Nazorat qiluvchi organlar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlarni tashkillashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida (1712-1-son)
17.03.2010
NAZORAT QILUVChI ORGANLAR FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRUVChI RESPUBLIKA KENGAShINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 17-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1712-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 8-yanvardagi PQ-1257-son “Respublika soliq organlari tizimini yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 1-2-son, 4-modda) asosan Kengash qaror qiladi:
1. Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2007-yil 23-avgustdagi 01-son qarori bilan tasdiqlangan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirishlarni tashkillashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning (roʻyxat raqami 1712, 2007-yil 3-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 35-36-son, 370-modda) 1-ilovasi quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari boshliqlarining buyruqlari asosida bozorlar, savdo komplekslari va ularga tutash avtomobil toʻxtash joylari hududida faoliyat koʻrsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatida bir martalik yigʻimlar va ijara toʻlovi toʻliq toʻlanishi, nazorat-kassa mashinalaridan, hisob-kitob terminallaridan foydalanilishi, shuningdek savdo va xizmatlar koʻrsatish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan oʻtkaziladigan har kunlik tekshirishlar. Bunda, Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari tomonidan tegishli ravishda Kengash yoki uning viloyat hududiy komissiyalariga har kuni oʻtkazilgan tekshirishlar boʻyicha tekshirilgan subyektlar, aniqlangan holatlar va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida kunlik maʼlumot taqdim etib boriladi”.
2. Ushbu qaror Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika kengashi raisi Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 24-fevral,
02-son
