi guruh yigʻilishlarida delegatsiyalarining ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlar yuboruvchi Tomon mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Oʻzarolik asosida qabul qiluvchi Tomon yuboruvchi Tomon delegatsiyasiga mahalliy transport xarajatlari, joylashtirish, ovqatlanish va yashashi boʻyicha xarajatlarni toʻlashi mumkin.
Komissiya yigʻilishlari, hamraislar uchrashuvlari va ishchi guruhlar yigʻilishlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar mazkur tadbirlar qaysi davlat hududida oʻtkazilayotgan boʻlsa, ushbu Tomon mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilish bilan yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim besh yil davomida amal qiladi va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi niyati haqida boshqa Tomonni tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari yozma ravishda xabardor qilmagunga qadar, keyingi besh yillik muddatlarga uzaytirilaveradi.
Ashxobod shahrida 2009-yil 13-dekabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega. Ushbu Bitimning talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
