“Barkamol avlod yili” davlat dasturi toʻgʻrisida (PQ-1271-son)
27.01.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishi, mamlakatimiz yigit-qizlarini XXI asr talablariga toʻliq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish boʻyicha keng koʻlamli aniq yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida 2010-yilning “Barkamol avlod yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan:
1. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tasdiqlansin. Unda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilansin:
bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, ularni barkamol rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, amaldagi qonunchilik hamda meʼyoriy hujjatlarga zamon talablariga mos oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
“Sogʻlom ona — sogʻlom bola” dasturini izchil amalga oshirish asosida sogʻlom avlodni voyaga yetkazish borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, profilaktikaga asoslangan sogʻliqni saqlash tizimini ustuvor rivojlantirish, tibbiy xizmat moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sogʻlom bolalar tugʻilishi va ularni tarbiyalash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish hamda maslahat ishlarini kuchaytirish;
tayyorlanayotgan mutaxassislarga real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi mavjud talabga alohida eʼtibor qaratgan holda, oʻsib kelayotgan yosh avlodga taʼlim va tarbiya berish sohasidagi moddiy-texnika bazani yanada mustahkamlash, undan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy adabiyotlarni takomillashtirish;
taʼlim jarayoniga yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni, elektron darsliklar, multimedia vositalarini keng joriy etish orqali mamlakatimiz maktablarida, kasb-hunar kollejlari, litseylari va oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish sifatini tubdan yaxshilash, taʼlim muassasalarining oʻquv-laboratoriya bazasini zamonaviy turdagi oʻquv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi bilan mustahkamlash, shuningdek, oʻqituvchilar va murabbiylar mehnatini moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha samarali tizimni yanada rivojlantirish;
zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish, ularni har bir oila hayotiga joriy etish va keng oʻzlashtirish;
yosh avlodni jismonan barkamol etib tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish sohasida, yoshlarni, ayniqsa, qishloq qizlarini sport bilan muntazam shugʻullanishga keng jalb etish, yangi sport majmualarini, stadionlar va inshootlarni qurish, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash, yuqori malakali ustoz va murabbiylar bilan mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil kuchaytirish;
iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirishning muhim yoʻnalishi, aholi va oʻrta sinf mulkdorlari daromadlarini shakllantirish asosi boʻlgan kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, bu sohadagi mavjud muammolarni hal etish, yoshlar, avvalambor, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun sharoit yaratish;
ilm-fanni yanada rivojlantirish, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun sharoit yaratishga doir kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
yosh oilalarga gʻamxoʻrlik qilish ishlarini kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilishni taʼminlash, jismonan va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida jamiyatning muhim boʻgʻini boʻlgan sogʻlom va mustahkam oilani shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot boʻlgan diniy va ekstremistik taʼsirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 9-dekabrdagi 3329-farmoyishiga binoan tuzilgan Respublika komissiyasiga “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va uning ijrosi monitoringini amalga oshirish vazifasi yuklansin.
3. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi (Sh. M. Mirziyoyev):
ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik, idora, mintaqa, shahar, tuman va aholi punkti boʻyicha hududlar hamda tarmoqlarga oid “Barkamol avlod yili” dasturlari ishlab chiqilishi va qabul qilinishini taʼminlasin;
mazkur Dasturning boʻlimlari va bandlarini davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi respublika organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar darajasida toʻliq va oʻz vaqtida bajarish ishlarini muvofiqlashtirsin, Dasturga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga har chorak yakuni boʻyicha “Barkamol avlod yili” Davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. M. Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar)da Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari rahbarligida Dasturni amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini taʼminlasin, ularning zimmasiga Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklasin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari:
aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalarini keng tushuntirish;
Dasturning amalga oshirilishi toʻgʻrisida muntazam axborot berib borish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, jamoat va nohukumat tashkilotlarning Dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshgan amaliy hissasini yoritishni taʼminlasin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-yanvar,
PQ-1271-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-yanvardagi PQ-1271-son qaroriga ILOVA
“Barkamol avlod yili”
Davlat dasturi
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 11-fevraldagi PF-4275-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 9-son, 84-modda)
(50 va 51-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-apreldagi PF-4215-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 17-son, 130-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 5-son, 37-modda, 17-son, 130-modda; 2011-y., 9-son, 84-modda)
