Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq qoʻmitasi bilan Oʻmon sultonligining Moliya vazirligi oʻrtasida
05.10.2009
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq qoʻmitasi bilan Oʻmon sultonligining Moliya vazirligi oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻmon Sultonligining Moliya vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb nomlanadilar, ikkala mamlakat oʻzaro manfaatlar tamoyillariga asoslangan soliq tizimi manfaatlarida qoʻshma sohalarni mustahkamlash va rivojlantirishni xohlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Oʻmon Sultonligi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlardan kelib chiqib va Oʻzbekiston hamda Oʻmon taraflari oʻrtasidagi muhokamalar asosida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ikki Tomon soliq organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida oʻzaro hamkorlik qilishga hamda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzishlarning oldini olish, ularni fosh etish va bartaraf qilish bilan bogʻliq muammolarni birgalikda tadqiq qilishga koʻmaklashadi va ikkala Tomon, basharti bunday sohalar diplomatik kanallar orqali kelishilsa, soliq solish bobida hamkorlik qilish sohasini toʻldirishi mumkin.
2-modda
Ikki Tomon ushbu Memorandumning 1-moddasida koʻrsatilgan sohalarda birgalikda tayyorlov kurslarini, ekspertlarning tashriflarini va ilmiy tadqiqotlar bilan almashuvlar oʻtkazadilar.
3-modda
Delegatsiya yuborayotgan Tomon transport xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi, taklif qiluvchi Tomon esa ushbu Memorandumning 2-moddasida koʻrsatilgan delegatsiyaning istiqomat qilish xarajatlarini koʻtaradi.
4-modda
Ushbu Memorandum ikki mamlakat oʻrtasidagi istalgan ikki taraflama bitim boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarga zid emas.
5-modda
Ikki Tomon ushbu Memorandumni ular mamlakatlarining amaldagi qonunlari va qoidalariga muvofiq amalga oshiradilar.
6-modda
Memorandum qoidalarini talqin qilish va qoʻllashdagi barcha ixtiloflar hamda bahsli masalalar Tomonlar tomonidan maslahatlashishlar va muzokaralar vositasida muhokama qilinadi.
7-modda
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va 10 yil mobaynida, Tomonlardan biri boshqa Tomonni Memorandum kuchga kirgan sanadan boshlab 2 yillik davr oʻtganidan keyin istalgan kalendar yilning oxirigacha loaqal 3 oy qolganda diplomatik kanallar orqali Memorandumning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilmaguncha, oʻz kuchida qoladi.
Bu holda mazkur Memorandum uni toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berilgan kalendar yilning oxirida amal qilishini toʻxtatadi.
Masqat shahrida 2009-yil 5-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Memorandumni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
