5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida (2011-XII-son) · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Oliy Majlis deputati oʻz saylovchilarining, shuningdek uni deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan tegishli siyosiy partiya yoki tegishli hokimiyat vakillik organining vakili hisoblanadi.
Deputat oʻz burchlarini ijro etishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonun hujjatlariga amal qiladi.
Oliy Majlis deputatining vakolat muddati besh yil.
Oliy Majlis deputatining vakolatlari:
u vakolatini zimmasidan soqit qilgan;
qonunga koʻra deputatlik vakolatini bajarishiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan;
sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan;
chaqirib olingan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan;
vafot etgan taqdirda muddatidan ilgari toʻxtatiladi.
Oliy Majlis deputatining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham muddatidan ilgari toʻxtatilishi mumkin.
Oliy Majlis deputatining huquqlari, burchlari va faoliyatining kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Oliy Majlis deputatlariga belgilangan tartibda ularning deputatlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar qoplanadi. Oliy Majlisda doimiy ishlaydigan deputatlar oʻz vakolatlari davrida haq toʻlanadigan boshqa biron-bir lavozimni egallashlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Oliy Majlis deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Oliy Majlisning, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa — Oliy Majlis Kengashining (navbatdagi sessiyada buni deputatlar eʼtiboriga yetkazish sharti bilan) roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
