“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivlarini axborotlashtirish” loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida
27.04.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Kelishuv
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1992-yil 17-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida “Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida”gi Bitimning 3-moddasiga muvofiq, shuningdek
hamkorlikdagi texnikaviy loyihalarning tizimli va samarali bajarilishini taʼminlash yoʻli bilan ikki mamlakat oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlarini axborotlashtirish” Loyihasini (bundan keyin — “Loyiha”) amalga oshirish maqsadida, Koreya Respublikasi Hukumati Koreya Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, shuningdek, cheklangan budjet mablagʻlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 3 million AQSH dollariga teng miqdorda grant taqdim etadi (bundan keyin — “Grant”).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Grantdan aynan Oʻzbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlarini axborotlashtirish va ularda hujjatlarning, shuningdek oʻta qimmatli tarixiy hujjatlarning elektron arxivlarini yaratish maqsadida foydalanadi.
3. Koreya Respublikasi Hukumati Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligini (bundan keyin — “KOISA”) loyihani amalga oshirishga koʻmaklashishga oid zarur ishlarni bajaruvchi masʼul tashkilot sifatida tayinlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzArxiv” agentligini (bundan keyin — “OʻzArxiv”) grant doirasida beriladigan asbob-uskunalar va materiallardan maqsadli foydalanishni amalga oshiruvchi masʼul tashkilot sifatida tayinlaydi. KOISA OʻzArxiv bilan Loyiha bajarilishining tafsilotlari toʻgʻrisida mazkur Kelishuvning ajralmas qismi hisoblanadigan Muzokaralar bayonnomasini imzolaydilar.
4. (1) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati quyidagi zarur chora-tadbirlarni koʻradi:
a) Grant doirasida keltirilayotgan asbob-uskunalar, materiallar va transport vositalarini oʻz vaqtida bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish va Oʻzbekiston Respublikasi ichida transportda tashishni taʼminlash;
b) Loyihani amalga oshirish doirasida Grant hisobidan keltirilayotgan asbob-uskunalar va materiallarni bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) hamda Oʻzbekiston hududida sotib olinadigan tovar, ish va xizmatlarga qoʻshilgan qiymat soligʻidan (QQS) oʻrnatilgan tartibda ozod etish;
v) KOISA bilan imzolangan shartnomalarga muvofiq Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi Koreya fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasida ularning daromadlari va mol-mulkiga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan bojxona toʻlovlari, ichki soliqlar va boshqa toʻlovlardan ozod etish;
g) bandda qayd etilgan Koreya fuqarolariga Loyiha doirasida KOICA bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ishlarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish va unda boʻlish uchun lozim boʻlgan shart-sharoitlarni yaratib berish;
d) Loyihani samarali amalga oshirish uchun Grant doirasida keltirilgan asbob-uskunalar, materiallar, transport vositalari butligini taʼminlash, ulardan maqsadli va samarali foydalanishini kafolatlash; shuningdek,
e) Grant asosida qoplanadigan xarajatlardan tashqari, Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlarni yaratish.
(2) Grant doirasida taqdim etilgan asbob-uskunalar, materiallar va transport vositalari Oʻzbekiston Respublikasidan reeksport qilinishi mumkin emas.
5. Tomonlar mazkur Kelishuv bilan bogʻliq yoki Loyihani amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan har qanday masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
6. (a) Mazkur Kelishuv imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
(b) Kelishuv, agar Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugashidan olti (6) oy oldin ikkinchi Tomonni yozma ravishda diplomatik kanallar orqali Kelishuvni toʻxtatish toʻgʻrisida ogohlantirmasa, 2009-yil 31-dekabrgacha amal qiladi;
(v) Kelishuvning muddatidan oldin toʻxtatilishi Loyihani tugallanishiga olib kelmaydi, shuningdek, Kelishuv muddatining tugashi oxiriga yetmagan Loyihani tugallanishiga taʼsir etmaydi;
(g) Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan mazkur Kelishuvga diplomatik kanallar orqali almashuv notalari shaklida rasmiylashtirilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Kelishuvni imzoladilar.
2009-yil 27-aprelda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Kelishuv qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
