Mineral resurslar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
28.05.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qoʻmitasi bilan Braziliya Federativ Respublikasi Konchilik va energetika vazirligi oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi va Braziliya Konchilik va energetika vazirligi (bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar),
mineral resurslar sohasida hamkorlik qilish zaruriyatini tan olgan holda,
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar tenglik va hamjihatlik prinsiplariga asoslangan holda doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mineral resurslar sohasida hamkorlikni mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlash istagini bildirdilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni rivojlantiradi, mustahkamlaydi va kengaytiradi:
a) Tomonlar davlatlari hududida yer osti boyliklarini hamda nodir va tarqoq metallar (tantal va niobiy), tarkibida temir mavjud boʻlgan maʼdanlar, yarqirama tosh xomashyosi va koʻrsatib oʻtilgan foydali qazilma konlarini geologik jihatdan oʻrganish maqsadida qoʻshma korxonalarni tashkil qilish imkoniyatlarini oʻrganish;
b) belgilangan tartibda yer osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan almashish;
v) mineral sektorda erishilgan ilmiy-texnik yutuqlar toʻgʻrisida nashr etilgan axborot bilan almashish;
g) birgalikda anjumanlar, simpoziumlar, seminarlar va koʻrgazmalarni oʻtkazish;
d) oʻzaro kelishilgan shartlarda mineral sektorda kadrlarni oʻqitish dasturlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish;
e) mutaxassislar bilan almashish, oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha uchrashuvlar tashkil qilish;
j) Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra hamkorlik qilishning boshqa shakllari.
3-modda
Tomonlar qoʻshma dasturlar yoki loyihalarni amalga oshirish maqsadida alohida protokollar tuzadilar.
4-modda
Tomonlarning vakolatli shaxslari mazkur Memorandum qoidalariga muvofiq bir-birlariga taqdim etilgan har qanday axborotlardan foydalanishadi, axborotni taqdim etuvchi Tomonning bunday axborotni cheklash yoki undan foydalanish yoki tarqatish huquqini oʻzida qoldirish toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinadigan hollar bundan mustasno.
5-modda
1. Tomonlar mazkur Memorandum qoidalarini amalga oshirish maqsadida ikkala Tomonning vakillaridan iborat Qoʻshma ishchi guruhlarini tashkil qilishi mumkin.
2. Qoʻshma ishchi guruhi zarur hollarda va kelishuvga koʻra yigʻilishlar oʻtkazadi.
3. Tomonlar ushbu Memorandumni amalga oshirishga doir xarajatlarni, shuningdek oʻz mutaxassis, maslahatchi, ekspert va Qoʻshma ishchi guruhlar aʼzolarini joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydi.
6-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Memorandumga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Memorandumni qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan barcha kelishmovchiliklar doʻstona muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil davomida amal qiladi.
Mazkur Memorandumning amal qilishini toʻxtatilishi, amal qilgan davrda kelishilgan dasturlar yoki loyihalarning bajarilishiga daxl qilmaydi.
Brazilia shahrida 2009-yil 28-may kuni ikki asl nusxada har biri oʻzbek, portugal va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
