Sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasida hamkorlik boʻyicha
01.04.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Italiya Respublikasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish vazirligi oʻrtasida oʻzaro
anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Italiya Respublikasi Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya qilish vazirligi (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar),
sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasini rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik va teng huquqlilik asosida sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar hamkorlikning kuyidagi yoʻnalishlarini ustuvor deb kelishib oldilar:
— sogʻliqni saqlash va tibbiyot muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama aloqalarni oʻrnatish, shu jumladan — xirurgiya, onkologiya, urologiya, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordam, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, hamda sanitar-epidimologik nazorat sohasida;
— amaldagi Hamkorlik ish rejasiga asosan, va ushbu Memorandumning 4 va 6-moddalariga binoan, oʻqitish, stajirovka va tajriba almashish maqsadida mutaxassislar almashinuvini amalga oshirish;
— sogʻliqni saqlash sohasiga oid maʼlumot va hujjatlar almashinuvini oʻzaro manfaatdorlik asosida olib borish;
— texnologik va tashkiliy innovatsiyalarni yaxshilashga qaratilgan imkoniyatlarni aniqlash;
— yangi farmatsevtik vositalar va asbob-uskunalar, tibbiyot va sogʻliqni saqlash sohasiga oid texnologik rivojlanish yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumot almashinuvi;
— rasmiy delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish;
— hamkorlikda ilmiy anjumanlar tashkil etish;
— sogʻliqni saqlash sohasi va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlikning oʻzaro kelishilgan boshqa shakllari.
3-modda
Tomonlarning vakolatli organlari sogʻliqni saqlash sohasi va tibbiyot faniga oid tibbiy adabiyotlarning maʼlum roʻyxati, hamda audiovizual materiallari bilan almashadilar.
4-modda
Ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumining maqsadlarini amalga oshirishni koʻzlagan holda, Tomonlar bajarilayotgan faoliyatni tasvirlab, Hamkorlik ish rejasini unga moslashtiradilar.
5-modda
Ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumida keltirilgan faoliyat Tomonlarning budjetlaridagi mavjud mablagʻlariga asosan amalga oshiriladi.
Ekspertlar, olimlar rasmiy delegatsiyalari xizmat safarlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun, ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumining 2 va 6-moddalarga muvofiq, yuboruvchi tomon ikki davlat oʻrtasidagi borish va kelish chiptalari bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
Qabul qiluvchi tomon amaldagi qonunlarga asosan, davlat ichidagi transport va mehmonxonada yashash bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
6-modda
Tomonlar hamkorlik doirasidagi ustuvor yoʻnalishlarni koʻrib chiquvchi, hamda sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlik Ish rejasini ishlab chiquvchi-monitoring va muvofiqlashtirish boʻyicha Komitet tuzadilar, bu Komitet hamkorlikning borishi haqida Tomonlarga axborot berib turadi.
Komitet aʼzolari, raisdan tashqari, har ikkala Tomondan 3 kishidan iborat boʻlib, ularning faoliyatini Sogʻliqni saqlash vazirligidagi yuqori lavozimdagi shaxs boshqaradi.
Ushbu guruh Tomonlarning kelishuviga asosan, 1 yilda bir martadan koʻp boʻlmagan holda yigʻilib, unda tomonlarning belgilangan turli yoʻnalishlardagi ekspertlari ishtirok etishlari mumkin.
7-modda
Ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumi va unda qayd etilgan tadbirlar Tomonlarning amaldagi qonunlari asosida amalga oshiriladi.
Tomonlar hamkorlikni oʻzaro tenghuquqlilik, manfaatdorlik, natijalarni taqsimlash va intellektual mulk huquqini himoya qilish, xalqaro qonunlar va amaliyot asosida olib boradilar.
8-modda
Ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolangan kundan kuchga kiradi.
Oʻzaro anglashuv Memorandumi 5 (besh) yillik muddatga tuziladi va agar Tomonlardan hech biri uni bekor qilish toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali, uning tugallanishi muddatidan 6 (olti) oy ilgari boshqa Tomonni xabardor qilmasa, Oʻzaro anglashuv Memorandumi avtomatik ravishda keyingi shunday muddatlarga uzaytiriladi.
9-modda
Ushbu Oʻzaro anglashuv Memorandumi Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzaro anglashuv Memorandumining barcha koʻrinishdagi oʻzgarishlari, ushbu oʻzgarishlar uchun zarur deb hisoblangan tegishli tadbirlar bajarilishi orqali amalga oshiriladi.
Toshkent shahrida 2009-yil 1-aprelda ikki asl nusxada oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Oʻzaro anglashuv Memorandumi matnini izohlashda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)
