Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand, Buxoro, Urganch shaharlaridagi uchta aeroportini rekonstruksiya qilish uchun Yaponiyaning imtiyozli kreditiga xizmat koʻrsatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (51-son)
28.01.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand, Buxoro, Urganch shaharlaridagi uchta aeroportni rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun “Rivojlanishga rasmiy yordam” (ODA) dasturi doirasida Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan 15526 mln iyen miqdoridagi imtiyozli kreditdan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumati ilovaga muvofiq shartlarda iyenda imtiyozli kredit ajratganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
kreditga xizmat koʻrsatish, kreditni va undan foydalanganlik uchun foizlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
kredit bitimi boʻyicha berilayotgan qarz hajmidan oshadigan moliyaviy xarajatlar markazlashtirilgan kredit resurslari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida undiriladigan barcha soliqlar, bojxona poshlinalari va yigʻimlaridan ozod etilsin:
Yaponiya xorijiy iqtisodiy hamkorlik fondi (OYESF) kredit bitimi yuzasidan barcha toʻlovlar, shuningdek unga qoʻshiladigan foizlar boʻyicha;
kontraktorlar yoki konsultantlar sifatida faoliyat koʻrsatuvchi kompaniyalar — tovarlar yetkazib berish yoki qarzga xizmat koʻrsatishdan olingan foydaga nisbatan;
kontraktorlar yoki konsultantlar sifatida faoliyat koʻrsatuvchi kompaniyalar — ularning loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan oʻz materiallari yoki asbob-uskunalarini import va reeksport qilishiga nisbatan;
loyihani amalga oshirishda band boʻlgan xizmatchilar — ular tomonidan yetkazib beruvchilar, kontraktorlar yoki konsultantlar sifatida faoliyat koʻrsatuvchi kompaniyalardan olinadigan foydaga nisbatan;
qarz mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasiga keladigan asbob-uskunalar, mahsulotlar va xizmatlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning qatnashchilarini Oʻzbekistonda yashash joyida roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrsatib oʻtilgan loyihaning qatnashchilariga “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi buyurtmanomalari boʻyicha konsullik va yigʻimlarning boshqa turlarini undirmagan holda koʻp martalik vizalar berishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
imzolangan kelishuv notalari va kredit bitimida nazarda tutilgan qoidalar va tartiblarning bajarilishini;
Yaponiya Hukumati va OYESFga loyihani amalga oshirishda ishlarning borishi toʻgʻrisidagi zarur axborot va maʼlumotlarni belgilangan tartibda berilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.S. Hamidov va K.R. Rahimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 28-yanvar,
51-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-yanvardagi 51-son qaroriga ILOVA
Yaponiyaning imtiyozli krediti shartlari
Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlaridagi aeroportlarni rekonstruksiya qilish loyihasining qiymati 17288 mln iyen, shu jumladan loyihaning valyuta qismi 15526 mln iyen va mahalliy yetkazib berish va xizmatlarga milliy valyutada haq toʻlash 1762 mln iyenga teng miqdorda baholangan.
1996-yil 17-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va OYESGʻ oʻrtasida imzolangan kredit bitimiga muvofiq OYESF asosiy summani toʻlashni 10 yilga kechiktirgan holda 30 yil muddatga 15526 mln iyen miqdorida kredit ajratadi.
14168 mln iyen miqdoridagi qurilish ishlari uchun foiz stavkasi yiliga 2,7 foiz va 1358 mln iyen miqdoridagi konsalting xizmatlari uchun yiliga 2,3 foiz.
Kredit quyidagi jadval boʻyicha ajratiladi:
1997-yil — 6113 mln iyen;
1998-yil — 6823 mln iyen;
1999-yil — 2560 mln iyen;
2000-yil — 30 mln iyen.
Kredit quyidagi jadval boʻyicha toʻlanadi:
2006-yil 20-dekabrdan boshlab 2026-yil 20-dekabrgacha har 6 oyda 378,7 mln iyendan.
