“Oʻzeksayd” Oʻzbekiston-Amerika qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida (453-son)
26.10.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Respublikada yuqori texnologiyali, eksportbop akkumulyator ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzavtosanoat” uyushmasining Jizzax akkumulyator zavodi ishlab chiqarish maydonlarida 1-ilovaga* muvofiq ishlab chiqarish dasturiga ega boʻlgan, Amerikaning “Eksayd” kompaniyasi texnologiyasi boʻyicha yiliga 1 mln dona qoʻrgʻoshin-kislotali startyor akkumulyator batareyalari ishlab chiqaradigan va 8 ming tonna qoʻrgʻoshin parchalarini qayta ishlaydigan “Uchquduq” Oʻzbekiston — Amerika qoʻshma korxonasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
2. Loyihaning 2-ilovaga* muvofiq asosiy koʻrsatkichlarga ega boʻlgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlansin:
* 2-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
akkumulyator ishlab chiqarishda tozalangan birlamchi qoʻrgʻoshindan, shuningdek foydalangan akkumulyatorlardagi qoʻrgʻoshin parchalarini qayta ishlab olingan ikkilamchi qoʻrgʻoshindan foydalanish;
ishlab chiqariladigan mahsulotning 50 foizini ekportga sotish.
3. Quyidagilar:
“Oʻzavtosanoat” uyushmasi, “Jizzaxakkumulyator” AJ va “Eksayd AB Grupp Ltd” kompaniyasi tomonidan ustav fondi 14,7 mln AQSH dollari boʻlgan, Amerika va Oʻzbekiston tomonining ulushi tegishli ravishda 51 va 49 foizdan taqsimlanadigan, 3-ilovaga* muvofiq ustav fondi tuzilmasiga ega boʻlgan “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasini tashkil etish boʻyicha taʼsis hujjatlari imzolanganligi;
* 3-ilova rus tilidagi matnida berilgan.
loyihani mablagʻ bilan taʼminlash:
asbob-uskuna va texnologiyalar qiymatining 85 foizi — AQSHning “Eksimbank”i sugʻurta qoplamasi ostida xorijiy bankning toʻlov muddati 10,5 yil boʻlgan kreditlari hisobiga;
asbob-uskuna va texnologiyalar qiymatining 15 foizi miqdoridagi avans toʻlov — “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasi ustav fondi mablagʻlari hisobiga;
foydalanishdan oldingi chiqimlar va rekonstruksiya qilish xarajatlari — “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasi ustav fondi mablagʻlari hamda tijorat banklari kreditlari hisobiga amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda xorijiy bankni tanlash boʻyicha tender oʻtkazsin va AQSH “Eksimbank”i sugʻurtasi bilan taʼminlash yuzasidan tegishli kredit bitimi tuzsin hamda qarz mablagʻlarni belgilangan tartibda “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasiga qayta moliyalashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi asbob-uskuna va texnologiyalar yetkazib berish yuzasidan “OʻeEksayd” qoʻshma korxonasi va “Eksayd AB Grupp Ltd” kompaniyasi oʻrtasidagi kontraktni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri ushbu loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan kreditlar boʻyicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini berishga vakil qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati boʻyicha yuridik xulosa bersin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasi ustav fondiga bino va inshootlar tarzida mol-mulk kiritish maqsadida “Jizzaxakkumulyator” AJ aksiyalari paketining belgilangan tartibda tarkibi oʻzgartirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi qoʻrgʻoshin-kislotali startyor akkumulyator batareyalari ishlab chiqaradigan hamda qoʻrgʻoshin parchalarini qayta ishlaydigan “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasi loyihasini, mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini har yili aniqlashtirgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yilgi va keyingi yillar Investitsiya dasturiga kiritsin.
14. “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasiga korxonani loyihalash va ishchi chizmalar boʻyicha qurishni ayni bir vaqtda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.
15. Belgilansinki, “OʻzEksayd” qoʻshma korxonasi uchun:
zarur miqdordagi qoʻrgʻoshinni va uning qotishmalarini, London Metallar Birjasi narxlari boʻyicha korxonaga yetkazib berishni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati;
qoʻrgʻoshin parchalari (metall fraksiyalari) yetkazib berishni “Oʻzikkilamchiranglimetall” aksionerlik jamiyati taʼminlaydi.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-oktabr,
453-son
