Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2090-son)
30.03.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 30-martda 2090-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) va Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni 10 kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) 2010-yil aprel-may oylarida notariuslar bilan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani qoʻllash masalalariga bagʻishlangan seminarlar oʻtkazsin.
5. Mazkur buyruq 2010-yil 1-iyundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hayʼatining 1997-yil 28-apreldagi 33/1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat notarial idoralarining notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2010-yil 30-mart,
64-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2010-yil 30-martdagi 64-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari (bundan keyingi oʻrinlarda notariuslar deb yuritiladi) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining (bundan keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) 23-moddasiga muvofiq notariuslar quyidagi notarial harakatlarni amalga oshiradi:
bitimlarni tasdiqlaydi;
vasiyatnomalarni tasdiqlaydi;
er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar beradi;
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyadi va taqiqni bekor qiladi;
merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻradi;
hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlaydi;
hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;
hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi;
koʻchmas mulk ochiq savdoda sotib olinganligi haqida guvohnoma beradi;
fuqaroning tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;
fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;
fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;
hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning arizalarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga topshiradi;
pul summalari va qimmatli qogʻozlarni depozitga qabul qilib oladi;
hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib oladi;
pul toʻlash uchun cheklarni taqdim etadi va cheklar boʻyicha pul toʻlanmaganligini tasdiqlaydi;
ijro xatlarini yozadi;
veksellarning protestlarini amalga oshiradi;
dengiz protestlarini amalga oshiradi;
notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlarini hamda reyestrlardan koʻchirmalarni beradi.
Notariuslar qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. Qonunning 5-moddasiga asosan notarius oʻz faoliyatida mustaqil boʻlib, bu faoliyatni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Notariusning va amalga oshirilayotgan notarial harakatlardan xizmat vazifasini bajarish munosabati bilan xabardor boʻlib qolgan shaxslarning oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilishi, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilishi taqiqlanadi.
Fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganida, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirigʻiga koʻra imzolagan fuqaro, hujjatni tarjima qilib bergan tarjimon (surdo tarjimon) va boshqalar ham oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilishi taqiqlanadi.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (hujjatlar) bu harakatlar kimning nomidan yoki kimning topshirigʻi bilan amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning oʻzigagina berilishi mumkin.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) sud, prokuratura, tergov organlarining talabiga binoan ular yuritayotgan ishlar munosabati bilan beriladi. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi. Fuqarolar mulkiga oʻtayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi maʼlumotnomalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda soliq organiga taqdim etiladi. Vasiyatnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar vasiyat qiluvchining vafotidan keyingina beriladi. Bitim predmeti boʻlgan obyektni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlov mavjud emasligi toʻgʻrisidagi kredit axboroti kredit byurosiga hamda bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektini boshqa shaxsga oʻtkazishning taqiqlanmaganligi va mazkur koʻchmas mulk obyektining xatlanmaganligi toʻgʻrisidagi axborot rieltorlik tashkilotiga ularning soʻroviga koʻra taqdim etiladi. Hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi talablar qaror yoki ajrim shaklida yoxud protsessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan boʻlishi shart.
Davlat notarial idorasidan talab qilib olingan hujjatlar albatta qaytarilishi shart.
Vasiyatnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vasiyat qiluvchining vafotidan keyin vasiyat va qonun boʻyicha merosxoʻrlariga yoki ularning qonuniy vakillariga oʻlim haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma taqdim etilganidan keyin beriladi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar amalga oshirilgan notarial harakatlarning maxfiyligini buzgan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
5. Qonunning 17-moddasiga muvofiq notarius quyidagi huquqlarga ega:
oʻziga murojaat qilgan barcha shaxslar uchun Qonunda nazarda tutilgan notarial harakatlarni amalga oshirish, notarial harakatni amalga oshirish joyi qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan hollar bundan mustasno;
bitim va arizalarning loyihalarini tuzish, hujjatlarning nusxalarini va ulardan koʻchirmalarni tayyorlash, shuningdek notarial harakatlarning amalga oshirilishiga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
jismoniy va yuridik shaxslardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish.
davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni soʻrash hamda olish;
jismoniy va yuridik shaxslar nomidan tegishli davlat organlariga mol-mulkka boʻlgan huquqlarni va hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshirish uchun, shuningdek hujjatlarning chet elda amal qilishi uchun mazkur organlar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlarni olgan holda hujjatlarni legallashtirish uchun murojaat qilish.
6. Qonunning 18-moddasiga muvofiq notariusning majburiyatlari quyidagilardir:
jismoniy va yuridik shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashish, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berish;
tomonlar taqdim etgan bitimlar loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirib berish, ushbu bitimlar mazmuni tomonlarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshirish;
yuridik jihatdan bexabarlik jismoniy va yuridik shaxslar zarariga foydalanilmasligi uchun amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari haqida ularni ogohlantirish;
qonun hujjatlariga mos kelmaydigan notarial harakatni amalga oshirishni rad etish;
notarial harakatlarni amalga oshirish vaqtida fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, zarur chora-tadbirlar koʻrilishi uchun tegishli tashkilotlarga yoki prokurorga bu haqda xabar qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda uch yilda kamida bir marta oʻz kasbiy malakasini oshirishi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash va ijara haqining miqdori toʻgʻrisidagi, meros yoki hadya tartibida fuqarolar mulkiga oʻtayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi maʼlumotnomalarni davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi;
sud, prokuratura, tergov organlari talabiga binoan mazkur organlarning yurituvida boʻlgan ishlar bilan bogʻliq notarial harakatlarni amalga oshirganlik toʻgʻrisida maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) berishi;
bitim predmeti boʻlgan obyektni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlov mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni (maʼlumotlarni) kredit byurolarining soʻroviga koʻra taqdim etish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni (maʼlumotlarni) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish.
Notarius oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni toʻliq va har tomonlama oʻrganishi, zarurat tugʻilganda ularni qayta tekshirishi lozim.
7. Qonunning 11-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon boʻlsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
Agar notarial harakat murojaat qilgan shaxs tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni notarius yoki murojaat qilgan shaxs tanigan tarjimon tomonidan ogʻzaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga kim tomonidan tarjima qilinganligi va matn mazmuni tushuntirilganligi haqida notarius tomonidan yozib qoʻyilishi, imzolanishi va muhr qoʻyilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs oʻzi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini toʻliq yozib, imzo qoʻyadi.
II-bob. Notarial harakatlarni amalga oshirishning umumiy qoidalari
8. Har bir fuqaro yoki yuridik shaxs notarial harakatlarni amalga oshirish uchun xohlagan notariusga murojaat qilishga haqlidir, Qonunning 37, 44, 51, 52, 59, 62, 63, 74, 82 va 93-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
9. Notarial harakatlar davlat notarial idoralarining binolarida amalga oshiriladi. Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga koʻra davlat notarial idorasiga bora olmaydigan ayrim hollarda yoki yuridik shaxs tomonidan taklif qilinganda, notarial harakatlar davlat notarial idorasi binosidan tashqarida, yaʼni mazkur fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud uning vakili joylashgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Notarial harakatlar davlat notarial idorasi binosidan tashqarida bajarilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida va notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestrida (bundan keyingi oʻrinlarda reyestr deb yuritiladi) notarial harakat amalga oshirilgan joyning manzili koʻrsatiladi.
10. Notarial harakatlar haq toʻlanganidan soʻng zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi.
Notarial harakatni amalga oshirish qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur boʻlganida kechiktirilishi mumkin.
Notarial harakatlarni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatlarni amalga oshirishga eʼtiroz bor-yoʻqligini soʻrash zarur boʻlganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning talabiga koʻra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi.
Manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra notarial harakatni amalga oshirish koʻpi bilan oʻn kun muddatga kechiktirilishi mumkin. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan maʼlumot olinmasa, notarial harakat amalga oshirilishi lozim.
Bir manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashayotgan boshqa manfaatdor shaxsdan ariza tushganligi toʻgʻrisida suddan maʼlumot olingan taqdirda notarial harakatni amalga oshirish mazkur ish sudda hal boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
Qonun hujjatlarida notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirish va toʻxtatib turishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
11. Notarius notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qiluvchilarning (ularning qonuniy vakillarining, shuningdek vasiy va homiylarining) va yuridik shaxs vakillarining shaxsini aniqlaydi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qiluvchi fuqarolarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsi — milliy pasport;
16 yoshga toʻlmagan fuqarolarning shaxsi — tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
harbiy xizmatchilarning shaxsi — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
xorijiy fuqarolarning shaxsi — ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy fuqarolar tegishli ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinishi lozim) yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.
12. Bitimlar tasdiqlab berilayotganida ularda ishtirok etayotgan fuqarolarning muomala layoqati belgilangan tartibda aniqlanadi va yuridik shaxslarning huquq layoqati tekshiriladi. Bitim vakil tomonidan tuzilgan taqdirda uning vakolati ham tekshiriladi.
Notarius tomonidan fuqarolarning muomala layoqati ular bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlanadi.
13. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan keyingi oʻrinlarda Fuqarolik kodeksi deb yuritiladi) 43-moddasiga muvofiq quyidagi hujjatlar yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari boʻlib hisoblanadi:
ustav;
taʼsis shartnomasi va ustav;
taʼsis shartnomasi;
nizom.
Yuridik shaxsning huquq layoqatini, uning organlarining yoki vakillarining vakolatini tekshirishda, uning tashkiliy-huquqiy shakliga eʼtibor berish zarur.
14. Notarial tasdiqlanadigan bitim, ariza va boshqa hujjatlar notarius ishtirokida imzolanadi.
Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, bitim, ariza yoki boshqa hujjatni uning topshirigʻiga koʻra uning oʻzi va notarius hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga yozib qoʻyilishi lozim.
Agar notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, koʻzi ojiz boʻlsa yoki qandaydir sabablar tufayli koʻzi yaxshi koʻra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli bitim, ariza va boshqa hujjatlarni oʻqiy olmasa, notarius unga hujjat matnini ovoz chiqarib oʻqib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
Notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz boʻlsa, notarial harakatni amalga oshirish paytida u bilan muomala qila oladigan va bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini oʻz imzosi bilan tasdiqlovchi surdo tarjimon hozir boʻlishi shart.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan hamda muomala layoqatiga ega boʻlgan savodli fuqaro notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilsa, bitim, ariza yoki boshqa hujjat uning oʻzi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan, muomala layoqatiga ega boʻlgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro oʻz imzosi bilan bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmunini oʻzining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini notarius bilan yozma ravishda bildiradigan boʻlsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar bitim, ariza yoki boshqa hujjatlar bilan birga tikib qoʻyiladi.
Agar notarius tegishli tillarni bilmasa, hujjat tarjimon tomonidan tarjima qilinadi va notarius uning hujjatga qoʻygan imzosining haqiqiyligini shahodatlaydi.
Notarius, basharti tegishli tillarni bilsa, bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlaydi.
Tarjimon yoki surdo tarjimon hujjat tarjimasini notoʻgʻri yoki yolgʻon tarjima qilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida notarius tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida koʻrsatiladi.
15. Qonunning 17-moddasiga muvofiq notarius jismoniy va yuridik shaxslardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilganda, notarius koʻrsatgan muddatda taqdim etilishi kerak. Bu muddat bir oydan koʻp boʻlmasligi kerak.
Notarius davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni soʻrab olishga haqli.
151. Notarial harakatlarni amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlaridan davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda mavjud boʻlgan hujjatlarni va axborotlarni, shu jumladan soliq qarzdorligi yoki kommunal toʻlovlar boʻyicha qarzlarning mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarning, tadbirkorlik subyekti taʼsis hujjatlarining, litsenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarning nusxalari talab qilinmaydi.
Tadbirkorlik subyektlarining notarial harakatlarni amalga oshirish yuzasidan murojaatlari mavjud boʻlganda notariuslar davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlarni va axborotlarni oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladilar.
Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va axborotlar mavjud boʻlgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan davlat notarial idoralari ushbu hujjatlar va axborotlarni (arxiv maʼlumotnomalari bundan mustasno) idoralararo soʻrov olingan vaqtdan boshlab bir ish kuni mobaynida taqdim etishlari shart.
Davlat xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va axborotlarning ushbu hujjatlar va axborotlar mavjud boʻlgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan idoralararo soʻrov boʻyicha taqdim etilmasligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmasligi tadbirkorlik subyektiga davlat xizmati koʻrsatishni, xususan, notarial harakatni amalga oshirishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
Notarius notarial harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarni idoralararo soʻrov orqali olingan hujjatlar va axborotlarning mazmuni haqida xabardor qilishi va bu haqda tasdiqlovchi yozuvda koʻrsatishi zarur.
16. Notariuslar oʻz nomiga va oʻz nomidan, xotini (eri) nomiga hamda uning nomidan, xotinining (erining) va oʻzining qarindosh-urugʻlari (ota-onasi, bolalari, nabiralari, tugʻishgan aka-uka va opa-singillari), ular bilan vasiylik va homiylik tufayli bogʻlangan shaxslar nomiga hamda ularning nomidan, shuningdek mazkur davlat notarial idorasining xodimlari nomiga va ularning nomidan notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.
Bunday hollarda notarial harakatlar boshqa davlat notarial idorasida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlariga muvofiq notarial harakatlar muayyan davlat notarial idorasida bajarilishi kerak boʻlgan hollarda notarial harakatni amalga oshirish joyi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan keyingi oʻrinlarda hududiy adliya boshqarmalari deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
17. Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun hujjatlar quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
qirib oʻchirilgan yoki qoʻshimchalar kiritilgan, soʻzlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari boʻlgan, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlar;
bir necha varaqlarda bayon etilib, varaqlari raqamlanmagan va ip oʻtkazib tikilmagan hujjatlar, hujjatni bergan tashkilot mansabdor shaxsining imzosi va muhri boʻlmagan hujjatlar;
faksimile imzo muhri qoʻyilgan hujjatlar.
18. Notarial tasdiqlanadigan bitim, ariza va boshqa hujjatlarning matni aniq va ravshan yozilgan boʻlishi lozim, bitim, ariza va hujjatning mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech boʻlmaganda bir marta soʻz bilan, bitim, ariza va boshqa hujjatning matnida baholar koʻrsatilsa, raqam hamda soʻz bilan yozilishi, yuridik shaxslarning nomlari esa — ularning organlari joylashgan yerlarini (pochta manzilini) koʻrsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi, zarur hollarda esa bankdagi hisob raqam va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (bundan keyingi oʻrinlarda STIR deb yuritiladi) koʻrsatilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) manzili toʻliq koʻrsatilgan holda yozilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda chet el fuqarolari qatnashayotgan boʻlsa, ularning fuqaroligi ham koʻrsatib oʻtilishi kerak.
19. Hujjatdagi qoʻshimcha va tuzatishlar tegishli shaxslarning (bitim ishtirokchilarining hamda bitimni, arizani va boshqa hujjatlarni imzolagan boshqa shaxslarning) imzosidan oldin izohlanishi va tasdiqlovchi yozuvning oxirida notariusning imzosidan oldin takroran izohlanishi, notariusning imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvdagi tuzatishlar notariusning imzosidan oldin izohlanishi va imzosi hamda muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Bunda, tuzatishlar shunday qilinishi kerakki, oʻchirilgan barcha soʻzlarni va raqamlarni boshlangʻich matnda oʻqish imkoni boʻlishi lozim.
Notarius tomonidan hujjatning nusxasini shahodatlantirishda, hujjat notoʻgʻri yoki imlo xatolari bilan yozilgan boʻlsa yoxud unda izoh berilmagan tuzatishlar mavjud boʻlsa yoki hujjatning rekvizitlari toʻliq yozilmagan boʻlsa, notarius murojaat qilgan shaxsga hujjatdagi kamchiliklarni tuzatib kelishni yoki hujjatni takroran olishni tavsiya qiladi.
Notarius oʻz tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaxslarning iltimosiga koʻra notarial tasdiqlab berilgan hujjatga uning mohiyatini oʻzgartirmaydigan qoʻshimchalarni kiritishi yoki uning aniq arifmetik xatolarinigina tuzatishi mumkin.
20. Murojaat qiluvchining iltimosiga koʻra hujjat loyihasi notarius tomonidan yoki notariusning topshirigʻi asosida yordamchisi va (yoki) stajori tomonidan ham tuzilishi mumkin.
21. Notarial tasdiqlanayotgan yoki shahodatlantirilayotgan bitim, ariza va boshqa hujjatlar bir necha alohida varaqlarda bayon etilgan taqdirda, ular ip oʻtkazib tikiladi, varaqlari esa raqamlanadi hamda notarial idoraning muhri qoʻyilgan holda notariusning imzosi bilan tasdiqlanadi.
22. Merosga boʻlgan huquq, mulk huquqi tasdiqlanganda, fuqaroning tirik ekanligi va muayyan joyda ekanligi faktlari, fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligi tasdiqlanganda, saqlash uchun hujjatlar qabul qilib olinganida, koʻchmas mulkni ochiq savdoda sotib olinganida tegishli guvohnomalar beriladi.
Ariza bergan shaxsning iltimosiga koʻra ham unga arizaning topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi.
23. Bitimlarni tasdiqlashda, hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga qilingan tarjimasi toʻgʻriligini tasdiqlashda, hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlashda tegishli hujjatlarga tasdiqlovchi yozuvlar yoziladi hamda notarius tomonidan imzolanib, muhr bosiladi.
24. Tasdiqlovchi yozuvning matni texnik vositalarda (kompyuterda yoki yozuv mashinkasida) oʻchirilmasdan aniq yozilishi shart. Ochiq joylarga chiziq tortib qoʻyilishi, yozuvlar va boshqa tuzatishlar ushbu Yoʻriqnomaning 19-bandi asosida izohlanishi kerak.
Tasdiqlovchi yozuvlarini amalga oshirish uchun tegishli yozuv matni boʻlgan shtamplar ishlatilishi mumkin.
Tasdiqlovchi yozuv tegishli hujjatga sigʻmagan taqdirda, u hujjatga biriktirib qoʻyilgan alohida qogʻoz varagʻida davom ettirilishi yoki toʻla bayon etilishi mumkin. Bunda hujjat matni bayon etilgan varaqlar va tasdiqlovchi yozuv varaqlari ip oʻtkazib tikiladi, raqamlanadi va notariusning imzosi bilan tasdiqlanib, muhr bosiladi.
25. Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar reyestrda roʻyxatga olinadi va “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda Tizim deb yuritiladi) kiritiladi. Reyestrdagi yozuvlar qalam bilan yozilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
Har bir notarial harakat alohida tartib raqami bilan roʻyxatga olinadi. Reyestrda qayd etilgan notarial harakat raqami notarius tomonidan tasdiqlanadigan yoki beriladigan hujjatning tasdiqlovchi yozuvda koʻrsatiladi.
Reyestrdagi tartib raqamlarining raqamlanishida xatolikka yoʻl qoʻyilsa, alohida maʼlumotnoma tuzgan holda, u notariusning imzosi va muhri bilan reyestrga yelimlanib qoʻyiladi.
Reyestrdagi yozuvlarda xatolikka yoʻl qoʻyilganda mazkur Yoʻriqnomaning 19-bandiga rioya qilgan holda tuzatishlar kiritiladi.
Bitta hujjatning bir nechta nusxasi toʻgʻriligi shahodatlantirilganda, ular bitta reyestr raqami bilan qayd etiladi va tasdiqlovchi yozuvda hujjatning nechta nusxada tasdiqlanganligi koʻrsatiladi.
Reyestrning tartib raqamlari har bir kalendar yil boshida birinchi tartib raqamidan boshlanadi.
Reyestrlar ip oʻtkazib tikilishi va ularning varaqlari raqamlanishi lozim. Varaqlarning soni hududiy adliya boshqarmalarining boshliqlari yoki ularning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
26. Tasdiqlanib berilayotgan hujjat tegishli davlat boji toʻlanib, taraflar (taraf) tomonidan imzolanganidan soʻng notarius tomonidan imzolanib, muhr qoʻyiladi va reyestrda qayd etiladi. Reyestrga yozuvlar davlat notarial idorasining vakolat berilgan boshqa xodimi tomonidan ham kiritilishi mumkin. Hujjatni olayotgan shaxs reyestrga familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozadi va imzolaydi.
Shahodatlantirilib berilayotgan hujjat tegishli davlat boji toʻlanib, hujjat muayyan shaxs tomonidan imzolanganidan yoki hujjatning toʻgʻriligi tekshirilganidan soʻng notarius tomonidan imzolanib, muhr qoʻyiladi hamda notarius (notarial idoraning boshqa xodimi) tomonidan reyestrga qayd etiladi. Hujjatni olayotgan shaxs reyestrga familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozadi va imzo qoʻyadi.
27. Ikki yoki undan ortiq notarius faoliyat koʻrsatayotgan davlat notarial idoralarida har bir notarius uchun alohida reyestr tutilishi kerak. Bunday hollarda har bir reyestrga mustaqil indeks beriladi. Hujjatlardagi reyestr raqamlari quyidagicha qoʻyiladi: 1-1, 1-2, 2-1-sonli va hokazo. Bunda birinchi raqam indeks raqamini, ikkinchisi esa yozuvning tartib raqamini bildiradi. Har bir reyestrning indeks raqami yil davomida oʻzgartirilmay saqlanadi.
Notarial harakatlarning muayyan turlarini qayd etish uchun mustaqil reyestrlar yuritilgan taqdirda har bir reyestrning indeksiga tegishli notarial harakat nomiga muvofiq harf qoʻshiladi. Masalan, 1-N, 2-N, 3-I, 4-M-sonli. Bunda birinchi va ikkinchi reyestrlar hujjatlarning nusxalari toʻgʻriligini shahodatlantiruvchi yozuvlarni, uchinchisi — ijro yozuvlarini, toʻrtinchisi esa merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomalarni qayd etish uchun tutilganligini bildiradi.
Bunday reyestrlarga yozilgan hujjatlarning tartib raqamlari quyidagi tarzda belgilanadi: 1-N-1, 1-N-2-sonli va hokazo; 2-N-1, 2-N-2-sonli va hokazo; 3-I-1, 3-I-2-sonli va hokazo; 4-M-1, 4-M-2, 4-M-3-sonli va hokazo.
28. Notariuslar Qonunning 6-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga ularning yozma arizasiga muvofiq hamda sud, prokuratura, tergov organlarining qaror yoki ajrim shaklida yoxud protsessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan talabnomalariga asosan reyestrlardan koʻchirmalar (sud, prokuratura, tergov organlariga reyestrdan koʻchirmaning kseronusxasi) beradi. Reyestrlarning asl nusxalarini berish man etiladi.
29. Notarius tomonidan tasdiqlangan yoki berilgan, nusxalari notarial idoraning yigʻmajildlarida saqlanayotgan hujjatlar yoʻqolgan taqdirda, nomidan yoxud topshirigʻiga binoan notarial harakatlar bajarilgan jismoniy va yuridik shaxslarning yoki ular qonuniy vakillarining yozma arizasiga koʻra yoʻqolgan hujjatlarning dublikatlari beriladi. Notarius Qonunning 26-moddasida sanab oʻtilgan mansabdor shaxslar tomonidan davlat notarial idoralariga yuborilgan vasiyatnomalardan ham ular yoʻqolgan taqdirda dublikatlar beradi.
Arizalardagi imzolar notarial tartibda shahodatlantiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga berilgan ishonchnomalar matnida hujjatning dublikatini olish vakolati koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Hujjat dublikatida tasdiqlangan va berilgan asl hujjatning toʻliq matni boʻlishi shart. Hujjatlarning kseronusxalari uning asl (nusxasi) va dublikati oʻrnini bosa olmaydi.
Hujjat dublikatiga belgilangan shakldagi tasdiqlovchi yozuv qayd etiladi.
Notarius tomonidan tasdiqlangan yoki berilgan hujjatlarning dublikatlari jismoniy va yuridik shaxslarning merosxoʻrlaridan (huquqiy vorislaridan) biriga berilishi mumkin.
Vasiyatnomaning dublikati vasiyat qiluvchiga, u vafot etganidan keyin esa vasiyatnomada koʻrsatilgan yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlarga yoxud ularning vakillariga vasiyat qiluvchining oʻlim haqidagi guvohnomasi taqdim etilganidan keyin beriladi.
Vasiyatnomada koʻrsatilgan merosxoʻrlar vafot etgan taqdirda, vasiyatnomaning dublikati vasiyat qiluvchining va oʻzlaridan oldingi merosxoʻrning (merosxoʻrlarning) oʻlim haqidagi guvohnomasini (notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma nusxasini) yoxud oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirmani, zarur hollarda merosxoʻrlarning merosni qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini (agar bu hujjatlar ilgari taqdim etilmagan boʻlsa) tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan merosxoʻrlarga beriladi.
30. Notarial harakatlarni amalga oshirishga asos boʻlgan hujjatlar bitimning notarial idorada qoldiriladigan nusxasiga, merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomaga va boshqa notarial harakatlarda esa hujjatning nusxasiga notarial idora yigʻmajildlarida saqlanishi uchun qoʻshib qoʻyiladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillarining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi reyestrga yozib qoʻyilgach, qaytarib beriladi.
31. Quyidagi hollarda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari davlat notarial idorasida qoldirilmaydi:
agar mulkdor oʻziga qarashli uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini toʻla tasarruf etmagan taqdirda, shuningdek mulkdorlar uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini (umumiy hujjat asosida tegishli boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini ulardan biri oʻziga tegishli ulushini yoki ulushidan bir qismini) tasarruf etish toʻgʻrisidagi bitimlar tasdiqlanganda;
umumiy ulushli mulk qatnashchilari oʻrtasida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining aniq qismini belgilash, oʻzgartirish yoki ular oʻrtasida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidan foydalanish tartibini belgilash toʻgʻrisidagi shartnomalar tasdiqlanganda;
ijara shartnomalari tasdiqlanganda;
garov (ipoteka) shartnomalari tasdiqlanganda;
marhum erdan (xotindan) keyin xotinning (erning) arizasiga koʻra umumiy mol-mulkdagi ulushga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berilganda;
er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar berilganda;
yuridik shaxsning ustav fondiga (kapitaliga) koʻchmas mulk va avtomototransport kiritilganda;
avtomototransport vositalarini tasarruf etish shartnomalari tasdiqlanganda;
mulkiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
Notarial harakatni amalga oshirish uchun notarius tomonidan talab qilib olingan yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlarning, ular vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning (aniq bitimni tuzish uchun berilgan ishonchnomalardan tashqari) asl nusxalari notarial idorada olib qolinmaydi.
Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarning nusxalari ularga notariusning “asliga toʻgʻri” degan ustxati yozilib, olib qolinadi.
Mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida keltirilgan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining yer maydoni yoki uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlari oʻrtasida farq mavjud boʻlsa, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga huquq belgilovchi hujjatlar notarial idorada qoldiriladi.
32. Taqdim etilgan hujjatning aynanligiga shubha tugʻilsa, notarius bu hujjatni olib qolib, uni ekspertizaga yuborishga haqlidir.
Notarius hujjatni ekspertizaga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va unda qaror chiqarilgan sana, qaror chiqargan notariusning familiyasi, ismi va otasining ismi, notarial idoraning nomi, hujjatning nomi, u kimning nomiga berilganligi, notarial harakatni amalga oshirish uchun hujjat kim tomonidan taqdim etilganligi (familiyasi, ismi, otasining ismi, turar joyi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat, yuridik shaxs boʻlsa uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), STIRi), hujjatni ekspertizaga yuborish zaruratini keltirib chiqargan holatlar, hujjat ekspertiza qilinishi uchun qayerga (qaysi ekspertiza muassasasiga) yuborilayotganligi va ekspertiza hal etishi uchun qoʻyilayotgan savollar koʻrsatiladi.
33. Notarius quyidagi hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi, agar:
bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid boʻlsa;
bu harakat boshqa notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak boʻlsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari boʻlmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa;
yuridik shaxs nomidan amalga oshiriladigan bitim uning ustavida yoki nizomida koʻrsatilgan maqsadlarga zid boʻlsa;
bitim qonun talablariga muvofiq boʻlmasa;
notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmasa.
Taqdim etilgan hujjatlarning qalbakilashtirilganligi yaqqol koʻrinib turgan boʻlsa yoki bunga shubha tugʻdiruvchi yetarli asoslarning mavjudligi, shuningdek murojaat etuvchi shaxs tomonidan uni identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilmaslik holatlari ham notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida notarius murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi hamda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsga beradi.
Rad etish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
qaror chiqarilgan sana, qaror chiqargan notariusning familiyasi, ismi va otasining ismi, notarial idoraning nomi;
notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, turar joyi, agar yuridik shaxs boʻlsa, uning toʻliq nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) va STIRi;
murojaat qiluvchi qanday notarial harakatni amalga oshirishni soʻraganligi;
notarial harakatni amalga oshirishni rad etishga sabab boʻlgan holatlar (qonun hujjatlariga asoslangan holda);
shikoyat qilish muddati va tartibi.
34. Notarius notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar boʻyicha davlat boji undiradi.
Notarius notarial harakatni amalga oshirish uchun oʻz ish joyidan boshqa joyga borganida manfaatdor jismoniy yoki yuridik shaxslar uning haqiqatda qilingan transport xarajatlarining oʻrnini qoplaydi.
Notariusga murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan notarius oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haq undiriladi.
341. Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarga notarial harakatlar uchun undiriladigan davlat boji, gerb yigʻimi hamda huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun toʻlovlar boʻyicha kvitansiyalar Tizim orqali chiqarib beriladi.
Notarial harakatlar toʻlovlar amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumotlar Tizimga kelib tushgandan soʻng amalga oshiriladi.
Toʻlovlar amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali chop etiladi va hujjatlar yigʻmajildiga tikiladi.
35. Notarius yoʻl qoʻygan xatosi natijasida oʻzi amalga oshirgan notarial harakatning notoʻgʻriligini bilib qolgan taqdirda, u ana shu notarial harakatni belgilangan tartibda bekor qilish choralarini koʻrish uchun bu haqda prokurorga xabar qilishga majbur. Notarius prokurorni xabardor qilganligi toʻgʻrisida tegishli hududiy adliya boshqarmalarini xabardor qiladi.
351. Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirishda audio, video va foto qurilmalardan foydalanishlari mumkin. Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslar bu haqda ogohlantiriladi.
352. Notariuslar notarial harakatlarni rasmiylashtirish jarayonida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda Tizim deb yuritiladi) foydalanadilar.
352. Notariuslar notarial harakatlarni rasmiylashtirish jarayonida Tizimdan foydalanadilar.
Tizim notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlarni avtomatlashtirish, koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan.
353. Tizim imkoniyatidan kelib chiqib, unga amalga oshirilgan notarial harakatlar, bitimlar bekor boʻlganligi yoki ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritiladi.
354. Taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idorasiga qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlash hamda ularni olib tashlash huquqiga ega organlar va mansabdor shaxslar tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlash yoxud uni bekor qilish haqida xabarlar belgilangan tartibda yuborilsa, ushbu xabarlarning davlat notarial idorasiga kelib tushgan aniq vaqti (soat, daqiqa) haqida Hujjatlarning kirim daftarida qayd etiladi.
Qonunning 31-moddasiga asosan manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra notarial harakatni amalga oshirish oʻn kun muddatga kechiktirilganda, ushbu muddat ichida mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash haqida notarius tomonidan Tizimga maʼlumot kiritiladi. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan maʼlumot olinmasa, notarius tomonidan taqiq olib tashlanganligi haqida Tizimga maʼlumot kiritiladi va notarial harakat amalga oshiriladi.
Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlangan yoki xatlangan mol-mulk haqidagi maʼlumotlar zudlik bilan Tizimga kiritilishi lozim.
355. Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali tekshiriladi. Bunda, mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma chop etiladi va tegishli hujjatlar yigʻmajildi bilan birga tikiladi.
Jismoniy va yuridik shaxsning talabiga koʻra unga tegishli mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqida maʼlumotnoma beriladi.
356. Notarial tasdiqlangan ishonchnomaning bekor boʻlgan yoki boʻlmaganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali tekshiriladi.
357. Notariuslar tomonidan garov (ipoteka) shartnomalari rasmiylashtirilganda yoki taraflar oʻrtasida toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlashda, ushbu shartnomalarni (bitimlarni) tasdiqlagan notarius tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash haqidagi maʼlumotlar Tizimga kiritiladi.
III-bob. Notarial harakatlarning ayrim turlarini amalga oshirish qoidalari
1-§. Bitimni tasdiqlashning umumiy qoidalari
36. Notariuslar qonunga muvofiq notarial shaklda tasdiqlanishi majburiy qilib qoʻyilgan bitimlarni tasdiqlaydi. Tomonlarning xohishiga koʻra notarius boshqa bitimlarni ham tasdiqlashi mumkin.
37. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish va garovga (ipotekaga) qoʻyish toʻgʻrisidagi bitimlar boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan yoki garovga (ipotekaga) qoʻyilayotgan mol-mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi va boshqa hujjatlar taqdim etilgan taqdirdagina tasdiqlanishi mumkin.
Bitimlarni tasdiqlashda hujjatlarning kseronusxasi uning asl nusxasi va dublikati oʻrnini bosa olmaydi.
38. Notarius bitim ishtirokchisining muomala layoqatini aniqlash paytida shu bitim ishtirokchisining yoshini tasdiqlovchi hujjatni talab qiladi.
Notariusda bitim ishtirokchilaridan birining ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz xatti-harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydi yoki shu harakatlarni boshqara olmaydi deb yoxud spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik va psixotrop moddalarni isteʼmol qilishi oqibatida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyadi deb hisoblash uchun asosi boʻlsada (shubha tugʻdirsada), ammo shu fuqaroning muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmasa, u bitimni tasdiqlashni kechiktiradi va sudning shu shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topganligi toʻgʻrisidagi qarori bor-yoʻqligini aniqlaydi.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Notarius ushbu qarordan norozi tomonning sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishi lozim.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan boʻlsa, notarius notarial harakatni amalga oshirishda muomala layoqati cheklangan shaxs homiysining roziligini talab etadi.
39. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni Fuqarolik kodeksi 29-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin. Bunday bitimlarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi.
Vasiylik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uning vasiysi amalga oshiradi.
Vasiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu qoidalar ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) tomonidan oʻzlarining voyaga yetmagan bolalariga vasiylik, homiylik qiluvchilar sifatida tuziladigan bitimlarga ham tegishlidir.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar, Fuqarolik kodeksi 27-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilganlardan tashqari, bitimlarni oʻz ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday bitimlarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi.
Homiylik sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro bitimlarni homiyning roziligi bilangina amalga oshiradi.
Vasiy va homiy, ularning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylik va homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiy yoki homiyning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning vakili boʻlishga haqli emas.
Ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, homiylik va vasiylik qiluvchilar qandaydir sabablarga koʻra (xizmat safarida boʻlish, boshqa joyda yashashi va hokazo) bitimni tasdiqlashga rozilik bera olmasalar, bitim vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida tasdiqlanishi mumkin. Bu holda Oʻzbekiston Respublikasi “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasi talablariga rioya etiladi.
Bitimda voyaga yetmagan shaxs qatnashganda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ushbu voyaga yetmagan shaxsning rasmi yelimlab yopishtirilgan maʼlumotnoma talab etiladi. Ushbu maʼlumotnomadagi rasm ham fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati muhri bilan tasdiqlanadi.
40. Notarius bitimda ishtirok etayotgan yuridik shaxslarning huquq layoqatini tekshirish paytida yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari bilan tanishib chiqishi, shuningdek u qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini hamda amalga oshirilayotgan notarial harakatlar ularning taʼsis hujjatlariga muvofiq yoki muvofiq emasligini tekshirishi shart.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 18-son, 201-modda) 19-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlarida man etilmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli. Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari taʼsis hujjatlarida koʻrsatilmagan faoliyat turi bilan ham shugʻullanishi mumkin.
Bitim vakil tomonidan tuzilgan taqdirda, uning vakolati ham tekshiriladi.
Vakilning vakolati uning nomiga berilgan ishonchnoma va (yoki) vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo) bilan tasdiqlanadi.
Bitimda yuridik shaxsning rahbari bevosita ishtirok etganda, bitimga yuridik shaxsning muhri ham qoʻyiladi.
Notarius taʼsis hujjati boʻyicha bitimlar tuzish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxslarning rahbarlaridan bitimlar va boshqa harakatlarni bajarish uchun ishonchnoma talab qilmaydi. Bunday hollarda ularning mansab mavqeyini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Vakil tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma shubha tugʻdirgan taqdirda, notarius uni tasdiqlagan tegishli mansabdor shaxs (tashkilot) orqali tegishli ravishda tekshirishi lozim.
41. Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni bekor qilish haqidagi bitim asosiy bitimga qoʻshib qoʻyiladigan alohida hujjat tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bitim predmeti koʻchmas mulk boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi toʻgʻrisidagi belgilangan namunadagi maʼlumotnomasi (bundan keyingi oʻrinlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi deb yuritiladi) talab qilinadi hamda Tizim orqali koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi tekshiriladi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, tegishli maʼlumotnoma notarius tomonidan idoralararo soʻrov orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialidan olinadi.
Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni bekor qilish paytida, bu bitim tegishli Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialida qayd etilgan yoki qayd etilmaganligidan qatʼi nazar, notarius taraflarning oʻzaro xohish-irodasi (arizasi) asosida bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi alohida bitimni tasdiqlaydi. Arizalar reyestrda qayd etiladi. Agar bitimda bir taraf yoki ikkala taraf yuridik shaxs boʻlsa, bitimni bekor qilish vaqtida yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakliga qarab bitimni bekor qilish haqidagi qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyrugʻi va hokazo) va yozma xati olinadi. Bitimning barcha nusxalariga va reyestrga bitim bekor qilinganligi haqida yozib qoʻyiladi hamda unga notariusning imzosi va muhri qoʻyiladi.
Agar mulk er-xotinning birgalikdagi mulki boʻlsa, notarius ulardan ikkinchisining (mulk oluvchining) bitimni bekor qilishga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi (koʻchmas mulk boʻlgan holatda notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan) arizasini talab qiladi.
Notarius bitimni haqiqiy emas deb topganligi toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi (bundan keyingi oʻrinlarda sud hujjati deb yuritiladi)ni olgan taqdirda, bu haqda reyestrga va bitimning notarial idora yigʻmajildlarida saqlanadigan asl nusxasiga tegishli yozuv kiritadi, oʻz imzosi va muhrini qoʻyadi.
Notarius bitimni bekor qilish toʻgʻrisidagi alohida bitimni tasdiqlaganidan soʻng notarial idorada saqlanayotgan bitim predmetiga oid mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatning kseronusxasini qoldirib, asl nusxasini mulkdorga yoki uning merosxoʻrlariga yoxud vakillariga qaytarib beradi. Notarial idorada qolgan bitimning kseronusxasiga uning qaytarilganligi haqida hujjatni olgan shaxs imzo qoʻyadi. Bitimning asl nusxasi merosxoʻrlarga berilgan taqdirda, ularning merosxoʻr ekanligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar tekshiriladi va ularning kseronusxalari notarial idorada qoldiriladi.
42. Bitimlar bekor qilingan vaqtda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
43. Soliq kodeksi 342-moddasining birinchi qismi 1 va 2-bandlariga asosan davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganida va notarial harakatlarni amalga oshirish rad etilgan vaqtda davlat boji qaytariladi.
44. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlar, shuningdek ushbu bitimlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi bitim shu mulk joylashgan joydagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialiga yoki Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlariga (bundan keyingi oʻrinlarda DYHXX organlari deb yuritiladi) qayd etish uchun taqdim etilishi lozimligi haqida notarius tasdiqlovchi yozuvda taraflarga tushuntirganligi haqida koʻrsatib oʻtadi.
45. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim qilingan bitimlarning loyihalari yoki notarial idorada tuziladigan bitim va arizalarning loyihalari qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
Bitimlarning matnida (tegishliligiga qarab):
u qanday bitim ekanligi (bitimning nomi);
bitimni tasdiqlagan notarial idora joylashgan yerning (pochta manzilining) toʻliq nomi va notariusning ismi, familiyasi, otasining ismi;
bitim imzolangan sana soʻzlar bilan qayd qilinishi, taraflarning familiyalari, ismlari va otalarining ismlari toʻliq yozilishi, doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) manzillari haqidagi, yuridik shaxslarning nomlari hech boʻlmaganda bir marotaba toʻliq yozilishi hamda ularning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi va joylashgan yerlari (pochta manzili), shuningdek STIRi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, taraflar qarindosh boʻlsa, ularning qarindoshlik darajasi;
bitim taraflaridan biri chet el fuqarosi boʻlsa, uning fuqaroligi;
bitim predmeti, uning tarkibi va tavsifi;
bitim predmeti uni boshqa shaxsga oʻtkazuvchiga qaysi hujjatga asosan tegishli ekanligi va bu hujjatlarning kim tomonidan va qachon berilganligi yoki tasdiqlanganligi;
mulkka boʻlgan huquqni va u haqda tuziladigan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat haqidagi maʼlumot;
bitim predmeti boshqa shaxsga oʻtkazilishi taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi;
bitim predmetining inventar qiymati va taraflar tomonidan kelishilgan baho;
bitim predmeti uchun haq toʻlashning shakli va zarur hollarda muddatlari;
bitim predmetiga nisbatan uni oluvchida mulk huquqining vujudga kelishi;
bitim predmetiga nisbatan majburiyatlarni oluvchiga oʻtishi yoki boshqa holatlar;
taraflarning oʻzaro kelishuviga koʻra qonun hujjatlariga zid kelmaydigan huquq va majburiyatlarining oʻtishi haqidagi boshqa shartlar;
bitim predmeti uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boʻlganida, mazkur uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) shaxslarning roʻyxatini koʻrsatgan holda, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidan foydalanish yoki roʻyxatdan oʻchish muddati;
bitimda yuridik shaxsning rahbari ishtirok etsa, bitimga yuridik shaxsning muhri qoʻyilishi;
er-xotinning mulkni nikohga qadar olganligini aniqlashda nikohning qachon va qaysi FHDY boʻlimida qayd etilganligi haqidagi yozuv;
bitim predmetiga nisbatan mulk huquqining oʻtishi munosabati bilan qonun hujjatlari talablari tushuntirilganligi, bitim necha nusxada tuzilib imzolanganligi va mulkka nisbatan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozimligi;
bitimning mazmuni, ahamiyati notarius tomonidan tushuntirilganligi va taraflarning asl maqsadiga muvofiq kelishi oʻz aksini topishi kerak.
Bitimning barcha nusxalarini taraflar (ularning qonuniy vakillari, vasiy yoki homiylari) familiyalari, ismlari va otalarining ismlarini toʻliq yozib shaxsan imzolaydilar.
Bitimning barcha nusxalariga notarius tegishli tasdiqlovchi yozuvni yozib, reyestrga qayd qilingan tartib raqamini, undirilgan davlat boji miqdorini koʻrsatib imzolaydi va muhrini qoʻyadi.
Notarial tartibda tasdiqlanadigan bitim mazmuni bayon etilgan hujjat nusxalarining soni notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxslar tomonidan belgilanadi, lekin u bitimda qatnashuvchi tomonlar miqdoridan oshib ketmasligi kerak, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
2-§. Koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash
47. Koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlar yozma ravishda taraflar tomonidan imzolangan bitta hujjat tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
48. Fuqarolik kodeksining 110-moddasiga muvofiq koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq quyidagi bitimlar notarial tasdiqlanishi shart:
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlar;
korxonani sotish shartnomasi;
koʻchmas mulkni hadya qilish shartnomasi;
renta shartnomasi;
umrbod taʼminlash sharti bilan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga berish shartnomasi;
qonunlarda nazarda tutilgan boshqa bitimlar.
49. Koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitim matnida mazkur Yoʻriqnomaning 45-bandiga qoʻshimcha tarzda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtkazilganda, u joylashgan yer uchastkasining foydalanish maydoni;
shartnoma boʻyicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar, shu jumladan koʻchmas mulk tegishli yer uchastkasida yoki boshqa koʻchmas mulkning tarkibida qanday joylashganligini belgilash imkonini beradigan maʼlumotlar;
boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan koʻchmas mulkning bahosi.
491. Diplomatik vakolatxonani va vakolatxona boshligʻi qarorgohini joylashtirish uchun koʻchmas mulkni sotib olish haqidagi bitimlarni tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 8-maydagi 207-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 9-son, 47-modda) muvofiq diplomatik vakolatxona koʻchmas mulkni sotib olish niyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini oldindan xabardor qilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi.
50. Koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimni tasdiqlashda mazkur Yoʻriqnomaning 21 — 7-paragraflarida koʻrsatilgan qoidalarga amal qilinadi.
Mazkur Yoʻriqnomaning 532, 74, 78 va 80-bandlari talablari koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda tasdiqlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
21-§. Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda tasdiqlash
501. Koʻchmas mulklarni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash Toshkent shahrida — 2017-yil 1-iyuldan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 2018-yil 1-iyuldan eʼtiboran Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda mazkur paragrafda belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
502. Koʻchmas mulklarni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini tasdiqlash uchun ariza beruvchi davlat notarial idorasiga Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali elektron arizani bevosita toʻldirish yoʻli bilan yoki elektron arizani toʻldirish uchun koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan notarial idoraga oʻzi kelib murojaat qilishi mumkin.
Ariza beruvchi davlat notarial idorasiga oʻzi kelib murojaat qilganda, elektron ariza uning nomidan notarial idoraning xodimi tomonidan toʻldiriladi.
503. Elektron ariza toʻldirilgandan keyin soliqlar, kommunal xizmatlar (gaz taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish, issiqlik taʼminoti (markaziy isitish va issiq suv taʼminoti) boʻyicha xizmatlar) va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik, koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjudligi Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yoki Tizimda idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.
Soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjudligi aniqlansa, ariza beruvchiga qarzdorlik bartaraf etilganidan yoki taqiq va xatlash olib tashlanganidan keyin bitimni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilish huquqi borligi tushuntiriladi va uning talabiga koʻra yozma bildirishnoma beriladi.
Bunda ariza beruvchiga soliqlar, kommunal xizmatlar yoki elektr energiyasi boʻyicha aniqlangan qarzdorlikni notarial idorada, shu jumladan elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlashi mumkinligi tushuntiriladi. Ariza beruvchi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tezkorlik bilan Tizimda aks ettiriladi.
504. Soliqlar, kommunal xizmatlar (gaz taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish, issiqlik taʼminoti (markaziy isitish va issiq suv taʼminoti) boʻyicha xizmatlar) va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjud boʻlmasa elektron arizaga noyob raqam beriladi.
Notarial idorada Tizim orqali toʻldirilgan elektron arizaga noyob raqam berilganda elektron ariza toʻldirilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlov undiriladi.
Elektron arizaga noyob raqam berilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida taraflar ushbu Yoʻriqnomaning 508-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etgandan soʻng bitim notarial tartibda tasdiqlanadi.
505. Elektron arizaga noyob raqam Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olingan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida ariza beruvchi notarial idoraga kelishi mumkin.
506. Ariza beruvchi bitimni notarial tasdiqlash uchun elektron arizaga noyob raqam berilgan vaqtdan boshlab 10 kalendar kun ichida notarial idoraga keladigan kun va qulay vaqtni belgilagan holda notarius qabuliga oldindan yozilishi mumkin.
Ariza beruvchining xohishiga koʻra elektron arizaning noyob raqamini, notarial idoraga kelinadigan kun va vaqtni, notarial idoraning notariusi familiyasi, ismi va otasining ismini koʻrsatgan holda notarius qabuliga oldindan yozilganligi haqida unga yozma shaklda bildirishnoma beriladi.
Koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin notarial idoraga murojaat etilsa, elektron arizani toʻldirish qayta amalga oshiriladi.
507. Notariusga noyob raqam berilgan elektron ariza qogʻoz yoki elektron shaklda taqdim etilgan taqdirda, undagi maʼlumotlarning aktualligi notarius tomonidan Tizim orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.
Qogʻozda chop etilgan elektron ariza unda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlagan holda ariza beruvchi tomonidan imzolanadi va bitim boʻyicha hujjatlar bilan birga qoʻshib tikiladi.
508. Bitimni notarial tasdiqlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
noyob raqam berilgan elektron arizaning qogʻoz yoki elektron shakldagi nusxasi;
pasport yoki bitim taraflarining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
koʻchmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi;
xususiylashtirilgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishda — koʻchmas mulkni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslarning notarial tasdiqlangan roziligi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlaridan (Toshkent shahrida — “Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va maʼlumotlar berish markazi” davlat unitar korxonasidan) olingan xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
agar koʻchmas mulk birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan boʻlsa — erning (xotinning) notarial tasdiqlangan roziligi;
agar koʻchmas mulkning qurilishi tugallanmagan boʻlsa — mahalliy davlat hokimiyati organining qarori va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
agar koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa — garovga oluvchining roziligi;
agar vasiylikdagi (homiylikdagi) shaxs nomidan vasiy (homiy) shartnoma tuzsa — vasiylik va homiylik organining roziligi;
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs vakolatli organining qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuvchi kengashning qarori, buyruq va hokazolar);
Bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, shuningdek doimiy propiskaga ega shaxslar yoki vaqtinchalik hisobda turuvchi (vaqtincha propiska qilingan) shaxslarning pasportiga oid maʼlumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik orqali mustaqil oladilar.
22-§. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlash
509. Toshkent shahrida joylashgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boʻyicha oldi-sotdi, ayirboshlash, renta, umrbod taʼminlash sharti bilan oʻzgaga berish va hadya shartnomalarini, shuningdek Toshkent shahridagi turar joy yoxud turar joy boʻlmagan bino shaklidagi koʻchmas mulkni garovga (ipotekaga) qoʻyish, koʻchmas mulkdan (koʻchmas mulkning bir qismidan) voz kechish va koʻchmas mulkni oʻzgaga berishning boshqa usullarini notarial tasdiqlash, agar sotib oluvchi tomon Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega boʻlgan jismoniy shaxs hisoblansa (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlsa) amalga oshiriladi.
Bunda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning pasportida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan Roʻyxatning (keyingi oʻrinlarda Roʻyxat deb yuritiladi) 2, 5, 9 — 11-bandlari asosida yoki Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-fevraldagi 41-son qarori bilan tasdiqlangan Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish toʻgʻrisidagi nizomning ilovasidagi Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinish huquqiga ega boʻlgan shaxslar — chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining (keyingi oʻrinlarda Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati deb yuritiladi) 2, 3 va 6-bandlari asosida qoʻyilgan doimiy propiska shtampi mavjud boʻlsa, notarius ichki ishlar organining doimiy propiska borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasini talab qiladi.
Bunda notarius:
Roʻyxatning 2 va 5-bandlari yoki Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 2 va 3-bandlari asosida shaxsning pasportiga doimiy propiska shtampi qoʻyilganligiga uch yil toʻlganligini;
Roʻyxatning 9 — 11-bandlari yoki Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 6-bandi asosida doimiy propiska qilingan shaxslar bitim rasmiylashtirilgan kunga qadar Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarorining 1-ilovasida koʻrsatilgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining maʼlumotnomalari asosida uch yil davomida lavozimda boʻlganligini tekshiradi.
5010. Toshkent viloyatida joylashgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boʻyicha oldi-sotdi, ayirboshlash, renta, umrbod taʼminlash sharti bilan oʻzgaga berish va hadya shartnomalarini, shuningdek Toshkent viloyatidagi turar joy yoxud turar joy boʻlmagan bino shaklidagi koʻchmas mulkni garovga (ipotekaga) qoʻyish, koʻchmas mulkdan (koʻchmas mulkning bir qismidan) voz kechish va koʻchmas mulkni oʻzgaga berishning boshqa usullarini notarial tasdiqlash, agar sotib oluvchi tomon Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlgan jismoniy shaxs hisoblansa (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlsa) amalga oshiriladi.
Bunda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning pasportida Roʻyxatning 2, 5, 9 — 11-bandlari asosida yoki chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 2, 3 va 6-bandlari asosida qoʻyilgan doimiy propiska shtampi mavjud boʻlsa, notarius ichki ishlar organining doimiy propiska borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasini talab qiladi.
Bunda notarius:
Roʻyxatning 2 va 5-bandlari yoki Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 2 va 3-bandlari asosida shaxsning pasportiga doimiy propiska shtampi qoʻyilganligiga uch yil toʻlganligini;
Roʻyxatning 9 — 11-bandlari yoki Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxatining 6-bandi asosida doimiy propiska qilingan shaxslar bitim rasmiylashtirilgan kunga qadar Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarorining 1-ilovasida koʻrsatilgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlarining maʼlumotnomalari asosida uch yil davomida lavozimda boʻlganligini tekshiradi.
5011. Roʻyxatning 8-bandida nazarda tutilgan fuqarolar, yaʼni ilgari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilingan — oʻqishni, ishni, uzoq muddatli xizmat safarini tugatganidan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilganidan keyin doimiy yashash uchun tegishincha Toshkent shahriga va Toshkent viloyatiga qaytib kelgan fuqarolar uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotib olish maqsadida notariusga murojaat qilganda, notarius ichki ishlar organlarining doimiy propiska qilish huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasini talab qiladi.
Bunda ushbu maʼlumotnoma notarial idoraga ichki ishlar organlarining rasmiy aloqa yoʻllari orqali kelib tushgan boʻlishi lozim.
5012. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan jismoniy shaxs tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan koʻchmas mulkni sotib olish bitimlarini notarial tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish:
respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan qiymati eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan kam boʻlmagan yangi qurilgan koʻchmas mol-mulkni hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirgan holda sotib olganda;
yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan shartnoma tuzilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha qiymati 600 mln. soʻmdan kam boʻlmagan yangi qurilgan koʻchmas mol-mulkni hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida sotib olganda amalga oshiriladi.
Bunda yangi qurilgan koʻchmas mol-mulk deganda mulk huquqi tuman (shahar) hokimining qurilishi tugallangan binoni, inshootni, turar joyni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi komissiya dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran uch yil oʻtmagan mol-mulk tushuniladi.
5013. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan jismoniy shaxs tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan yangi qurilgan koʻchmas mulkni sotib olish bitimlarini tasdiqlashda, quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan qiymati eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan kam boʻlmagan koʻchmas mulk uchun pul mablagʻlarini sotuvchining bank hisobvaragʻiga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat, agar ushbu koʻchmas mulk bank krediti hisobiga sotib olinganda kredit shartnomasi, bundan koʻchmas mulk toʻlov majburiyati kechiktirilgan holda sotib olingan hollar mustasno;
yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan qiymati shartnoma tuzilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha 600 mln. soʻmdan kam boʻlmagan koʻchmas mulk uchun xorijiy valyutani Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli bankiga sotganligi haqidagi hamda ushbu xorijiy valyutani sotish orqali olingan milliy valyutadagi pul mablagʻlari sotuvchining bank hisobvaragʻiga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
5014. Mazkur Yoʻriqnomaning 5013-bandi ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan bitimlar taraflar oʻrtasida toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan tuzilgan taqdirda, ushbu bitimlarni tasdiqlagan notarius tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash haqidagi maʼlumotlar Tizimga kiritiladi.
Bunda mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga qoʻyilgan taqiq koʻchmas mulk uchun shartnomada nazarda tutilgan pul mablagʻlari sotuvchining bank hisobvaragʻiga toʻliq oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan taqdirda bekor qilinadi.
3-§. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlash
51. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlar mulk joylashgan hududdagi notarial idorada tasdiqlanadi.
52. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda notariuslar bu mulklar mulkdorga tegishliligini tekshiradi.
53. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boshqa shaxsga oʻtkazilayotganda, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat boʻlib quyidagilardan biri boʻlishi mumkin:
umrbod taʼminlash sharti bilan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga berish, oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan shartnoma;
notarial tasdiqlangan lizing shartnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga renta toʻlovi sharti bilan oʻtkazilishi nazarda tutilgan notarial tasdiqlangan renta shartnomasi;
merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma;
er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushiga mulk huquqi toʻgʻrisida berilgan guvohnoma;
sud qarori (hal qiluv qarori, ajrim va boshqalar) yoki davlat ijrochisining qarori yoxud davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan bino va inshootni berish dalolatnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi auksionda sotib olinganligini tasdiqlovchi auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boʻlinganligi toʻgʻrisidagi bitim;
mahalliy davlat hokimiyati organining qurilishi tugallangan binoni, inshootni, uyni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi komissiya dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi qarori;
tugatilayotgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan mol-mulkni uning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlash (boʻlish) toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan kelishuv;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini ochiq savdoda sotib olinganligi toʻgʻrisida guvohnoma;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa hujjatlar.
531. Oʻzbekiston SSRning qonun hujjatlari amal qilgan davrda bunyod etilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati organlarining kapital qurilish va keyinchalik foydalanish uchun yer uchastkalarini muddatsiz foydalanishga berish toʻgʻrisidagi qarorlari;
vakolatli organlarning binolar va inshootlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatlari, qarorlari, farmoyishlari;
notarial tasdiqlangan: oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, mulkni boʻlish, koʻchmas mulkni umrbod taʼminlash sharti bilan boshqaga oʻtkazish shartnomalari; imorat solish toʻgʻrisidagi, shaxsiy mulk huquqida uylarni qurish uchun yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi, yakka tartibdagi imorat soluvchilar uy-joy qurilishi jamoalariga uylarni qurish uchun yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi, er-xotin oʻrtasida uylarni boʻlish toʻgʻrisidagi shartnomalar;
shahar va tuman Xalq deputatlari kengashlari ijroiya qoʻmitalarining imoratlarga boʻlgan mulk huquqini tan olish (mavjud hujjatlar asosida) toʻgʻrisidagi qarorlari;
umumiy mulk boʻlgan imoratning tegishli ulushiga boʻlgan meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va mulk huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalar hamda uy kimoshdi savdosida xarid qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar;
binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari va ajrimlari yoki hakamlik sudining qarorlari;
inventarizatsiya-texnik materiallar, agar ularning matnida toʻgʻri rasmiylashtirilgan, uyga mulk huquqini belgilovchi hujjatga aniq ishora boʻlsa;
shartnomalarning dublikatlari, nusxalari yoki oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod taʼminlash sharti bilan boshqaga oʻtkazish bitimlari amalga oshirilganligi toʻgʻrisida, shuningdek meros qilib olish toʻgʻrisida guvohnoma hamda binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqining boshqaga oʻtganligini belgilovchi boshqa notarial hujjatlar berilganligi haqidagi notarial idoralarning reyestrlaridan koʻchirmalar.
532. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi boshqa shaxsga oʻtkazilayotganda, mazkur Yoʻriqnomaning 53 va 531-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga quyidagi hujjatlar ham taqdim etiladi:
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati aʼzolari tomonidan umumiy xarajatlarni qoplash uchun toʻlanadigan majburiy badallar, telefon aloqasi xizmati uchun toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar. Ushbu maʼlumotnomalar Toshkent shahrida — 2017-yil 1-iyuldan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 2018-yil 1-iyuldan eʼtiboran talab etilmaydi;
kommunal xizmatlar (gaz taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish, issiqlik taʼminoti (markaziy isitish va issiq suv taʼminoti) boʻyicha xizmatlar) va elektr energiyasi uchun toʻlanadigan majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (jismoniy shaxslarga tegishli uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi uchun);
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi oʻzgartirilganda, qayta qurilganda yoki buzilganda mahalliy davlat hokimiyati organining bu haqdagi qarori;
Binolar, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
soliqlar boʻyicha budjet oldida qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi (bundan keyingi oʻrinlarda davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi deb yuritiladi);
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan maʼlumotnoma;.
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi garovga qoʻyilgan boʻlsa, garovga oluvchining roziligi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi — toʻrtinchi va oltinchi — sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotnomalar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
54. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan yer uchastkasining yoki uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining haqiqiy maydoni mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatda koʻrsatilganidan koʻp boʻlsa, shuningdek uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining mulkdori ustki qavat qurgan, qoʻshimcha imorat qurgan yoki yashash xonasi boʻlmagan qismini qayta taʼmirlab, yashash xonasiga oʻzgartirgan boʻlsa yoki boshqacha tarzda oʻzgartirgan boʻlsa, notarius tuman (shahar) hokimining bu oʻzgarishlar toʻgʻrisida qarori va uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi komissiya dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi toʻgʻrisidagi qarorini taqdim etishni talab qiladi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, tuman (shahar) hokimining qarori notarius tomonidan tegishli tuman (shahar) hokimligidan idoralararo soʻrov orqali olinadi. Tuman (shahar) hokimining bunday qarori boʻlmaganda, yer uchastkasining maydoni yoki uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining maydoni mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat boʻyicha koʻrsatiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan yer uchastkasining yoki uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining haqiqiy maydoni mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatda koʻrsatilganidan kam boʻlsa, boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimda ularning maydoni “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining maʼlumotnomasi boʻyicha koʻrsatiladi.
55. Agar uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi taraflar oʻrtasidagi toʻlov majburiyatlarini keyinchalik, yaʼni bitimda koʻrsatilgan maʼlum muddatda amalga oshirish sharti bilan boshqa shaxsga oʻtkazilganda, notarius tomonidan taraflar oʻrtasidagi toʻlov va boshqa majburiyatlar amalga oshirilgunga qadar bitimda koʻrsatilgan muddatga uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq qoʻyiladi.
56. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi koʻrsatilganligidan qatʼi nazar, bu haqdagi maʼlumot Tizim orqali tekshirilishi lozim.
Taqiq va xatlov mavjud boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitim taqiq va xatlov olib tashlangandan keyin tasdiqlanadi.
Taqiq mavjud boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitim faqat kreditor bilan oluvchi shaxs qarzni oluvchining hisobiga oʻtkazishga rozi boʻlgan taqdirda tasdiqlanishi mumkin.
57. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini oluvchi taraf xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlganda, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlash mazkur Yoʻriqnomaning 53, 531 va 532-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar bilan bir qatorda ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda berilgan yashash guvohnomasi taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
571. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan koʻchmas mulkni boshqa shaxslarga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda mazkur Yoʻriqnomaning 3-bob 3-paragrafida koʻrsatilgan qoidalarga ham amal qilinadi.
59. Er (xotin)ning umumiy birgalikdagi mulki boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitim tuzish uchun xotinning (erning) uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazishga notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan yozma roziligi olinishi lozim.
Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazayotgan fuqaro eri yoki xotini yoʻqligi (beva ekanligi yoki boʻydoq) haqida yozma ariza taqdim etganda, notarius bitimning ikkinchi tarafini bu haqda tanishtiradi. U esa bu hol unga maʼlum ekanligini tasdiqlab, arizaga familiyasi, ismi, otasining ismini toʻliq yozib, imzo qoʻyadi. Ushbu holatni aniqlash uchun notariusga fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma yoxud bular haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirmalar asos boʻladi. Ushbu ariza uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazayotgan fuqaroning shaxsan oʻzi tomonidan beriladi, bitim vakil orqali tuzilgan taqdirda esa u tomonidan ishonchnoma beruvchining eri yoki xotini yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan holda vakildan bunday ariza olinadi.
60. Er (xotin)ni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisida sud hujjati mavjud boʻlgan hollarda notarius bitimni tasdiqlashi mumkin. Bu holda notarius Fuqarolik kodeksining 35-moddasi mazmunini bitim matnida koʻrsatib oʻtishi va taraflarga tushuntirishi lozim.
61. Nikoh qayd etilgunga qadar sotib olingan, meros tariqasida yoki hadya shartnomasi boʻyicha olingan, shuningdek nikoh davomida sotib olingan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi nikoh shartnomasiga asosan taqsimlab olingan boʻlsa yoki er-xotin oʻrtasidagi mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi sud hujjati yoxud notarial tartibda rasmiylashtirilgan kelishuv mavjud boʻlsa, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimni tasdiqlash uchun er yoki xotinning roziligi talab qilinmaydi.
62. Fuqarolik kodeksining 224-moddasiga muvofiq agar umumiy ulushli mulk ishtirokchisi uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining oʻziga tegishli boʻlgan ulushini boshqa shaxsga sotayotgan boʻlsa, umumiy ulushli mulkning qolgan ishtirokchilarining hammasiga imtiyozli sotib olish huquqiga ega ekanliklarini yozma ravishda bildirishi lozim.
63. Agar umumiy ulushli mulk boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi ishtirokchilaridan biri oʻz ulushini boshqa shaxsga sotayotgan yoki boshqacha tarzda haq evaziga boshqa shaxsga berayotgan boʻlsa, notarius sotuvchining yoki boshqa shaxsga boshqacha tarzda haq evaziga beruvchi ushbu niyati haqida boshqa qolgan mulkdorlarni oʻz ulushini boshqa shaxsga haq evaziga oʻtkazayotganligi toʻgʻrisida, ulushning narxini va sotishning boshqa shartlari toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilganligiga ishonch hosil qilmogʻi zarur.
Agar qolgan mulkdorlar imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechsalar yoki bu huquqni xabar qilingan kundan eʼtiboran bir oy davomida amalga oshirmasalar, sotuvchi oʻz ulushini har qanday shaxsga sotishga haqli boʻladi.
64. Umumiy ulushli mulk ishtirokchilarining uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining sotilayotgan ulushini (bu ulushni sotish bahosini va boshqa shartlarini koʻrsatilgan holda) imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizalari umumiy ulushli mulkning boshqa mulkdorlari xabardor qilinganining isboti boʻla oladi.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchilari imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizalaridagi imzolarining haqiqiyligi notariuslar yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantiriladi.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchilarining umumiy ulushli mulkdagi sotilayotgan ulushni imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechish haqidagi arizasi mazmunida ulush sotilayotgani, ulushning narxi va boshqa shartlaridan xabardor ekanliklari koʻrsatilishi shart. Umumiy ulushli mulkning qolgan mulkdorlari umumiy ulushli mulkdagi ulushni oldi-sotdi shartnomasi tasdiqlanayotgan notarial idoraga shaxsan oʻzlari kelib voz kechish arizasini bergan hollarda ushbu arizadagi umumiy ulushli mulk ishtirokchilari imzosining haqiqiyligini shahodatlash talab etilmaydi. Ushbu holda notarius uning shaxsini aniqlaydi, imzosining haqiqiyligini tekshiradi, bu haqda arizaga belgi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomini, uning raqamini, qachon va kim tomonidan berilganligini hamda tugʻilgan yilini koʻrsatadi.
Agar sotuvchining arizasi uning iltimosiga koʻra Qonunning 73-moddasiga asosan bitimni tasdiqlaydigan notarius tomonidan umumiy ulushli mulk ishtirokchisiga topshirilgan boʻlsa, uning bir nusxasi uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi oldi-sotdi shartnomasining notariusda qoladigan nusxasiga tikib qoʻyiladi.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchisidan javob olingan taqdirda, bu javob ham shartnomaning notariusda saqlanadigan nusxasiga tikib qoʻyiladi. Umumiy ulushli mulk uning ishtirokchilaridan biriga sotilsa, umumiy ulushli mulkning qolgan ishtirokchilarini bu haqda xabardor qilish talab etilmaydi.
65. Umumiy ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari mulkni imtiyozli sotib olish huquqidan voz kechgan yoki sotib olish niyati va shartlari toʻgʻrisida xabar qilingan kundan boshlab bir oy davomida bu huquqni amalga oshirmasalar, notarius uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining tegishli ulushini sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlaydi.
Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidagi ulushni boshqa shaxsga oʻtkazishda oldi-sotdi shartnomasi umumiy ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari doimiy propiskada boʻlmagan, yashamayotgan yoki ularning manzili nomaʼlum boʻlgan hollarda ham tasdiqlanadi. Mazkur hollarda sotuvchi ichki ishlar organlarining Manzil-maʼlumotlar byurosi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoxud xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan tegishli maʼlumotnomalarni notariusga taqdim etishi kerak.
Agar umumiy ulushli mulk boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining mulkdorlaridan biri vafot etgan boʻlsa, notarius sotuvchidan uning oʻlim haqidagi guvohnomasini talab qiladi. Notarius davlat notarial idorasidan umumiy ulushli mulk mulkdoriga nisbatan meros ishi ochilgan yoki ochilmaganligini tekshiradi. Meros ishi ochilib, merosxoʻrlar tarkibi aniqlangan taqdirda, ular notarial idoraga taklif qilinib, Fuqarolik kodeksining 224-moddasiga koʻra umumiy ulushli mulk mulkdori boʻlishligi va kelajakda imtiyozli huquqdan foydalanishligi toʻgʻrisida tushuntiriladi va ularning arizalari olinadi hamda arizadagi imzolarining haqiqiyligi notarial tartibda shahodatlantiriladi yoki notarius tomonidan sotuvchining arizasi uning iltimosiga koʻra Qonunning 73-moddasiga muvofiq imtiyozli sotib olish huquqiga ega boʻlgan merosxoʻrlarga topshiriladi.
66. Voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqaroga qarashli uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini yoki shu mulkdagi ulushni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlashda notarius ushbu Yoʻriqnomaning 39-bandiga rioya qiladi.
Agar voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslar nomiga uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi rasmiylashtirilgan boʻlsa, notarius bu haqda vasiylik va homiylik organlarini yozma ravishda xabardor qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasidagi talablarga rioya qilinadi.
67. Umumiy ulushli mulk ishtirokchilaridan bir nechasi sotilayotgan ulushni sotib olish istagini bildirsalar, sotib oluvchini tanlash huquqi sotuvchiga beriladi. Sotilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidagi ulush boshqa shaxsga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi asosiy hujjatga va Binolar, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga tegishli belgi kiritilib, unga notariusning imzosi va muhri qoʻyiladi.
68. Umumiy ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilari oʻrtasida umumiy ulushli mulk taqsimlangan va undan ulush ajratilgan holatda uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidagi ulushni boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitim matnida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining aniq qismlari bilan bir qatorda uning arifmetik ulushlari ham koʻrsatiladi.
69. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi mulkdori tomonidan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimda uning aniq qismlaridan foydalanish tartibi koʻrsatilishi mumkin.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchilaridan biri uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining oʻziga tegishli ulushini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim matnida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining aniq qismlaridan foydalanish tartibini umumiy ulushli mulkning ishtirokchilari oʻrtasida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidan foydalanish tartibi haqida tegishli bitim mavjud boʻlgan taqdirda yoki sudning uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining aniq qismlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlgan holdagina koʻrsatib oʻtishi mumkin.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchilari oʻrtasida umumiy mulkdagi uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi kelishuv uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining aniq qismlaridan (kvartiralar, xonalar, qavatlar va shu kabilardan) foydalanish tartibi koʻrsatilgan holda alohida bitim tuzish yoʻli bilan rasmiylashtirilishi mumkin. Bunday bitimlarni tasdiqlashda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi va umumiy ulushli mulk ishtirokchilari oʻrtasida umumiy mulkdagi uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi arizalari talab qilinadi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, ushbu maʼlumotnoma notarius tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialidan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
Bitim taraflariga Fuqarolik kodeksining 221-moddasi tushuntirilib, bu haqda bitimning matnida yoziladi.
Mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat koʻzdan kechirish uchun talab qilinadi va uning nusxasiga notariusning “asliga toʻgʻri” degan ustxati yozilib, olib qolinadi, asl nusxasi qaytariladi.
70. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga umumiy ulushli mulk huquqi mavjud boʻlgan holda undagi ulushni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlash paytida shu uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga boʻlgan umumiy ulushli mulk ishtirokchilari oʻrtasida ishtirokchilar ulushlariga muvofiq uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining alohida binolaridan (qismlaridan) foydalanish toʻgʻrisidagi bitimi notarial tasdiqlangan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialida qayd etilgan boʻlsa, notarius bu bitim ana shu ulushni sotib olayotgan shaxs uchun ham majburiy ekanligini tushuntiradi.
71. Ulushlarning miqdorini belgilash haqidagi yoki ulushlarning miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi kelishuv, agar uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatda ulushlarning miqdori koʻrsatilmagan yoki notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, asosiy bitimga qoʻshimcha kelishuv tuzish yoʻli bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
Agar ulushlarning oʻzgartirilishi umumiy ulushli mulk ishtirokchilaridan biri tomonidan qoʻshimcha qurilish (yonma-yon imorat qurish, bino ustiga qavat qurish va shu kabilar) yoki uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini buzish yoʻli bilan amalga oshirilgan boʻlsa, notarius tuman (shahar) hokimining bu oʻzgarishlar toʻgʻrisida qarori va uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisidagi komissiya dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi qarorini, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasini talab qiladi. Mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat tekshirilib, umumiy ulushli mulk ishtirokchisiga qaytarib beriladi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur qaror va maʼlumotnoma notarius tomonidan tegishli tuman (shahar) hokimligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialidan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining umumiy ulushli mulkka ega boʻlgan ishtirokchilaridan har birining ulushlari miqdorini belgilash yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlashda bu bitim tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozimligi toʻgʻrisida tasdiqlovchi yozuvda yoziladi. Bunda mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat (hujjatlar) nusxasi notarial idorada qoldiriladi, asl nusxasi (nusxalari) esa umumiy ulushli mulk ishtirokchilariga qaytariladi.
72. Fuqarolik kodeksining 218 va 224-moddalariga asosan, agar umumiy ulushli mulk ishtirokchisi oʻzining ulushini boshqa mulkka ayirboshlamoqchi yoki uni boshqacha tarzda haq evaziga oʻzga shaxsga berilganda, mazkur Yoʻriqnomaning 62—71-bandlarining qoidalari qoʻllaniladi.
Umumiy ulushli mulk boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismidagi ulush kimoshdi savdosida sotilganda, shuningdek hadya qilinganda yoki vasiyat qilib qoldirilganda yoxud boshqacha tarzda tekinga oʻzga shaxsga berilganda, imtiyozli sotib olish huquqining qoidalari qoʻllanilmaydi.
73. Qurib bitkazilmagan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitim mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa shaxsga oʻtkazishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlgan holda tasdiqlanishi mumkin.
74. Qurib bitkazilmagan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimni tasdiqlashda, quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
qurib bitkazilmagan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi mahalliy davlat hokimiyati organining qarori;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini oʻzgartirish, qayta qurish yoki buzishga mahalliy davlat hokimiyati organining qarori;
qurilishi tugallangan, ammo davlat komissiyasi tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan obyektlar roʻyxati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi, uchinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
75. Notarius uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini umrbod taʼminlash sharti bilan boshqa shaxsga berish shartnomasini tasdiqlashda, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlashning umumiy qoidalariga rioya qiladi. Ushbu shartnomani tasdiqlash paytida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga beruvchi shaxsning mehnatga layoqatsizligi (yoshi yoki sogʻligʻi boʻyicha) tekshirilib, bu haqda shartnoma matnida koʻrsatilishi lozim. Mazkur shartnomada uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga beruvchiga moddiy taʼminotning qanday turlari berilishi, ularni har oydagi pullik bahosi va uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining qiymati ham koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va moddiy taʼminotning qiymati taraflar kelishuviga binoan belgilanadi.
Shaxs voyaga yetmagan boʻlsa, u uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini umrbod taʼminlash sharti bilan boshqa shaxsga beruvchi boʻla olmaydi.
Umrbod taʼminlash sharti bilan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga berish shartnomasi Fuqarolik kodeksining 530 va 534-moddalari talablari asosida amalga oshirilishi va ularning mazmuni tushuntirilganligi shartnomada koʻrsatib oʻtilishi lozim.
76. Mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining davlat tashkilotlari tomonidan sotib olinishida, yuqori tashkilotlarining uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotib olishga ruxsati boʻlgan taqdirda, oldi-sotdi shartnomalari tasdiqlanadi.
77. Davlat tashkilotlariga qarashli uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi fuqarolar tomonidan sotib olinishi bilan bogʻliq shartnomalarni tasdiqlashda notarius tomonidan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi davlat tashkilotiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining kadastr hujjatlari yigʻmajildi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlarining roziligi;
baholovchi tashkilotning hisoboti.
Mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotnomalar Toshkent shahrida — 2017-yil 1-iyuldan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 2018-yil 1-iyuldan eʼtiboran notarius tomonidan Tizim orqali avtomatik tarzda olinadi.
78. Yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlash paytida notarius tomonidan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining kadastr hujjatlari yigʻmajildi;
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining qoldiq balans qiymati haqida yuridik shaxs rahbari va bosh hisobchisining imzosi qoʻyilgan maʼlumotnoma;
yuridik shaxsning sof aktivlari haqida maʼlumot;
yuridik shaxs vakolatli organining tegishli qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
vakilga berilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida roʻyxatda turuvchi shaxslar haqida maʼlumotnoma;
taraflar oʻrtasida hisob-kitob boʻlganligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya, toʻlov topshiriqnomasi, toʻlov majburiyati kechiktirilgan hollar bundan mustasno).
Mazkur bandning sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar yuridik shaxsga tegishli boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi yuridik shaxs taʼsischilarining umumiy majlis bayonnomasi yoki yagona taʼsischining qarori taqdim etilgan taqdirda talab etilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning uchinchi, toʻrtinchi, oltinchi, yettinchi va oʻn ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
79. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimni tasdiqlashda taraflarga Fuqarolik kodeksining 185-moddasi mazmuni tushuntiriladi va bu haqda bitim matnida koʻrsatiladi.
4-§. Xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash
80. Xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqalarga oʻtkazish bitimlarini tasdiqlashda fuqarolar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga mulk huquqini beruvchi davlat dalolatnomasi yoxud mahalliy davlat hokimiyati organining qarori yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining 1989-yil 21-iyundagi 203-son qaroriga muvofiq notarial tartibda tasdiqlangan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining oldi-sotdi shartnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismiga kadastr hujjatlari yigʻmajildi;
oilaning birgalikda yashovchi barcha voyaga yetgan aʼzolarining roziligi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismining xususiylashtirilishiga rozilik bergan shaxslarning notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi (agar xususiylashtirish “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinguniga qadar amalga oshirilgan boʻlsa, bunday rozilik talab etilmaydi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlaridan (Toshkent shahrida — “Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va maʼlumotlar berish markazi” davlat unitar korxonasidan) olingan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan maʼlumotnoma yoki uy daftari (nusxasi);
agar mazkur uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi nikoh davomida orttirilgan boʻlsa eri (xotinining) notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan roziligi;
xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini oluvchi taraf boʻlib xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻlganda, ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda berilgan yashash guvohnomasi;
81. Oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari amalga oshirilgandan soʻng, shuningdek mulk huquqi merosxoʻrlik tartibida oʻtgandan soʻng, boshqalarga berish yoki meros qilib qoldirish vaqtidan qatʼi nazar, uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi xususiylashtirilgan uy-joy maqomini yoʻqotadi.
5-§. Ayirboshlash shartnomasini tasdiqlash
82. Ayirboshlash shartnomasiga ayirboshlash mohiyatiga zid kelmaydigan oldi-sotdi shartnomasi haqidagi tegishli qoidalar tatbiq etiladi. Bunda har qaysi taraf almashtirish yoʻli bilan topshirish majburiyatini olgan tovarni sotuvchi va qabul qilish majburiyatini olgan tovarni sotib oluvchi hisoblanadi.
Ayirboshlash shartnomasi tasdiqlanayotganda, taraflarga Fuqarolik kodeksining 497 — 501-moddalari mazmuni tushuntirilib, bu haqda shartnoma matnida koʻrsatib oʻtiladi.
83. Shartnomaning predmeti muomaladan olingan yoki muomalada boʻlishi cheklangan ashyolardan tashqari barcha koʻchar va koʻchmas mulk, har qanday ashyolar boʻlishi mumkin.
Shartnomaning predmeti koʻchmas mulk boʻlganida, koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash qoidalari qoʻllaniladi, shartnoma predmeti avtomototransport vositalari boʻlsa, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlash qoidalari qoʻllaniladi.
84. Agar ayirboshlash shartnomasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa, ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli deb taxmin qilinadi, ularni topshirish va qabul qilish xarajatlarini esa har bir holda tegishli majburiyatlarni bajaradigan taraf amalga oshiradi.
85. Ayirboshlanayotgan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olingan taqdirda, shartnomada ayirboshlashga taqdim qilinayotgan tovar bahosidan past boʻlgan tovarni topshirishi lozim boʻlgan tarafga baholardagi farq uchun haq toʻlashning boshqacha tartibi belgilanishi mumkin.
86. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan ayirboshlash shartnomalarini, shuningdek Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida joylashgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining boshqa mintaqalarida yashovchi fuqarolar bilan ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlashda, ushbu Yoʻriqnomaning 509, 5010, 5011 va 57-bandlari qoidalariga rioya qilinadi.
6-§. Hadya shartnomasini tasdiqlash
87. Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga oʻziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud uni oʻzi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.
Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni vaʼda qilish (hadya etishni vaʼda qilish), agar vaʼda tegishli shaklda berilgan boʻlsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq koʻrinib turgan boʻlsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi.
Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
88. Hadya shartnomasida hadya narsasi aniq koʻrsatib qoʻyilgan boʻlishi kerak. Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq koʻrsatmasdan oʻzining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni vaʼda qilish oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
89. Hadya oluvchi oʻziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.
90. Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda, hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qoʻyilishi mumkin.
Notarius taraflarga Fuqarolik kodeksining 502 — 510-moddalari mazmunini tushuntirib, bu haqda hadya shartnomasining matniga yozib qoʻyadi.
Shartnomaning predmeti koʻchmas mulk boʻlganida, koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash qoidalari qoʻllaniladi, shartnoma predmeti avtomototransport vositalari boʻlsa, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlash qoidalari qoʻllaniladi.
91. Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi. Umumfoydali maqsad xayr-ehsonning farqli belgilaridan hisoblanadi.
Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi.
Notarius taraflarga Fuqarolik kodeksining 511-moddasi mazmunini tushuntirib, bu haqda xayr-ehson shartnomasining matniga yozib qoʻyadi.
92. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga hadya qilish boʻyicha hadya shartnomalarini, shuningdek Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida joylashgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasining boshqa mintaqalarida yashovchi fuqarolarga hadya qilish boʻyicha hadya shartnomalarini tasdiqlashda ushbu Yoʻriqnomaning 509, 5010, 5011 va 57-bandlari qoidalariga rioya qilinadi.
7-§. Korxonani sotish shartnomasini tasdiqlash
93. Korxonani sotish shartnomasini tasdiqlashda, notarius Fuqarolik kodeksining 489—496-moddalari va ushbu shartnomaga taalluqli boshqa qonun hujjatlariga asoslanadi.
Korxonani sotish shartnomasiga muvofiq sotuvchi sotib oluvchiga butun korxonani mulkiy kompleks sifatida topshirish majburiyatini oladi, sotuvchi boshqa shaxslarga berishga haqli boʻlmagan huquq va majburiyatlari bundan mustasno.
Firma nomi, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va sotuvchini hamda uning mahsulotini, u bajaradigan ish yoki koʻrsatadigan xizmatlarni shaxsiylashtiradigan boshqa vositalardan foydalanish huquqlari, agar korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, sotib oluvchiga oʻtadi.
Sotuvchining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma boʻyicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar boʻladilar.
94. Korxonani sotish shartnomasi mazkur korxona joylashgan hududdagi davlat notarial idorasida tasdiqlanadi. Vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuziladigan korxonani sotish shartnomasi notarial tasdiqlanishi shart emas, taraflardan birining notarial tasdiqlash toʻgʻrisida talabi boʻlgan hollar bundan mustasno.
95. Korxonani sotish shartnomasini tasdiqlashda, notariusga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
korxona sotuvchisining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
korxona sotuvchisi va sotib oluvchisi vakolatli organlarining korxonani sotish yoki sotib olish toʻgʻrisidagi qarori (umumiy majlis bayonnomasi yoki kuzatuv kengashining qarori yoxud buyruq va hokazo);
taraflarning vakolatlarini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;
mulkdorning roziligi (agar mulk xoʻjalik yuritish yoki operativ boshqaruv huquqiga asoslangan yuridik shaxsga tegishli boʻlsa);
inventarizatsiya dalolatnomasi;
baholovchi tashkilotning baholash toʻgʻrisidagi hisoboti va xulosasi (sotilayotgan korxonada davlat ulushi boʻlgan hollarda);
davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan soʻnggi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi);
korxona sotuvchisi — yuridik shaxsning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan oraliq balansning asl nusxasi;
auditorning korxona tarkibi va uning qiymati toʻgʻrisidagi xulosasi;
taraflar tomonidan tuzilgan, koʻrib chiqilgan va imzolangan kreditorlar, ular qoʻyayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari koʻrsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarzlar (majburiyatlar) roʻyxati;
kreditorlarga yuborilgan xabarnoma va ularning korxona qarzlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga roziligi haqidagi notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan arizalari (kreditorlar yuridik shaxs boʻlgan hollarda, ularning roziligi rasmiylashtirilgan xatlari);
korxona tarkibidagi bino va inshootlar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar;
davlat soliq xizmati organining maʼlumotnomasi;
taraflar oʻrtasidagi toʻlov majburiyati bajarilganligini tasdiqlovchi hujjat;
sof aktivlar haqida maʼlumot;
Taraflar oʻrtasidagi toʻlov majburiyatini kechiktirish yoʻli bilan korxonani sotish shartnomasi rasmiylashtirilgan taqdirda, toʻlov toʻliq amalga oshirilgunga qadar korxonani boshqa shaxsga oʻtkazishga tegishli tartibda taqiq qoʻyiladi.
Taraflar shartnomada xaridorga topshirilayotgan korxona tarkibidan alohida elementlarni olib tashlash huquqiga egalar (alohida buyumlar, huquqlar va majburiyatlar).
Korxona tarkibida bino va inshootlar mavjud boʻlsa, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar bilan birga binolar va inshootlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomasi ham boʻlishi lozim.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning uchinchi, toʻqqizinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
96. Korxonani sotish shartnomasi tasdiqlanayotganda, mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat boʻlib quyidagilardan biri boʻlishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan berilgan xususiylashtirilgan korxonaga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi;
notarial tasdiqlangan korxonaning oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash shartnomasi;
korxonaning ochiq savdoda sotib olinganligi toʻgʻrisidagi hujjat (oldi-sotdi shartnomasi yoki bayonnoma);
korxonaning ochiq savdoda sotib olinganligi haqidagi notariusning guvohnomasi;
korxonaning ajratib va boʻlib olinganligi shartnomasi;
korxonaga mulk huquqini tasdiqlovchi sud hujjati;
korxonani sotuvchi — yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari;
keyinchalik sotib olish huquqini beruvchi korxonaning ijara shartnomasi va mulk huquqining oʻtganligi haqidagi qoʻshimcha kelishuv;
merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma;
mulk huquqini tasdiqlovchi qonunga zid boʻlmagan boshqa bitimlar.
Bunda, korxonaga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi order mazkur xususiylashtirilgan korxonaning quyidagi koʻchmas mulklari uchun (qonunga muvofiq xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno) ham mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat boʻlib hisoblanadi:
xususiylashtirilgan korxonalardagi davlat mulkini xususiylashtirishda aniqlanmagan koʻchmas mulk;
xususiylashtirishda tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan, korxona hududida joylashgan koʻchmas mulk.
97. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat boʻlib quyidagilardan biri boʻlishi mumkin:
yer uchastkasiga doimiy egalik qilish huquqini beruvchi davlat hujjati;
erdan doimiy foydalanish huquqini beruvchi davlat hujjati;
yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
yer uchastkasi ijarasi shartnomasi yoki yer uchastkasidan muddatli foydalanish shartnomasi;
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va qonun hujjatlarida koʻrsatilgan boshqa hujjatlar.
98. Korxonani sotish shartnomasini tasdiqlashda notarius korxonani boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligini Tizim orqali tekshiradi.
99. Sotiladigan korxona tarkibiga kiritilgan majburiyatlar boʻyicha kreditorlar korxona sotib oluvchiga topshirilgunga qadar korxona sotuvchisi tomonidan uning sotilishi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinishlari lozim.
Notarius tomonidan korxonani sotish shartnomasi barcha kreditorlarning qarzni oʻtkazishga yozma roziligi olingandan keyin, shuningdek boshqa kerakli hujjatlar taqdim etilgandan soʻng tasdiqlanishi mumkin.
Yuridik shaxslarning qarzni oʻtkazishga roziligi haqidagi xatlari yuridik shaxs rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolanib, unga yuridik shaxsning muhri bosilgan va chiqish raqami qayd etilgan holda taqdim qilinadi.
100. Korxonani sotish shartnomasi matnida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
shartnomaning nomi, shartnoma tasdiqlangan joyning toʻliq nomi (viloyat, tuman, shahar) va tuzilgan sanasi (yil, oy va kun soʻzlar bilan yoziladi);
taraflarning toʻliq nomi (STIR), joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan organning nomi, roʻyxatdan oʻtkazilgan sana va guvohnoma raqami, vakillarning familiyasi, ismi, otasining ismi va ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi maʼlumotlar;
sotilayotgan korxonaning joylashgan yeri (pochta manzili);
korxona sotuvchisining bankdagi hisob raqami;
sotuvchining korxonaga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi maʼlumotlar;
sotilayotgan korxonaning tarkibi;
korxona tarkibiga kiruvchi mulklarning tavsifi;
sotilayotgan korxonaning bahosi;
sotib oluvchi tomonidan yer uchastkasidan foydalanish qoidalari;
korxona sotuvchisining debitorlik va kreditorlik qarzlari boʻyicha maʼlumot;
taraflar oʻrtasida hisob-kitobni amalga oshirish tartibi va uni tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisidagi maʼlumot;
korxonani sotish shartnomasidan paydo boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish zarurligi va uning tartibi;
topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga asosan korxonani topshirish tartibi va muddati;
Fuqarolik kodeksi 482, 486, 489 — 496-moddalari talablari tushuntirilganligi;
taraflarning shartnoma shartlarini buzishdagi javobgarligi;
shartnomadan kelib chiqadigan nizolarni bartaraf etish tartibi;
qonunga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
101. Korxonani sotishda uning tarkibida avtomototransport vositalari mavjud boʻlgan hollarda, avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlash qoidalari qoʻllaniladi.
8-§. Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlash
102. Notarius jismoniy shaxslar oʻrtasida, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar oʻrtasida hamda yuridik shaxslar oʻrtasida tuziladigan avtomototransport vositalarini va boshqa oʻziyurar mashina hamda mexanizmlarni, ularning nomerli agregat va tirkama, yarim tirkamalarini boshqa shaxsga oʻtkazish (oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish, renta) va boshqa turdagi bitimlarni tasdiqlaydi.
Bunday bitimlarni tasdiqlashda har bir fuqaro yoki yuridik shaxs xohlagan notariusga murojaat qilishga haqlidir.
103. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-sonli qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 10-son, 77-modda) muvofiq Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish, renta, ijaraga berish, tekin foydalanish, garovga qoʻyish, lizing shartnomalarini notariuslar tomonidan notarial tartibda tasdiqlash faqat qatʼiy hisobda turadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega boʻlgan, “Davlat belgisi” DIChBda tayyorlanadigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi. Bunda, boshqa shaxsga berish boʻyicha bitimning birinchi nusxasi gerbli (maxsus) blankada rasmiylashtiriladi.
104. 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga avtotransport vositalari, 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga mototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, lotereya va boshqa ommaviy oʻyinlarning yutuqlari boʻlgan, qonunda belgilangan tartibda meros qilib olingan avtomototransport vositalari bundan mustasno.
105. Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlamaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi. Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlarni tasdiqlash ularning xatlamaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
106. Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlar tasdiqlangunga qadar avtomototransport vositalari avtomototransport vositasi roʻyxatga olingan yoki bitim tasdiqlanayotgan joydagi (sotib oluvchining tanloviga koʻra) DYHXX organlarida agregatlar raqamlari roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi yuzasidan koʻzdan kechirilishi kerak. Agregatlar raqamlarining roʻyxatdan oʻtkazish raqamlariga muvofiqligi koʻzdan kechirgan mansabdor shaxsning familiyasi hamda ismi va otasi ismining bosh harflari, koʻzdan kechirilgan sana koʻrsatilgan va mansabdor shaxs imzosi qoʻyilgan holda roʻyxatdan oʻtkazish hujjatidagi shtamp bilan tasdiqlanadi. Shtamp oʻn kun mobaynida amal qiladi.
107. Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish (oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish, renta) bitim matnida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
bitimning nomi, bitim tasdiqlangan joyning toʻliq nomi (viloyat, tuman, shahar) va tuzilgan sanasi (yil, oy va kun soʻzlar bilan yoziladi);
taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) manzili, pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi;
bitimda yuridik shaxs ishtirok etayotgan hollarda yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), STIRi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma raqami va sanasi, davlat roʻyxatidan oʻtkazgan organning nomi;
avtomototransport vositasining rusumi, ishlab chiqarilgan yili, roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi, agregat raqamlari, quvvati (ot kuchi);
transport vositasini qayd etish guvohnomasining seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi;
avtomototransport vositasining taraflar tomonidan kelishilgan bahosi;
taraflar oʻrtasida hisob-kitob amalga oshirilgani yoki amalga oshirish muddati kechiktirilgan holatda esa mazkur Yoʻriqnomaning 55-bandini qoʻllash haqidagi maʼlumotlar;
avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlamaganligi va xatlanmaganligi haqidagi maʼlumotlar;
bitim necha nusxada tuzilganligi va qaysi raqamli gerbli (maxsus) blankada (blankalarda) rasmiylashtirganligi haqidagi maʼlumotlar;
avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish shartnomalari va boshqa turdagi bitimlar notarial tartibda tasdiqlangan paytdan boshlab oʻn kun mobaynida DYHXX organlarida roʻyxatidan oʻtkazilishi kerakligi. Bunda shartnoma matnining yakuniy qismida va tasdiqlovchi yozuvda “Ushbu shartnoma IIVning tegishli DYHXX organlarida oʻn kun ichida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Mazkur talabni bajarmaslik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortishga olib keladi” deb yozib qoʻyiladi.
Bitimning tasdiqlovchi yozuvda gerbli (maxsus) blankaning (blankalarning) seriyasi, tartib raqami va hududiy kodi koʻrsatilishi lozim.
Taraflarning ixtiyoriga koʻra shartnomada qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham koʻrsatilishi mumkin.
108. Gerbli (maxsus) blankadagi avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda gerb yigʻimi undiriladi.
109. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga boshqa davlatlardan olib kelingan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish ular bojxona organlarida rasmiylashtirilgandan va DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin amalga oshiriladi.
110. Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalari haqidagi maʼlumotlar DYHXX organlarida hisobga qoʻyish uchun Tizim orqali yuboriladi.
111. DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtmagan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlash taqiqlanadi.
112. Fuqarolar oʻrtasida avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlashda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, oʻziyurar shassilar, traktor tirkamalari va oʻziyurar yoʻl qurilish mashinalari uchun “Oʻzdavtexnazorat” tomonidan berilgan belgilangan shakldagi maʼlumotnoma);
agar avtomototransport vositasi erning yoki xotinning umumiy birgalikdagi mulki boʻlgan hollarda, erning va (yoki) xotinning avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazishga roziligi toʻgʻrisida notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan yozma arizasi;
bitimlar davlat bojining imtiyozli toʻlanishiga huquq beruvchi qarindosh boʻlgan shaxslar oʻrtasida tuzilayotgan boʻlsa, ularning qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar;
yoʻl-transport hodisasi natijasida shikastlangan avtomototransport vositasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalarining mutaxassislari, bunday muassasalar boʻlmagan viloyatlarda esa — “Oʻzavtotexxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xulosasi;
merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomaga asosan transport vositasini qayd etish guvohnomasi berilgan boʻlsa — merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma.
Agar meros ikki yoki undan ortiq merosxoʻrlarga berilgan boʻlsa, avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlashda barcha merosxoʻrlar ishtirok etib, shartnomani imzolaydilar.
113. Mazkur Yoʻriqnomaning 112-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan er yoki xotin imzosining haqiqiyligini shahodatlash er yoki xotinning notarial idoraga shaxsan oʻzi kelgan hollarda talab etilmaydi. Bunda, notarius er yoki xotinning shaxsini aniqlaydi, imzoning haqiqiyligini tekshiradi, bu haqda arizaga belgi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomini, uning raqamini, qachon va kim tomonidan berilganligini hamda tugʻilgan yilini koʻrsatadi.
114. Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazayotgan fuqaro eri yoki xotini yoʻqligi (beva ekanligi yoki boʻydoq) haqida yozma ariza taqdim etganda, notarius bitimning ikkinchi tarafini bu haqda tanishtiradi. U esa bu hol unga maʼlum ekanligini tasdiqlab, arizaga familiyasi, ismi, otasining ismini toʻliq yozib, imzo qoʻyadi. Ushbu holatni aniqlash uchun notariusga fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma yoxud bular haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirmalar asos boʻladi. Ushbu ariza avtomotoransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazayotgan fuqaroning shaxsan oʻzi tomonidan beriladi, bitim vakil orqali tuzilgan taqdirda esa u tomonidan ishonchnoma beruvchining eri yoki xotini yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan holda bunday ariza vakildan olinadi.
115. Er (xotin)ni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisida sud hujjati mavjud boʻlgan hollarda notarius avtomotoransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlashi mumkin. Bu holda notarius Fuqarolik kodeksining 35-moddasi mazmunini bitim matnida koʻrsatib oʻtishi va taraflarga tushuntirishi lozim.
116. Nikoh qayd etilgunga qadar sotib olingan, meros tariqasida yoki hadya shartnomasi boʻyicha olingan, shuningdek nikoh davomida sotib olingan avtomototransport vositasi nikoh shartnomasiga asosan taqsimlab olingan boʻlsa yoki er-xotin oʻrtasidagi mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi sud hujjati yoxud notarial tartibda rasmiylashtirilgan kelishuv mavjud boʻlsa, avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlash uchun er yoki xotinning roziligi talab qilinmaydi.
117. Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlashda taraflar yoki taraflardan biri yuridik shaxs boʻlgan hollarda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma;
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (transport vositalarini qayd qilish guvohnomasi, avtomototransport vositasining raqamli agregatlari uchun DYHXX organlari yoki traktorlar, oʻziyurar shassilar, traktor tirkamalari va oʻziyurar yoʻl qurilish mashinalari uchun “Oʻzdavtexnazorat” tomonidan berilgan belgilangan shakldagi maʼlumotnoma);
yuridik shaxs vakolatli organining avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi hujjati (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma);
qoldiq balans qiymati toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
yuridik shaxsning sof aktivlari haqida maʼlumotnoma;
mulkdorning roziligi (agar yuridik shaxsga avtomototransport vositasi operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli boʻlsa);
taraflar oʻrtasida hisob-kitob qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (hisob-kitob kechiktirilgan hollar bundan mustasno).
Mazkur bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar yuridik shaxsga tegishli boʻlgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi yuridik shaxs taʼsischilarining umumiy majlis bayonnomasi yoki yagona taʼsischining qarori taqdim etilgan taqdirda talab etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar hamda firmalar vakolatxonalariga hamda ularning xodimlariga, oila aʼzolariga tegishli “CMD”, “D”, “UN”, “T”, “X”, “M” seriyadagi davlat raqamlariga ega boʻlgan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlashda qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining roziligini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan tashkilotdan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
118. Davlat tashkilotlariga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimlarni tasdiqlashda mazkur Yoʻriqnomaning 117-bandida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda baholovchi tashkilotning hisoboti va yuqori turuvchi tashkilotining ruxsati (agar yuqori turuvchi tashkiloti mavjud boʻlsa) ham talab qilinadi.
119. Davlat tashkilotlariga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini sotish bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-sonli qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 578-modda) talablarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
120. Notarius avtomototransport vositalari bilan bogʻliq boʻlgan qonunga zid boʻlmagan boshqa bitimlarni ham tasdiqlashi mumkin.
9-§. Koʻchmas mulklarni garovga (ipotekaga) qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomalarni tasdiqlash
121. Koʻchmas mulkni garovga (ipotekaga) qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma shu mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim. Bunday shartnomani notarial tasdiqlash paytida notarius ipotekaga qoʻyilayotgan mulk ipotekaga qoʻyuvchi shaxsga tegishli ekanligini, uni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligini, boshqa ipotekaga qoʻyilgan yoki qoʻyilmaganligini, qarzlari yoʻqligini, ipotekaga oluvchi va ipotekaga qoʻyuvchi yuridik shaxslarning huquq layoqatlarini, jismoniy shaxslarning shaxsini va vakillarning vakolatlarini tekshiradi.
122. Koʻchmas mulk, shu jumladan, binolar, inshootlar, koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar, korxonalar, boshqa mulkiy majmualar, yuridik va jismoniy shaxslar mulki boʻlgan savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari, shuningdek uylar ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, qonunda koʻchmas mulk jumlasiga kiritilgan va ularga boʻlgan huquqlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boshqa mol-mulk ipoteka narsasi boʻlishi mumkin.
123. Ipoteka toʻgʻrisidagi qoidalar:
qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq yer uchastkasida barpo etilayotgan qurilishi tugallanmagan mol-mulk garoviga;
yakka tartibdagi uy-joy qurish yoki dehqon xoʻjaligini yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqlari garoviga;
agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchining koʻchmas mulk ijarasi toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha huquqlari (ijara huquqi) garoviga;
agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasi ijarasiga doir huquqlar garoviga nisbatan ham qoʻllaniladi.
124. Agar tasarrufdan chiqarilishi uchun boshqa shaxsning yoki organning roziligi yoxud ruxsatini olish talab etiladigan mol-mulk ipoteka narsasi boʻlsa, bu mol-mulk ipotekasi uchun shunday rozilik yoki ruxsat olish zarur.
Umumiy birgalikdagi mulk (mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi belgilanmagan holda) boʻlgan mol-mulk faqat barcha mulkdorlarning yozma roziligi bilan ipotekaga qoʻyilishi mumkin.
Umumiy ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mulk huquqidagi oʻz ulushini boshqa mulkdorlarning roziligisiz ipotekaga qoʻyishi mumkin.
125. Ipoteka shartnomasini tasdiqlash uchun notarius ipotekaga qoʻyuvchi va ipotekaga oluvchidan quyidagilarni talab qiladi:
ipoteka narsasiga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat (xususiylashtirilgan ipoteka narsasi uchun mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi, mahalliy davlat hokimiyati organining qarori (farmoyishi), oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan shartnoma, mulk huquqi yoki merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomalar, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa bitimlar);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar toʻgʻrisida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
asosiy majburiyat haqidagi shartnoma (kredit yoki qarz shartnomasi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, transport ekspeditsiyasi va boshqalar);
ipotekaga qoʻyilgan koʻchmas mulkning ipotekaga oluvchi va ipotekaga qoʻyuvchi bilan birgalikdagi tuzilgan baholash dalolatnomasi yoki baholovchi tashkilotning xulosasi;
ipotekaga qoʻyilayotgan mol-mulk umumiy mol-mulkni (er-xotinning birgalikdagi mulki) tashkil etsa, barcha mulkdorlarning (er-xotinning) roziligi;
xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi ipotekaga qoʻyilganda, shu uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan va xususiylashtirishda qatnashib rozilik bergan shaxslarning notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan rozilik arizalari;
agarda ipotekaga qoʻyilayotgan turar joyda doimiy propiska qilingan shaxslar voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan boʻlsa, tegishlicha ularning qonuniy vakillari yoki vasiylik va homiylik organlarining yozma roziligi;
ipoteka narsasi ashyoviy huquq boʻlgan (xoʻjalik yuritish huquqi va operativ boshqarish huquqi, meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi, yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi, servitutlar va hokazo) holatda mulkdorning roziligi, qonunda va shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlardan:
mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
asosiy majburiyat toʻgʻrisidagi shartnomaning nusxasi;
ipotekaga oluvchi va ipotekaga qoʻyuvchilarning taʼsis hujjatlarining nusxalari ularga notariusning “asliga toʻgʻri” degan ustxati yozilib, olib qolinadi, asl nusxalari qaytariladi, idoralararo soʻrov orqali olingan hujjatlar bundan mustasno;
Qonun hujjatlariga muvofiq notarius tomonidan boshqa hujjatlar ham soʻralishi mumkin.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotnomalar va yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlari notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
126. Ipoteka shartnomasini tasdiqlashda davlat boji shartnoma summasidan, yaʼni ipotekaga qoʻyilayotgan narsaning bahosidan olinadi.
127. Ipoteka shartnomalarini tasdiqlashda notarius ipotekaga qoʻyilgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga taqiq qoʻyadi.
128. Ipoteka shartnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
shartnomaning nomi, shartnoma tasdiqlangan joyning toʻliq nomi (viloyat, tuman, shahar) va tuzilgan sanasi (yil, oy va kun soʻzlar bilan yoziladi);
ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qoʻyuvchi haqidagi toʻliq maʼlumot, jumladan, taraflar yoki ularning vakillarining familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili (ishonchnoma berilgan sana, uning raqami, kim tomonidan berilganligi va tasdiqlanganligi) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi maʼlumotlar;
turgan joyi va identifikatsiya qilish uchun yetarlicha tavsifi koʻrsatilgan holda ipoteka narsasi, uning bahosi, mohiyati, miqdori, ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyatni bajarish muddati va ipotekaga qoʻyilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida turganligi;
ipoteka narsasi boʻlgan mol-mulk ipotekaga qoʻyuvchiga qaysi huquqqa koʻra tegishli ekanligi va ipotekaga qoʻyuvchining bu huquqini roʻyxatdan oʻtkazgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining nomi;
agar ipoteka narsasi ipotekaga qoʻyuvchiga ijara huquqi asosida tegishli boʻlsa, ijara muddati;
ipoteka narsasining baholanganligi haqidagi maʼlumot;
ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyat, uning summasi, vujudga kelish asoslari va bajarilish muddati. Bu majburiyat biron-bir boshqa shartnomaga asoslangan hollarda esa, mazkur shartnomaning taraflari, tuzilgan sanasi va joyi;
agar ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyat summasi kelgusida aniqlanishi lozim boʻlsa, ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyat summasini aniqlash tartibi va boshqa zarur shartlar;
agar ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyat qismlarga boʻlib bajarilishi lozim boʻlsa, tegishli toʻlovlarning muddatlari (davriyligi) va ularning miqdorlari yoki bu miqdorlarni aniqlash imkoniyatini beradigan shartlar;
majburiyat koʻrsatilgan muddatda bajarilmasligining oqibatlari;
ipoteka narsasining navbatdagi ipotekaga qoʻyilgan yoki qoʻyilmaganligi, boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi, ipotekaga qoʻyuvchining soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha budjet oldida qarzi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ipoteka narsasi umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi olinganligi haqida maʼlumot;
shartnomani notarial tasdiqlash uchun ipotekaga oluvchi yoki ipotekaga qoʻyuvchi zimmasiga qoʻyilgan xarajatlar;
ipotekaga qoʻyuvchi bilan ipotekaga oluvchilarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanishi haqida maʼlumot;
shartnoma nusxalarining soni, tomonlarga berilganligi, shuningdek notarial idorada nusxa qolganligi haqida maʼlumot;
notariusning shartnomani tasdiqlaganligi haqida tasdiqlovchi yozuv;
taraflar kelishuvga erishgan boshqa maʼlumotlar.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda undiruvni ipotekaga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish notarial tartibda tasdiqlangan kelishuv asosida hal etilishi haqidagi maʼlumot ham ushbu shartnoma matnida koʻrsatib oʻtilishi lozim.
129. Notarius tomonidan tasdiqlanadigan ipoteka shartnomasi maxsus reyestrda roʻyxatga olinadi.
130. Davlat notarial idorasida ipoteka shartnomalarini hisobga olish uchun alifbo kitobi yuritilishi lozim.
131. Ipoteka narsasini almashtirish zaruriyati tugʻilgan hollarda, ipoteka narsasi ipotekaga oluvchining roziligi bilan almashtiriladi. Notarius ipotekaga oluvchining ipoteka narsasini almashtirishga roziligi haqidagi yuridik shaxsning yozma shakldagi xabarnomasi (boshqa tegishli hujjatlar), jismoniy shaxsning notarius yoki Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan shahodatlantirilgan arizasi asosida ipoteka narsasini almashtirish toʻgʻrisida bitimni tasdiqlaydi.
Garov bilan taʼminlanadigan majburiyatning bajarilish muddatini uzaytirish munosabati bilan ipoteka shartnomasiga oʻzgartirish kiritish haqida ham bitim tuziladi.
Ipoteka shartnomasi boʻyicha ipoteka narsasini almashtirish yoki garov bilan taʼminlanadigan majburiyatning bajarilish muddatini uzaytirish munosabati bilan ipoteka shartnomasiga oʻzgartirish kiritish haqida bitim tuzish uchun asosiy majburiyat toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha ipoteka narsasini almashtirish yoki garov bilan taʼminlanadigan majburiyatning bajarilish muddatini uzaytirish haqida ipotekaga qoʻyuvchi va ipotekaga oluvchi oʻrtasida tuzilgan qoʻshimcha bitim talab etiladi. Ushbu hujjatlar ipoteka shartnomasiga qoʻshib tikiladi. Bu haqda reyestrga va alifbo kitobiga yozib qoʻyiladi.
132. Muomaladan chiqarilgan va tasarrufdan chiqarilishi mumkin boʻlmagan koʻchmas mulk ipoteka narsasi boʻlishi mumkin emas. Qonun hujjatlarida majburiy xususiylashtirilishi nazarda tutilgan yoki xususiylashtirilishi taqiqlangan yoxud cheklangan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlari ham ipoteka narsasi boʻlishi mumkin emas.
1321. Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi turar joy yoxud turar joy boʻlmagan bino shaklidagi koʻchmas mulkni garovga (ipotekaga) qoʻyishda, ushbu Yoʻriqnomaning 509, 5010, 5011 va 57-bandlari qoidalariga rioya qilinadi.
10-§. Mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash
133. Mulk ijarasi shartnomasini tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:
mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi);
ijara narsasi umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi;
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan mol-mulk ijaraga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi.
Ijaraga olingan mulkni sotib olish sharti bilan shartnoma tuzilsa va ushbu mulk davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan mulk boʻlsa, notarius Tizim orqali mazkur mulkning boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligini tekshirishi lozim.
Fuqarolik kodeksining 541-moddasiga asosan ijaraga berilayotgan mol-mulk topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida topshirilishi lozimligi taraflarga tushuntiriladi va bu haqda shartnoma matnida koʻrsatiladi.
134. Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.
Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda, taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, koʻchmas mulk ijarasida esa — uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin.
135. Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng koʻp (oxirgi) muddatlar belgilab qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat oʻtishi bilan shartnoma bekor boʻladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.
1351. Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomalari haqidagi maʼlumotlar DYHXX organlarida hisobga qoʻyish uchun Tizim orqali yuboriladi.
11-§. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash
136. Mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk (uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqalar) ijaraga berilishida ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:
koʻchmas mulk obyektining kadastr yigʻmajildi. Bunda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, Binolar, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma hamda koʻchmas mulkning umumiy maydoni haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan tegishli hujjatlardan nusxa olinib, kadastr yigʻmajildining asli qaytarib beriladi;
ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan maʼlumotnoma yoki uy daftaridan koʻchirma.
mulkdorning ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan voyaga yetgan oila aʼzolarining (eri (xotini) va ularning farzandlari) roziligi.
Agar:
koʻchmas mulk umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi;
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan koʻchmas mulk ijaraga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi;
xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi ijaraga berilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari (Toshkent shahrida — “Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va maʼlumotlar berish markazi” davlat unitar korxonasi) tomonidan berilgan xususiylashtirishda rozilik bergan shaxslar haqidagi maʼlumotnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi) va ularning roziligi;
koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa, garovga oluvchining roziligi ham talab etiladi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning uchinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotnomalar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
137. Yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulkni (uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqalarni) ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlashda, qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi guvohnoma;
vakilga berilgan ishonchnoma;
yuridik shaxs vakolatli organlarining koʻchmas mulkni ijaraga berish (olish) haqidagi hujjat (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan tashkilotdan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
1371. Diplomatik vakolatxonani va vakolatxona boshligʻi qarorgohini joylashtirish uchun koʻchmas mulkni ijaraga olish toʻgʻrisidagi bitimni tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 8-maydagi 207-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari toʻgʻrisida nizomga muvofiq diplomatik vakolatxona koʻchmas mulkni ijaraga olish niyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini oldindan xabardor qilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etadi.
12-§. Korxonani ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash
138. Korxonani ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun mulkiy kompleks sifatida butun korxonani yoki uning bir qismini haq evaziga berish majburiyatini oladi, ijaraga beruvchi boshqa shaxslarga oʻtkazishi mumkin boʻlmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.
Ijaraga beruvchi oʻz qarzlarini ijaraga oluvchining zimmasiga oʻtkazishi haqida kreditorlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart, kreditorlar bunga rozi boʻlmasalar, ogohlantirishni olgan vaqtdan boshlab uch oy davomida ijaraga beruvchidan tegishli majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va shu tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar shu muddatda mazkur talablardan birortasi bildirilmasa, kreditor tegishli qarzning ijarachiga oʻtkazilishiga rozilik bergan deb hisoblanadi.
Korxonani ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolagan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi va u notarial tasdiqlanishi hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Korxonani ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
139. Korxonani ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash paytida notarius ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining shartnomani tuzishga vakolati bor yoki yoʻqligini tekshiradi.
Notarius tomonidan Fuqarolik kodeksining 579—586-moddalari mazmuni, shuningdek korxonani ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozimligi tushuntiriladi va bu haqda shartnoma matnida koʻrsatiladi.
140. Korxonani ijaraga berish shartnomasini tasdiqlashda quyidagilar talab qilinadi:
ijaraga beruvchining (ijaraga oluvchining) taʼsis hujjatlari va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
yakka tartibdagi tadbirkorning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
vakilning vakolatini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorlarga berilgan xabarnoma;
ijaraga berilayotgan korxona yoki uning bir qismi garovga qoʻyilgan boʻlsa, garovga oluvchining roziligi.
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan korxona ijaraga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
1401. Mazkur Yoʻriqnomaning 140-bandida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilganda, notarius ushbu korxonaning boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligini Tizim orqali tekshiradi.
141. Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi.
121-§. Mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash
1411. Mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:
mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat (nusxasi qoldirilib, asli qaytarib beriladi);
tekin foydalanishga berilayotgan mulk umumiy birgalikdagi mulk boʻlgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi;
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan mol-mulk tekin foydalanishga berilganda, vasiylik va homiylik organlarining roziligi.
Tekin foydalanishga berilayotgan mulk davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan mulk boʻlsa, notarius Tizim orqali mazkur mulkning boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligini tekshirishi lozim.
1412. Koʻchmas mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlashda mazkur Yoʻriqnomaning 136 — 1371-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar talab qilinadi.
1413. Mulkdan tekin foydalanish shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.
Agar mulkdan tekin foydalanishning muddati shartnomada belgilanmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda, taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, koʻchmas mulkdan tekin foydalanishda esa — uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulkdan tekin foydalanish shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin.
1414. Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalari haqidagi maʼlumotlar DYHXX organlarida hisobga qoʻyish uchun Tizim orqali yuboriladi.
13-§. Lizing shartnomasini tasdiqlash
142. Lizing — moliya ijarasining alohida turi boʻlib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib sotib oladi va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga oʻn ikki oydan ortiq muddatga beradi.
143. Lizing shartnomasi shartnoma taraflaridan birining talabiga koʻra yoki mol-mulk lizing obyekti hisoblanib, u boʻyicha tuziladigan bitimlar qonunga muvofiq notarial tasdiqlanishi talab qilinadigan hollarda notarial tasdiqlanishi lozim.
144. Lizing beruvchi lizing oluvchining oldindan roziligini olmay turib, lizing obyektidan garov sifatida foydalanish huquqiga ega emas. Lizing oluvchi lizing obyektini garov sifatida ishlatishga haqli emas.
145. Davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi talab etiladigan lizing obyektlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taraflarning oʻzaro kelishuviga koʻra lizing beruvchining yoki lizing oluvchining nomiga rasmiylashtiriladi.
146. Lizing beruvchi va lizing oluvchi oʻrtasida ikki taraflama lizing shartnomasi tuzilganda, notarius tomonidan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
lizing beruvchi va lizing oluvchining taʼsis hujjati;
lizing oluvchi va lizing beruvchining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
lizing oluvchi (lizing beruvchi)ning vakolatli organining lizing olish (lizing berish) toʻgʻrisidagi hujjati (qarori, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
lizing obyektini sotib olinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqlovchi hujjat;
vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma);
lizing obyektining tavsifi haqidagi hujjat (ikkala taraf tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak);
lizing shartnomasi boʻyicha lizing toʻlovlarining bajarilish grafigi (ikkala taraf tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak).
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan tashkilotdan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
147. Lizing shartnomasi matnida quyidagilar koʻrsatilishi shart:
shartnomaning nomi, shartnoma tasdiqlangan joyning toʻliq nomi (viloyat, tuman, shahar) va tuzilgan sanasi (yil, oy va kun soʻzlar bilan yoziladi);
lizing obyektining tavsifi (lizing obyektining miqdori, sifati, roʻyxati, qiymati va boshqalar);
lizing toʻlovlarining umumiy summasi, yaʼni shartnoma bahosi;
lizing beruvchi va lizing oluvchi haqidagi toʻliq maʼlumotlar;
sotuvchi haqida maʼlumot;
taraflarning lizing obyektini olish va berish bilan bogʻliq majburiyatlari;
lizing obyektini berish tartibi, shu jumladan, lizing obyektini yetkazib berish, montaj qilish va foydalanishga topshirish tartibi;
lizing toʻlovlarini toʻlash shartlari, miqdorlari, muddatlari va tartibi;
lizing obyektidan foydalanish, unga qarash, uni saqlab turish va taʼmirlash yuzasidan taraflarning majburiyatlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
sotuvchi va lizing obyektini tanlash uchun masʼul taraf.
Lizing obyekti avtomototransport vositasi boʻlganda, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanganligi haqidagi maʼlumotlar DYHXX organlarida hisobga qoʻyish uchun Tizim orqali yuboriladi.
Taraflarning kelishuviga binoan lizing shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilishi mumkin:
lizing obyektini lizing oluvchining mulk huquqiga oʻtkazish yoki sotib olish tartibi va muddatlari;
lizing shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish tartibi;
lizing obyektini sugʻurta qilish;
fors-major holatlar;
agar qoʻshimcha xizmatlarsiz lizing obyektidan foydalanish imkoniyati boʻlmasa, lizing beruvchi tomonidan qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatilishi tartibi;
lizing subyektlari tomonidan lizing shartnomasi shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi;
lizing obyektini lizing oluvchining roziligi bilan lizing beruvchi tomonidan keyinchalik garovga (ipotekaga) qoʻyish;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal etish tartibi.
Lizing shartnomasiga qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
148. Lizing obyektiga boʻlgan mulk huquqi lizing oluvchi tomonidan sotib olingunga qadar lizing beruvchiga tegishli boʻladi.
149. Lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasi lizing beruvchi va sotuvchi oʻrtasida tuzilib, unga koʻra lizing beruvchi lizing oluvchining topshirigʻiga binoan lizing obyektini keyinchalik lizing oluvchiga berish uchun oʻz mulki qilib oladi.
Lizing obyekti oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytida lizing beruvchi lizing obyekti qaysi maqsadda sotib olinayotganligidan sotuvchini oldindan xabardor qilishi, buni oldi-sotdi shartnomasida qayd etishi shart.
150. Avtomototransport vositalarining lizing shartnomasini rasmiylashtirishda notarius ushbu avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligini tekshiradi.
151. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-sonli qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq avtomototransport vositalarining lizing shartnomasi qatʼiy hisobda turuvchi maxsus gerbli (maxsus) blankalarda tuzilib tasdiqlanishi lozim. Bunda lizing shartnomasining tasdiqlovchi yozuvda gerbli (maxsus) blankaning (blankalarning) seriyasi, tartib raqami va hududiy kodi koʻrsatilishi shart.
Gerbli (maxsus) blankadagi avtomototransport vositasining lizing shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda gerb yigʻimi undiriladi.
14-§. Renta shartnomasini tasdiqlash
152. Fuqarolik kodeksining 512-moddasiga asosan renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) koʻchmas yoki koʻchar mol-mulkni boshqa tarafga (renta toʻlovchiga) beradi, renta toʻlovchi esa olingan mol-mulk oʻrniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni taʼminlash uchun boshqa shaklda mablagʻ berish tarzida renta toʻlash majburiyatini oladi.
Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot boʻlgan muddat mobaynida toʻlash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yoʻl qoʻyiladi. Umrbod renta fuqaroni oʻz qaramogʻiga olgan holda umrbod taʼminlash sharti bilan belgilanishi mumkin.
153. Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, koʻchmas mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat roʻyxatidan ham oʻtkazilishi lozim. Bunda ushbu koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlov bor yoki yoʻqligi tekshirilishi lozim.
Renta shartnomasi koʻchmas mulk joylashgan hududdagi davlat notarial idorasida tasdiqlanadi. Koʻchar mulk renta shartnomasini tasdiqlash joyi taraflarning xohishiga koʻra belgilanadi.
154. Renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga beriladigan mol-mulk renta oluvchi tomonidan renta toʻlovchiga haq evaziga yoki tekinga mulk qilib berilishi mumkin.
Renta shartnomasida mol-mulkni haq evaziga topshirish nazarda tutilgan taqdirda taraflarning mol-mulkni topshirish va uning haqini toʻlash boʻyicha munosabatlariga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, bunday mol-mulk tekinga berilgan hollarda esa hadya shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi, basharti Fuqarolik kodeksining 32-bobi qoidalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va bu hol renta shartnomasining mohiyatiga zid kelmasa.
155. Renta toʻlash sharti bilan yer uchastkasi yoki boshqa koʻchmas mulk berilganida, renta oluvchi renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishini taʼminlash maqsadida bu mulkka garov huquqini oladi. Bu holda renta shartnomasi boʻyicha renta toʻlovchi tomonidan renta oluvchiga renta toʻlovini vaqti-vaqti bilan toʻlash majburiyati koʻrsatilgan boʻlsa, renta toʻlovchi tomonidan majburiyati toʻliq bajarilgunga qadar notarius ushbu koʻchmas mulkka taqiq qoʻyadi.
Renta sifatida pul summasi yoki boshqa koʻchar mol-mulkni berishni nazarda tutadigan shartnomaning muhim sharti shuki, unda renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishning garovini taqdim etishga yoki ushbu majburiyatlarni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik xavfini renta oluvchi foydasiga sugʻurtalashga majbur boʻladi.
156. Renta toʻlashni kechiktirganlik uchun renta toʻlovchi renta oluvchiga, agar renta shartnomasida boshqacha foizlar miqdori nazarda tutilgan boʻlmasa, Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni toʻlaydi.
157. Doimiy rentani faqat fuqarolar va tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar olishlari mumkin, basharti, bu hol qonun hujjatlariga zid kelmasa va ularning faoliyat maqsadiga mos boʻlsa.
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, doimiy renta shartnomasi boʻyicha renta oluvchining huquqlari ushbu bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan shaxslarga talabdan voz kechish yoʻli bilan topshirilishi va vorislik boʻyicha yoki yuridik shaxslar qayta tashkil qilinganda, boshqa shaxslarga oʻtishi mumkin.
158. Agar doimiy renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mol-mulkdan foydalanish haqining tegishli stavkasi yoki bank foizi stavkasi oʻzgarsa, toʻlanadigan renta miqdori ham mutanosib ravishda oʻzgaradi.
Agar shartnomada taraflar toʻlov vaqtlarini belgilamasalar (masalan, har oyda yoki har yilda bir marotaba), doimiy renta yilning har bir kalendar choragi tugashi bilan toʻlanadi.
Doimiy renta shartnomasini tasdiqlashda notarius tomonidan toʻlovchining doimiy rentani sotib olishga boʻlgan huquqi va renta oluvchining doimiy renta toʻlovini talab qilishga boʻlgan huquqi tushuntiriladi.
159. Doimiy haq toʻlanadigan rentaning bahosini shartnomada taraflar belgilaydilar.
Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk haq evaziga topshirilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmasa, sotib olish yillik renta toʻlovlari summasiga mos bahoda amalga oshiriladi.
Renta toʻlash sharti bilan mol-mulk tekinga berilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi toʻgʻrisida shart boʻlmaganda, sotib olish bahosiga yillik renta toʻlovlari summasi bilan bir qatorda topshirilgan mol-mulkning Fuqarolik kodeksi 356-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha aniqlanadigan bahosi ham kiritiladi.
Doimiy renta shartnomasini tasdiqlashda notarius doimiy renta toʻlash sharti bilan bepul topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlish yoki tasodifan buzilish xavfi renta toʻlovchi zimmasida boʻlishini tushuntiradi.
160. Umrbod rentani oluvchilar boʻlib mulkni renta toʻlovi evaziga topshirayotgan fuqaro tomonidan shartnomada koʻrsatilgan bir yoki bir necha shaxs hisoblanishi mumkin. Agar renta oluvchilar bir nechta fuqaro boʻlsa, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi.
Umrbod rentaning shartnomada belgilanadigan bir oylik miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak, Fuqarolik kodeksining 247-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa oshirilishi lozim.
Agar umrbod renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, umrbod renta har bir kalendar oy tugashi bilan toʻlanadi.
Umrbod renta shartnomasini tasdiqlashda notarius taraflarga Fuqarolik kodeksining 525—529-moddalari talablarini tushuntiradi va bu haqda shartnoma matnida koʻrsatib oʻtiladi.
Mulk huquqining kelgusida renta toʻlovchiga oʻtishini nazarda tutuvchi renta shartnomasini tasdiqlash paytida notarius bunday mulkni oldi-sotdi shartnomasi uchun talab qilinadigan zarur hujjatlarni talab qiladi.
15-§. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini tasdiqlash
161. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi boʻyicha bir taraf (boshqaruvning muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) mol-mulkini muayyan muddatga ishonchli boshqaruvga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu mol-mulkni boshqaruvning muassisi yoki u koʻrsatgan shaxs (foyda oluvchi) manfaatlarini koʻzlab boshqarish majburiyatini oladi.
Mol-mulkni ishonchli boshqarishga topshirish bu mol-mulkka mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga olib kelmaydi.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Ishonchli boshqarish obyektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, koʻchmas mulkka mansub boʻlgan alohida obyektlar, qimmatli qogʻozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat boʻlishi mumkin.
162. Koʻchmas mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma uchun nazarda tutilgan shaklda va tartibda tuziladi. Koʻchmas mulkka mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi qaysi tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilsa, bu mulkni ishonchli boshqarishga topshirish ham shu tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi shakliga yoki koʻchmas mulkni ishonchli boshqarishga topshirishni roʻyxatga olish talabiga rioya qilmaslik, uning haqiqiy boʻlmasligini keltirib chiqaradi.
163. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini tasdiqlash shu mol-mulk joylashgan hududdagi davlat notarial idorasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda koʻchmas mulkning ushbu mulk boshqaruvning muassisiga tegishliligi, shu mulk taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi tekshiriladi.
164. Taqiq va xatlov mavjud boʻlgan hollarda mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi faqat kreditor rozi boʻlgan taqdirdagina tasdiqlanadi. Taqiq hamda xatlov sud va tergov organlari tomonidan qoʻyilgan taqdirda, shartnoma taqiq va xatlov olib tashlangandan soʻng rasmiylashtiriladi.
165. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini tasdiqlashda Fuqarolik kodeksining 850—852-moddalari talablaridan kelib chiqqan holda hujjatlar talab etiladi.
166. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
shartnomaning nomi, shartnoma tasdiqlangan joyning toʻliq nomi (viloyat, tuman, shahar) va tuzilgan sanasi (yil, oy va kun soʻzlar bilan yoziladi);
shartnoma boʻyicha ishonchli boshqarishga beriladigan mol-mulk roʻyxati;
foyda oluvchi toʻgʻrisidagi koʻrsatma;
ishonchli boshqaruvchining hisobotlar taqdim etish muddatlari;
ishonchli boshqarish bekor qilingan taqdirda mol-mulkni oladigan shaxs;
agar haq toʻlash shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ishonchli boshqaruvchiga toʻlanadigan haqning miqdori va shakli.
Shartnomada yuqorida nazarda tutilgan shartlar boʻlmagan taqdirda, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.
167. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Shartnomaning amal qilish muddati tamom boʻlganida taraflardan birining shartnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasi boʻlmasa, shartnoma unda nazarda tutilgan muddatga va shartlar asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
Ishonchli boshqarishga topshiriladigan ayrim turdagi mol-mulklar uchun qonunda shartnoma amal qilishining boshqa eng koʻp muddatlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
Ishonchli boshqarish shartnomasini tasdiqlashda notarius Fuqarolik kodeksining 849 — 861-moddalari talablarining mazmuni, shuningdek mol-mulkni ishonchli boshqarish obyektiga qarab shartnomani davlat roʻyxatidan oʻtkazish zarurligini, roʻyxatdan oʻtkazmaslik natijasida kelib chiqadigan oqibatlarni tushuntiradi va bu haqda shartnomaning matnida koʻrsatiladi.
16-§. Tugatilayotgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan mol-mulkni uning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlash
168. Fuqarolik kodeksining 55-moddasiga muvofiq yuridik shaxs tugatilayotganda (sud tartibida, ixtiyoriy ravishda), kreditorlarning talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulk shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega boʻlgan muassislarga (ishtirokchilarga), agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, topshiriladi va ular oʻrtasida taqsimlanadi.
169. Tugatilayotgan yuridik shaxsga tegishli boʻlgan mol-mulkni uning muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlash (boʻlish) toʻgʻrisidagi shartnomani tasdiqlashda notariusga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlari;
yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari)ning yoki muassisning yuridik shaxsni tugatish haqidagi qarori;
yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuborilgan yozma xabar;
yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini — tugatish komissiyasi yoki jismoniy shaxsning tayinlanganligi, tugatish tartibi va muddatlari belgilanganligi toʻgʻrisidagi yuridik shaxs muassislarining (ishtirokchilarining) umumiy majlis bayonnomasi yoki organning qarori;
yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisida qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat;
tugatuvchining vakolatini tasdiqlovchi hujjat;
muassislar (ishtirokchilar)ning ustav fondidagi (kapitalidagi) hissalari shakllanganligi haqidagi maʼlumotnoma (guvohnoma);
debitor va kreditorlar roʻyxati;
tugatuvchining yuridik shaxsni tugatilishi haqida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjat;
tugatilayotgan yuridik shaxsning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshirilganligi haqidagi tegishli davlat soliq xizmati organining tekshiruv maʼlumotnomasi;
tugatuvchining yuridik shaxsning tugatilishi haqida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga berilgan eʼlon nusxasi;
oxirgi moliyaviy hisobot yiliga boʻlgan buxgalteriya balansi;
tugatilayotgan yuridik shaxsning moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobot;
taqsimlanayotgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat;
taqsimlanayotgan mol-mulk koʻchmas mulk boʻlganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filialining maʼlumotnomasi;
mol-mulkning inventarizatsiya dalolatnomasi;
tugatilayotgan yuridik shaxsning oraliq tugatish balansi;
tugatilayotgan yuridik shaxsning tugatish balansi;
tugatilayotgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlangan mol-mulkning topshirish va qabul qilish dalolatnomasi.
Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, mazkur bandning ikkinchi, oltinchi, oʻn birinchi va oʻn oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar notarius tomonidan tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlardan idoralararo soʻrov orqali olinadi.
Shartnoma narsasi koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositasi boʻlganda, mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanganligi va xatlanganligi haqidagi maʼlumotlar notarius tomonidan Tizim orqali avtomatik tarzda olinadi.
17-§. Qarz shartnomasini tasdiqlash
170. Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga muvofiq qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.
171. Qarz shartnomasi taraflardan birining talabi boʻyicha xohlagan notarial idorada tasdiqlanishi mumkin.
Qarz shartnomasi tasdiqlanayotganda notarius taraflarning haqiqiy istaklarini aniqlashi lozim. Shartnomada qarzning qaytarilish muddati, joyi va majburiyat bajarilishini taʼminlash usullari haqida notarius tomonidan tushuntirilganligi koʻrsatilishi kerak. Lozim boʻlsa, notarius taraflarning xohish-istaklarini aniqlash maqsadida ariza olishi mumkin.
172. Qarz shartnomasi boʻyicha qarz olgan shaxs tomonidan toʻlov muddati oʻtkazib yuborilganda, Qonunning 73-moddasiga muvofiq qarz beruvchining iltimosiga koʻra notarius qarzdorga mulkni qaytarish yoki qarz summasini qaytarib berish toʻgʻrisidagi qarz beruvchining arizasini qarz olgan tarafga arizani topshirish notarial harakatini amalga oshirishi va bu haqda guvohnoma berishi mumkin. Shartnoma majburiyatlari bajarilmagan taqdirda esa notarius Qonunning 76—80-moddalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 18-yanvardagi 26-sonli qarori bilan tasdiqlangan Notariuslarning ijro xatlariga asosan qarzni undirish soʻzsiz amalga oshiriladigan hujjatlar roʻyxatiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 2-son, 19-modda) muvofiq ijro xatini yozadi.
Qarz shartnomasi boʻyicha foizlarni belgilash yuzasidan shartlar taraflar tomonidan Fuqarolik kodeksining 734-moddasida koʻrsatilgan tartibda belgilanadi.
18-§. Vasiyatnomalarni tasdiqlash
173. Fuqaroning oʻziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof qilinadi.
Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vasiyatnoma matni vasiyat qiluvchi tomonidan yozilib, notariusga shaxsan taqdim etilgan yoki uning soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan boʻlishi lozim.
Vasiyatnomani tasdiqlab berishda vasiyat qiluvchidan uning vasiyat qilinayotgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti koʻrsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim. Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining oʻz qoʻli bilan imzolanishi, familiyasi, ismi va otasining ismi toʻliq yozilishi shart.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius hozir boʻlganida vasiyat qiluvchi oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sabablarini koʻrsatilgan holda, vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qoʻyishi mumkin. Bunday holatda, notarius Fuqarolik kodeksining 1128-moddasiga asosan vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolagan fuqaroga meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuni, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga daxldor maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emasligi tushuntiradi va bu haqda vasiyatnoma matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
174. Quyidagi shaxslar vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan boʻlsa, oʻsha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun boʻyicha merosxoʻrlari;
toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmagan fuqarolar;
savodsiz boʻlgan shaxslar va vasiyatnomani oʻqiy olmaydigan boshqa shaxslar;
yolgʻon guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
175. Vasiyat qiluvchining iltimosiga binoan vasiyatnomani tasdiqlashda guvohlar ishtirok etishi mumkin. Bunday holda vasiyatnomaning har ikki nusxasiga bu haqda yozib qoʻyiladi, ushbu Yoʻriqnomaning 174-bandida koʻrsatilgan shaxslar guvoh boʻlishlari mumkin emas.
176. Vasiyat qiluvchining xohishiga koʻra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.
Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida oʻz qoʻli bilan yozishi va imzolashi, familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozishi lozim. Bu haqda notarius vasiyat qiluvchidan ogʻzaki soʻraydi va tasdiqlovchi yozuvda koʻrsatadi. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar oʻz familiyasi, ismi, otasining ismini va doimiy propiska qilingan manzilni koʻrsatgan holda xatjildga imzo qoʻyadilar. Guvohlar imzo qoʻygan xatjild guvohlar va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlovchi yozuvni yozib qoʻyadi.
Maxfiy vasiyatnoma reyestrda qayd etilib, alifbo kitobiga kiritiladi va vasiyatnomalar turadigan yigʻmajildda saqlanadi.
177. Notarius tomonidan vasiyat qiluvchining vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi arizasi notarial shahodatlantirilishi kerak.
Notarius vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza olgan taqdirda vasiyatnomaning notariusda saqlanayotgan nusxasiga, reyestrga va alifbo kitobiga bu xususda yozuv kiritadi. Vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza notarial idorada yuritiladigan bitimlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi alohida yigʻmajildda saqlanadi.
Vasiyat qiluvchi oʻzida saqlanayotgan vasiyatnoma nusxasini taqdim etgan taqdirda, vasiyatnomaning oʻzgartirilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida bu nusxaga ham yozib qoʻyiladi.
Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda vasiyatnomani oʻzgartirish va bekor qilish haqida Qonunning 16-moddasiga muvofiq xohlagan notarial idoraga murojaat etishi mumkin. Bunday holda notarius vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani Qonunning 73-moddasiga amal qilgan holda vasiyatnoma tasdiqlangan yoki u saqlanayotgan notarial idoraga topshiradi.
178. Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomaning bittadan nusxasi vasiyat qiluvchi doimiy propiska qilingan joydagi davlat notarial idorasiga saqlash uchun kechiktirmay yuborilishi shart. Ushbu vasiyatnoma vasiyatnomalarni hisobga olish alifbo kitobiga kiritilishi lozim. Bu haqda shu kunning oʻzida Tizimga tegishli maʼlumot kiritiladi.
Notarius saqlash uchun kelib tushgan vasiyatnomani tekshirib koʻrishi va uning qonun hujjatlariga nomuvofiqligini aniqlagan taqdirda, bu xususda vasiyat qiluvchiga va vasiyatnomani tasdiqlagan mansabdor shaxsga maʼlum qilishi shart.
179. Notarius vasiyatnomani tasdiqlashda vasiyat qiluvchiga Fuqarolik kodeksining 1127 va 1142-moddalari mazmunini tushuntirishi va bu haqda vasiyatnoma matnida koʻrsatib oʻtishi lozim.
Notariuslar tomonidan vasiyatnoma tasdiqlangandan keyin vasiyat qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, vasiyatnomani tasdiqlash sanasi va reyestr raqami hamda unga oʻzgartirish kiritilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar alifbo kitobiga va Tizimga kiritilishi lozim.
19-§. Ishonchnomalarni tasdiqlash
180. Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga asosan bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
181. Fuqarolik kodeksining 129-moddasiga asosan oʻz xususiyatiga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan bitimni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
182. Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) koʻrsatilgan faoliyat maqsadlariga zid boʻlmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin. Bu holda, notarius yuridik shaxsning ustavini (nizomini) tekshiradi.
Notariuslar bir yoki bir necha shaxs nomidan bir yoki bir necha shaxs nomiga yozilgan ishonchnomalarni tasdiqlaydilar.
183. Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonun hujjatlari bilan ishonchnomaning oʻzgacha shakli belgilab qoʻyilgan boshqa hollar bundan mustasno.
184. Ishonchnomani tuzish va tasdiqlash uchun ishonchli vakilning ishtiroki talab etilmaydi.
Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek ishonchnoma obyekti haqidagi maʼlumotlar ishonchnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yoki uning soʻzlariga asosan yozilishi mumkin. Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek ishonchnoma obyekti haqidagi maʼlumotlar ishonchnoma beruvchining soʻzlariga asosan yozilgan hollarda berilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ishonchnoma beruvchi masʼuldir. Bu haqda ishonchnoma matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etib qoʻyiladi.
185. Ishonchnoma matnida uning tuzilgan (imzolangan) joyi va sanasi, ishonch bildiruvchi va ishonchli vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi (yuridik shaxsning toʻliq nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), STIRi), doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) manzili, ishonchli vakilga berilayotgan vakolatlar doirasi, Fuqarolik kodeksining 141 va 142-moddalari tushuntirilganligi koʻrsatilishi kerak.
186. Fuqarolik kodeksining 505-moddasiga muvofiq hadya oluvchining nomi va hadya narsasi koʻrsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Notarius mulkni hadya qilish shartnomasini tasdiqlash bilan bogʻliq ishonchnomani tasdiqlashda ishonchnoma matnida hadya oluvchining nomi va hadya narsasini koʻrsatishi shart.
187. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-sonli qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish ishonchnomalarini notarial tasdiqlash faqat qatʼiy hisobda turadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega boʻlgan, “Davlat belgisi” DIChBda tayyorlangan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi. Bunda, bitimning birinchi nusxa gerbli (maxsus) blankada rasmiylashtiriladi.
1871. Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar hamda firmalar vakolatxonalariga hamda ularning xodimlariga, oila aʼzolariga tegishli “CMD”, “D”, “UN”, “T”, “X”, “M” seriyadagi davlat raqamlariga ega boʻlgan avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish ishonchnomalarini notarial tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining roziligini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
188. 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga avtotransport vositalari, 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga mototransport vositalari bilan bogʻliq ishonchnomalarni rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
189. Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomalarni tasdiqlash avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
190. Notariuslar tomonidan tasdiqlangan avtomototransport vositalari bilan bogʻliq ishonchnomalar haqidagi maʼlumotlar DYHXX organlarida hisobga qoʻyish uchun Tizim orqali yuboriladi.
191. Ishonchnoma bittadan ortiq ishonchli shaxsga berilgan taqdirda, u ishonchli shaxslar soni boʻyicha gerbli (maxsus) blankada rasmiylashtiriladi. Qolgan nusxalarda gerbli (maxsus) blankaning seriyasi, tartib raqami va hududiy kodi koʻrsatiladi.
192. Gerbli (maxsus) blankalardagi ishonchnomalar notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda gerb yigʻimi undiriladi.
193. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga boshqa davlatlardan olib kelingan avtomototransport vositalari bilan bogʻliq ishonchnomalar berish ular bojxona organlarida rasmiylashtirilgandan va DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
194. Notarius koʻchmas mulk va avtomototransport vositasini tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomani tasdiqlash paytida ishonchnoma beruvchi eri yoki xotinining mulkni tasarruf etishga roziligi haqidagi arizasi olinib, imzosi shahodatlantiriladi.
Agar er yoki xotin ishonchnoma tasdiqlanayotgan vaqtda notarial idoraga kelmagan hollarda ishonchnoma matnida Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining (bundan buyon matnda Oila kodeksi deb yuritiladi) 23 va 24-moddalari mazmuni tushuntirilganligi haqida va tasdiqlovchi yozuvda esa ishonchnoma beruvchining nikohdan oʻtganlik holatini koʻrsatib oʻtishi lozim.
195. Agar koʻchmas mulk va avtomototransport vositasini tasarruf etish huquqi bilan ishonchnoma berayotgan fuqaroning eri yoki xotini yoʻq boʻlsa (beva boʻlsa yoki boʻydoq), bu haqda notariusga yozma ariza taqdim etadi. Bunda, fuqaroning eri (xotini) yoʻqligi (boʻydoq, beva ekanligi) notarius tomonidan aniqlanadi. Ushbu holatni aniqlash uchun notariusga fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma yoxud bular haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirmalar asos boʻladi.
196. Er (xotin)ni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisida sud hujjati mavjud boʻlgan hollarda notarius koʻchmas mulk va avtomototransport vositasini tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomani tasdiqlashi mumkin. Bu holda notarius Fuqarolik kodeksining 35-moddasi mazmunini ishonchnoma matnida koʻrsatib oʻtishi va taraflarga tushuntirishi lozim.
197. Nikoh qayd etilgunga qadar sotib olingan, meros tariqasida yoki hadya shartnomasi boʻyicha olingan, shuningdek nikoh davomida sotib olingan mulk nikoh shartnomasiga asosan taqsimlab olingan boʻlsa yoki er-xotin oʻrtasidagi mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi sud hujjati yoxud notarial tartibda rasmiylashtirilgan kelishuv mavjud boʻlsa, ishonchnomani tasdiqlash uchun er yoki xotinning roziligi talab qilinmaydi.
198. Ishonchnoma koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi.
199. Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga moʻljallangan, amal qilish muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha oʻz kuchini saqlaydi.
200. Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos boʻlgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
201. Fuqarolik kodeksining 140-moddasiga muvofiq ishonchnoma berilgan shaxs oʻz vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan boʻlsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma shunday ishonib topshirish huquqi koʻrsatib qoʻyilgan asosiy ishonchnoma taqdim etilganidan keyin yoki asosiy ishonchnoma boʻyicha vakil ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilish uchun vaziyat taqozosi bilan shunday ish tutishga majbur boʻlganligi haqida dalillar taqdim etganidan keyin notarial tasdiqlanishi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma asosiy ishonchnoma boʻyicha berilganidan koʻproq huquqni qamrab olmasligi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati bu ishonchnomani berishga asos boʻlgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
202. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma matnida asosiy ishonchnoma tasdiqlangan sana, joy va reyestr raqami, asosiy ishonchnoma olgan, bergan va vakolat ishonib topshirilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va doimiy yoki vaqtincha propiska qilingan (hisobga olingan) manzili, asosiy ishonchnoma bilan berilgan barcha yoki ayrim vakolatlarini (masalan, avtomototransport vositasini sotish, boshqarish, taʼmirlash, haydab olib borish va shu kabilar) berilayotganligi haqida aniq koʻrsatilishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvda esa vakolat berilgan shaxs asosiy ishonchnomaga asosan harakat qilayotganligi koʻrsatib oʻtiladi. Notarial idorada qoldiriladigan asosiy ishonchnomaga esa mazkur ishonchnoma boʻyicha vakolatlar boshqa shaxsga berilganligi haqida yozib qoʻyiladi. Asosiy ishonchnomaning nusxasi notarial idorada qoldiriladigan oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaga qoʻshib tikib qoʻyiladi.
203. Ishonchnoma beruvchi tomonidan ishonchnoma bekor qilingan taqdirda ishonchnoma bergan shaxsning bu haqdagi arizasidagi imzosining haqiqiyligi notarial tartibda shahodatlantiriladi. Bu haqda reyestrga hamda notarial idorada saqlanayotgan ishonchnoma nusxasiga belgi qoʻyiladi. Ushbu ariza ishonchnoma nusxasiga yoki alohida yigʻma jildga tikib qoʻyiladi. Arizaning ikkinchi nusxasi ishonchli vakilni xabardor qilish uchun ishonch bildiruvchiga beriladi.
204. Bekor qilingan ishonchnomalar haqidagi maʼlumot (bekor boʻlgan ishonchnoma kim tomonidan va kimga rasmiylashtirilganligi, sanasi va reyestr raqami, mulkni joylashgan joyi) notarius tomonidan Tizimga kiritilishi shart.
20-§. Meros mulkini qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish
205. Qonunning 52-moddasiga muvofiq meros ochilgan joydagi notarius, basharti qonun boʻyicha merosxoʻrlarning yoki vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning, kreditorlar yoki davlatning manfaatlari uchun zarur boʻlsa, jismoniy va yuridik shaxslarning xabariga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻradi.
Agar qonun boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmasa yoki nomaʼlum boʻlsa, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi merosni boshqaruvchi tayinlanishini soʻrab notariusga murojaat etishi lozim.
206. Agar meros qoldiruvchining mol-mulki yoki uning bir qismi meros ochilgan joydan tashqarida boʻlsa, meros ochilgan joydagi notarius bu haqda meros mol-mulk joylashgan yerdagi notariusga meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida topshiriq yuboradi.
Meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrgan notarius meros ochilgan joydagi davlat notarial idorasiga koʻrilgan chora-tadbirlar haqida xabar qiladi va meros mol-mulk roʻyxatining nusxasini yuboradi.
207. Meros mol-mulkini qoʻriqlashga doir ishlarni amalga oshirish jarayonida notarius ushbu mol-mulkni qoʻriqlanishini taʼminlovchi quyidagi chora-tadbirlarni koʻradi:
meros ochilgan joyini aniqlaydi;
yashash joyi maʼlum boʻlgan merosxoʻrlarni meros ochilganligi haqida va mol-mulkni roʻyxatga olinishi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
oʻlim faktini tasdiqlash uchun oʻlim haqidagi guvohnomani yoki oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirmani talab qiladi, guvohnomaning nusxasi meros ishida qoldiriladi;
meros mol-mulkni qoʻriqlashga dastlabki chora-tadbirlar koʻrilgan yoki koʻrilmaganligini, agar koʻrilgan boʻlsa, unda bu chora-tadbir kim tomonidan koʻrilganligini, meros qoldiruvchining mol-mulki turgan xona (xonalar) muhrlanganligini, bu xonaning (xonalarning) kaliti kimdaligini aniqlaydi;
meros boʻlib qolgan mol-mulkni roʻyxatga olish toʻgʻrisida merosxoʻrlar yoki boshqa manfaatdor shaxslarni xabardor qiladi.
208. Meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashab kelayotgan merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar oʻz xohishlari bilan roʻyxatga olish uchun mol-mulkni taqdim etgan taqdirdagina, notarius ushbu mol-mulkni roʻyxatga oladi.
Agar meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashab kelayotgan merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar mol-mulkni roʻyxatga olishga qarshilik qilishsa, notarius mol-mulkni xatlash uchun taqdim etishdan bosh tortganlik toʻgʻrisida dalolatnomani tuzadi va merosxoʻrlarni bu haqda xabardor qiladi, ularga bu masala yuzasidan daʼvo bilan sudga murojaat etish yoki daʼvoni taʼminlash maqsadida sud tartibida mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazish huquqlarini tushuntiradi.
Agar roʻyxatga olish uchun joyiga chiqilganda, roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan mol-mulk mavjud boʻlmasa va merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar tomonidan olib ketilgan boʻlsa, notarius mol-mulk mavjud emasligi toʻgʻrisida yoki mol-mulk olib ketilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi va bu haqda merosxoʻrlarga yoki boshqa manfaatdor shaxslarga xabar beradi, ularning buzilgan huquqlarini himoya qilish va mol-mulkni qaytarish talabi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etish huquqini tushuntiradi.
209. Roʻyxatga olish dalolatnomasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
meros mol-mulk toʻgʻrisidagi xabar yoki uni qoʻriqlashga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisidagi topshiriqning kelib tushgan sanasi;
roʻyxatga olish sanasi, roʻyxatga olishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
meros qoldiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, uning vafot etgan sanasi;
roʻyxatga olinayotgan mol-mulkning joylashgan joyi, notarius kelishidan oldin xona (xonalar) muhrlanganligi va muhrlash kim tomonidan amalga oshirilganligi, plomba va muhrlar buzilmaganligi haqidagi maʼlumotlar;
qayd etilgan barcha predmetlarning batafsil tavsifi.
210. Roʻyxatga olishni amalga oshirishda ishtirok etgan merosxoʻrlar va boshqa manfaatdor shaxslarning kelishuviga koʻra roʻyxatga olinayotgan har bir meros mol-mulki alohida baholanishi kerak. Kelishuv boʻlmaganida esa meros mol-mulkiga yoki uning kelishuvga erishilmagan qismiga nisbatan baholash meros mol-mulkining baholanishini talab qilgan shaxsning hisobidan baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Agar merosxoʻrlar tomonidan meros qabul qilinmasa, baholovchi tashkilotning xizmat haqi meros mol-mulki hisobidan undiriladi.
211. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi, bino va inshootlar ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali tomonidan, avtomototransport vositalari esa baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanadi.
212. Roʻyxatga olish dalolatnomasining har bir betida buyumlar (predmetlar) miqdori va ularning bahosi natijalariga, roʻyxat tugaganida buyumlar (predmetlar) miqdori va ularning bahosi umumiy natijalariga yakun yasaladi.
Roʻyxatga olish dalolatnomasiga meros qoldiruvchining barcha mol-mulki kiritiladi.
Qoʻshnilar va boshqa shaxslarning ayrim buyumlari ularga tegishli ekanligi toʻgʻrisidagi arizalari roʻyxatga olish dalolatnomasiga kiritiladi, manfaatdor shaxslarga sudga daʼvo bilan murojaat etib, ushbu mol-mulkni roʻyxatdan chiqarish tartibi tushuntiriladi.
Roʻyxatga olish dalolatnomasi kamida uch nusxada tuzilib, bitta nusxasi meros ishiga tikiladi, ikkinchisi tilxat bilan meros boshqaruvchilari va meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan shaxslarga, uchinchisi merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan birgalikda merosxoʻrlarga beriladi.
213. Meros mol-mulkini roʻyxatga olish dalolatnomasi asosida reyestrda meros mol-mulkining qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlarni koʻrish boʻyicha notarial harakatni roʻyxatga olish navbatdagi raqam bilan amalga oshiriladi va ushbu notarial harakat uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
214. Vafot etgan shaxsdan qolgan pul mablagʻlari merosxoʻrlarga guvohnoma berilgunga qadar yoki meros olish huquqi boʻyicha meros mulkini davlat foydasiga oʻtish hollarida davlat notarial idorasining depozit hisobraqamiga topshiriladi.
215. Oltin, kumush, platina va tangadagi, quymadagi va xom turdagi platina guruhdagi metallarga, chet el valyutasiga, chet el valyutasida berilgan toʻlov hujjatlariga, hujjatli shakldagi qimmatli qogʻozlarga, qimmatbaho metallardan, toshlardan ishlab chiqarilgan buyumlarga, shuningdek qimmatbaho toshlarga alohida roʻyxat tuziladi, ular konvertga yoki yumshoq idishga solinadi, muhrlanadi, plombalanadi va roʻyxatga olingan kunning keyingi kunidan kechiktirmay, merosxoʻrlarga berilgunicha yoki meros olish huquqi boʻyicha meros mol-mulki davlatga oʻtish holatida davlat foydasiga topshirilgunga qadar, tegishli bankka saqlash uchun topshiriladi.
Hujjatsiz shakldagi qimmatli qogʻozlar hisobga olish registrlaridagi yozuvlar tarzida tegishli investitsiya vositachisi yoki Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida saqlanadi.
Eng kam ish haqining oʻn baravaridan kam boʻlgan narxdagi qimmatbaho ashyolar (buyumlar) meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan shaxslarda qoldiriladi.
Roʻyxatga olingan qimmatbaho ashyolarni (buyumlarni) tegishli bankka saqlash uchun topshirishdan oldin notarius notarial idorada olib boriladigan qimmatbaho ashyolar (narsalar)ni roʻyxatga olish kitobida ularni qayd etishi lozim. Qimmatbaho ashyolar (buyumlar)ning roʻyxati uch nusxada tuziladi. Ulardan biri qimmatbaho ashyolar (buyumlar) bilan tegishli bankka beriladi, ikkinchisi meros ishiga tikiladi va uchinchisi merosxoʻrlarga merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan birga beriladi.
216. Agar roʻyxatga olish vaqtida eskirishi sababli hech qanday qiymatga ega boʻlmagan narsalar yoki uy hayvonlari mavjud boʻlsa, merosxoʻrlarning roziligi bilan ularning biriga, merosxoʻrlar boʻlmaganida esa notarius tomonidan meros mulkini saqlash uchun tayinlangan boshqa shaxslarga dalolatnoma tuzish orqali topshiriladi.
217. Oziq-ovqat mahsulotlarini notarius merosxoʻrlarga, ular boʻlmaganda tegishli tashkilotlarga topshiradi. Oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish alohida dalolatnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
218. Aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga olish dalolatnomasida har bir aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqargan tashkilot nomi, seriyasi va raqami ularning nominal qiymati va soni koʻrsatiladi.
219. Omonat daftarchalari va marhumga tegishli boʻlgan narsalarga lombard tomonidan berilgan garov pattalari roʻyxatga olinadi va merosxoʻrlarga saqlash uchun beriladi. Merosxoʻrlar boʻlmagan taqdirda, notarius tomonidan meros mulkini saqlash uchun tayinlangan boshqa shaxslarga topshiriladi.
220. Marhumning mol-mulki tarkibida boʻlgan barcha turdagi qurol, shu jumladan, ov miltigʻi va portlovchi moddalar maxsus roʻyxat boʻyicha ichki ishlar organlariga topshiriladi.
221. Meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan orden, medallar, faxriy unvonlar, koʻkrak nishonlari, shuningdek ularni taqdirlash toʻgʻrisidagi hujjatlar esdalik sifatida saqlash uchun meros qoldiruvchining oila aʼzolarida qoldiriladi yoki merosxoʻrlarning roziligi bilan ular muzeylarga topshirilishi mumkin.
222. Mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida notarius qaysi mol-mulkni oddiy uy-roʻzgʻor buyumlariga, qaysilarini esa qimmatbaho ashyolar (buyumlar) tarkibiga kiritish masalasini hal etishi lozim.
https://neolex.uz/uz/laws/law-1605527
