Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlashni isloh qilish loyihalarini ishlab chiqish uchun beriladigan Yaponiya grantidan samarali foydalanishni taʼminlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida (43-son)
30.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sogʻliqni saqlashni yaxshilash uchun Yaponiya Hukumati tomonidan beriladigan grantdan samarali foydalanish maqsadida va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida tuzilgan Yaponiya granti toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Yaponiya Hukumati tomonidan beriladigan 76.900.000 iyen miqdoridagi Yaponiya granti sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish sohasida isloh qilish loyihasini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga texnik yordam koʻrsatishni taʼminlash uchun yoʻnaltiriladi.
2. Sogʻliqni saqlashda islohotlarni amalga oshirish boʻyicha respublika muvofiqlashtirish qoʻmitasi tashkil etilsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida sogʻliqni saqlash sohasida isloh qilish loyihasini ishlab chiquvchi ishchi guruhi tashkil etilsin va unga yuridik shaxs maqomi berilsin hamda unga loyihani tayyorlashni boshqarish, shuningdek Jahon bankining Markaziy Osiyodagi Vakolatxonasi bilan kelishgan holda Yaponiya grantining moliyaviy mablagʻlarini tasarruf etish vazifasi yuklansin.
Respublika muvofiqlashtirish qoʻmitasi sogʻliqni saqlash sohasida islohotlar loyihasining amalga oshirilishi haqida Vazirlar Mahkamasiga yilning har choragida axborot berib tursin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
ikki hafta muddatda sogʻliqni saqlashda islohotlar loyihasini ishlab chiquvchi respublika muvofiqlashtirish qoʻmitasi va ishchi guruhi toʻgʻrisidagi Nizomni;
bir oy muddatda sogʻliqni saqlash sohasida isloh qilish loyihasini tayyorlash boʻyicha texnik topshiriqni roʻyobga chiqarish tadbirlari rejasini va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish loyihasini ishlab chiqish uchun texnik topshiriqni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishchi guruhi ofisi uchun Parkent koʻchasi, 51-uydagi Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining yangi binosida beshta xona, zarur aloqa vositalari, kompyuter va koʻpaytirish texnikasi, texnik va xoʻjalik jihozlari, yozuv-chizuv ashyolari, avtotransport ajratiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Milliy bank boʻlimida ishchi guruhning hisob-kitob va joriy ixtisoslashtirilgan valyuta schyotlarini ochsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
muvofiqlashtirish qoʻmitasi va ishchi guruhning soʻrovlariga koʻra loyiha topshiriqlarining talablarga muvofiq zarur boʻlgan maslahatlarni, statistika va boshqa tahliliy materiallarini taqdim etsinlar;
ishlarni tashkil etish hamda sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoatidagi islohotlar loyihasini ishlab chiqishga mahalliy mutaxassislarni jalb qilishda yordam koʻrsatsinlar;
sogʻliqni saqlash muassasalarini iqtisodiy ragʻbatlantirish tizimlarini ishlab chiqish maqsadida tanlangan hududlarda tajriba-namunaviy dasturlarni amalga oshirishda tashkiliy va moddiy-texnika jihatidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorni bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar va madaniyat boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-yanvar,
43-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-yanvardagi 43-son qaroriga ILOVA
Sogʻliqni saqlashda islohotlarni amalga oshirish boʻyicha respublika muvofiqlashtirish qoʻmitasining
TARKIBI
