Paxta navlarini joylashtirish va respublika xoʻjaliklarini 1995-yil hosili uchun sifatli urugʻlar bilan taʼminlash toʻgʻrisida (80-son)
06.03.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxtaning yuqori sifatli va koʻp tola beradigan, tezpishar, yuqori hosilli navlarini respublika mintaqalariga oqilona joylashtirish, urugʻli materialni tejamli sarflash, shuningdek xoʻjaliklarni yuqori sifatli urugʻlar bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining paxtaning rayonlashtirilgan navlarini 1-ilovaga muvofiq joylashtirish boʻyicha taklifi qabul qilinsin.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Husanov), “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi (Zikriyoyev) paxta tozalash zavodlarida urugʻlik chigitli paxtaning oʻz vaqtida qayta ishlanishini, navlarga ajratilishini, dorilanishini va urugʻlarning xoʻjaliklarga 2-ilovaga muvofiq sotilishini taʼminlasinlar.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
xoʻjaliklarda paxtaning faqat bitta, tumanlarda — 2 tagacha va viloyatlarda 3-4 tagacha navlari ekilishini taʼminlasinlar;
elita va birinchi reproduksiya urugʻlarini yetishtiruvchi elita-urugʻchiligi xoʻjaliklari ishini tubdan yaxshilasinlar, yangi va istiqbolli paxta navlarini faqat eksperiment oʻtkazish va nav sinash uchastkalarida sinashni taʼminlasinlar.
4. Ekish materialini tejamli sarflash maqsadida uni aniq ekuvchi seyalkalarda ekish amaliyotga kiritilsin.
“Oʻzmashsanoat” uyushmasi (Sobirov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi (Jabborov) paxtachilik xoʻjaliklarini aniq ekadigan seyalkalar bilan ularning buyurtmanomalariga muvofiq taʼminlasinlar.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekyengilsanoat” davlat uyushmasi korxonalarining ehtiyojlarini toʻliqroq qondirish uchun 1995-yilda birinchi va uchinchi tip tola beradigan ingichka tolali paxta navlarining yetarli miqdorda ekilishini taʼminlasin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi ekish materialining belgilangan muddatlarda 3-ilovaga muvofiq viloyatlararo yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
7. “Oʻzdehqonchilikkimyoservis” uyushmasi (Hasanov) oʻn kun muddatda paxta tozalash zavodlariga paxta chigitini dorilovchi vositalarning zarur miqdorda yetkazib berilishini taʼminlasin, dorilash sifati ustidan nazoratni kuchaytirsin.
“Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi xoʻjaliklarni dorilangan sifatli ekish materiali bilan oʻz vaqtida taʼminlashni tashkil etsin.
8. Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi paxtaning ingichka tolali navlarini ekuvchi xoʻjaliklarni ragʻbatlantirish maqsadida bir oy muddatda birinchi va uchinchi tip tola beradigan paxta xomashyosining xarid narxini oshirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda elita-urugʻchilik xoʻjaliklari, urugʻ laboratoriyalari, Respublika nazorat-urugʻchilik stansiyasi va Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi xodimlarining ish haqini oshirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 6-mart,
80-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-martdagi 80-son qaroriga 1-ILOVA
1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlari boʻyicha paxta navlarini joylashtirish
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-martdagi 80-son qaroriga 2-ILOVA
1995-yil hosili uchun chigit tayyorlash
TOPShIRIGʻI
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-martdagi 80-son qaroriga 3-ILOVA
1995-yilda ekish uchun chigitni viloyatlararo yetkazib berish
TOPShIRIGʻI
