Suv xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
05.05.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va Misr Arab Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi, bundan buyon “Tomonlar” deb ataladilar,
ikki mamlakat oʻrtasida suv xoʻjaligi sohasidagi birgalikdagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagida,
suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining oʻzaro anglashuvini yanada oshirishiga boʻlgan ishonchdan kelib chiqqan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, huquqlar, oʻzaro foyda va manfaatlar tengligi tamoyiliga amal qilgan holda ikki mamlakat oʻrtasida suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradilar.
2-modda
1-moddada koʻrsatilgan hamkorlik quyidagi sohalarda amalga oshiriladi:
1. Drenaj va sugʻorish tarmoqlarini almashtirish va yangilash boʻyicha zamonaviy texnologiyalar bilan oʻrtoqlashish.
2. Suvdan oqilona foydalanish va sugʻorish tarmoqlarini mukammallashtirish yoʻllari sohasidagi tadqiqotlar bilan oʻrtoqlashish.
3. Suv xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar bilan almashish.
4. Hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun birgalikda oʻtkaziladigan anjuman va seminarlar oʻtkazish.
5. Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xoʻjaligi tarmoqlarini ishlatish tajribasi va potensial imkoniyatlarini oʻrganish uchun ikki mamlakat mutaxassislari uchun trening kurslarini tashkil qilish.
3-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasi doirasida oʻz davlatlarining manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillaridan iborat Ishchi Guruhini tashkil qiladilar.
4-modda
Loyiha-qidiruv ishlarini bajarish va gidrotexnik inshootlarni hamda sugʻorish-melioratsiya tarmoqlarini barpo etish, shuningdek Misr Arab Respublikasi hududida yangi yerlarga ishlov berish ishlarini amalga oshiradigan Tomonlarning vakolatli idoralari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligidan — “Oʻzsuvxorijiyqurilish” respublika tashqi iqtisodiy korxonasi;
Misr Arab Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligidan — Irrigatsiya va suv xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot Markazi.
Misr Arab Respublikasi hududida loyiha-qidiruv ishlarini bajarish va gidrotexnik inshootlarni hamda sugʻorish-melioratsiya tarmoqlarini barpo etish dasturlarida “Oʻzsuvxorijiyqurilish” korxonasining ishtirok etishini Tomonlar oʻrnatilgan tartibda qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-modda
Trening, anjumanlar, seminar va tashriflar dasturlarini moliyalashtirishda yoʻllayotgan Tomon havo transportida xalqaro yoʻnalishlarda uchish xarajatlarni koʻtaradi, qabul qiladigan Tomon esa mamlakat ichidagi yashash va transport xarajatlarini qoplaydi.
6-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq ushbu Memorandumga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlik har bir Tomon davlatlarining qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ushbu Memorandum qoidalari Tomonlarning boshqa xalqaro bitimlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi.
8-modda
Memorandumni talqin qilish va qoʻllashga doir barcha nizolar ikki Tomonning oʻzaro kelishuvi asosida muzokaralar va maslahatlashuvlar asosida hal etilishi kerak.
9-modda
Ushbu Memorandum u imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan birining ushbu Memorandumni bekor qilish niyati toʻgʻrisida yozma bildiruv xatini ikkinchi Tomon olgan kundan boshlab 6 oy kuchda qoladi.
2009-yil 5-mayda Qohira shahrida har biri ikki nusxada, matnlari teng huquqiy kuchga ega boʻlgan oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi.
Agar Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
