1998-2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (120-son)
19.03.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1998 — 2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Dasturi amalga oshirilishini taʼminlash, qishloqda haqiqiy mulkdorlar sinfini shakllantirish, mulkiy paylar va oila pudrati joriy etish asosida qishloq xoʻjaligi shirkatlari tashkil etish, tuproq unumdorligini oshirish, seleksiya va urugʻchilik tizimini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish va agrar sektorda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 18-martdagi PF-1978-son Farmoniga muvofiq tuzilgan Dastur bajarilishini nazorat qiluvchi Respublika komissiyasi tomonidan tayyorlangan 1998 — 2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Dasturini amalga oshirish boʻyicha ilova qilinayotgan chora-tadbirlar tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ushbu chora-tadbirlar dasturini bajarish boʻyicha bir oy muddatda tadbirlar tayyorlasinlar va tasdiqlasinlar.
Tadbirlarni tayyorlashda va amalga oshirishda quyidagi asosiy vazifalar hal etilishiga alohida eʼtibor qaratilsin:
qishloqda amalga oshiriladigan islohotlarning asosiy yoʻnalishi sifatida xususiy mulkchilik va mulk egasi munosabatlarini mustahkamlash;
qishloq xoʻjaligi korxonalarining huquqlari va iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish, dehqonlarda yer egasi tuygʻusini qaror toptirish, dehqonning oʻz mehnati natijalaridan foydalanishga boʻlgan huquqini toʻliq taʼminlash, mulkiy paylarni joriy etish asosida qishloqda mulkiy munosabatlarni takomillashtirish;
yetishtirilgan hosil uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilish, mulkiy paylar boʻyicha foyda va dividendlarni asoslangan ravishda taqsimlash yoʻli bilan dehqonning oʻz mehnati natijalaridan manfaatdorligini oshirish;
paxta, gʻalla va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi muammosini hal etish, mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga tatbiqan navlarni toʻgʻri tanlash va joylashtirish;
xoʻjalik yuritishning asosiy mezoni sifatida hosildorlik koʻpayishini taʼminlaydigan agrotexnika qoidalari va talablariga rioya etish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, dehqonchilik madaniyatini oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Mehnat vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda 1998-yil 15-aprelgacha Qishloq xoʻjaligi shirkatining namunaviy ustavi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va xizmatlar koʻrsatish yuzasidan oila (jamoa) pudratining shartnomasi, shuningdek:
qishloq xoʻjaligi korxonasini qishloq xoʻjaligi shirkatiga aylantirish boʻyicha komissiya;
qishloq xoʻjaligi shirkati ustav jamgʻarmasini shakllantirish va undan foydalanish tartibi;
qishloq xoʻjaligi shirkati pay jamgʻarmasini shakllantirish va undan foydalanish tartibi;
qishloq xoʻjaligi shirkati boʻlinmas fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi;
mulkiy paylarni shakllantirish va taqsimlash hamda ular boʻyicha dividendlar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlar loyihalarini ishlab chiqsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgeodezkadastr” bosh boshqarmasi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi yerlarining iqtisodiy va qiymat jihatdan bahosini sifatli aniqlash boʻyicha zamonaviy talablarga javob beruvchi uslubiy koʻrsatmalarni 1998-yil 15-maygacha ishlab chiqsinlar.
5. “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi, “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi, “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini va qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer va dehqon xoʻjaliklari mol-mulkini sugʻurtalash tizimini, shuningdek tayyorlovchilar bilan qishloq tovar ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi hisob-kitoblarni takomillashtirish boʻyicha takliflarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
6. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 1998-yil mobaynida:
mahsulot xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, servis xizmati koʻrsatish, moddiy-texnika taʼminoti, dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun omixta yem ishlab chiqarish boʻyicha xususiy va shirkat korxonalarning keng tarmogʻi tashkil etilishini;
qishloq tumanlarida qishloq tovar ishlab chiqaruvchilari uchun huquqiy, iqtisodiy va marketing axborotini toʻplash va tarqatish boʻyicha axborot xizmatlari yaratilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
qishloq xoʻjaligi institutlari va kollejlarida fermyerlar va ommaviy kasblar xodimlarini qayta tayyorlash dasturini shu yil 15-maygacha ishlab chiqsinlar;
ishlab chiqarish faoliyatidagi, dehqonchilik tizimidagi oʻzgarishlarni, koʻp ukladli bozor iqtisodiyoti sharoitlarida marketing va tadbirkorlikni rivojlantirishni hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv dasturlarini shu yil 15-maygacha qayta koʻrib chiqsinlar.
8. Oʻzbekiston Teleradio kompaniyasi, Davlat matbuot qoʻmitasi qishloqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi amalga oshirilishini, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning jahon tajribasini, qishloqda iqtisodiy va agrar munosabatlarni rivojlantirishni, dehqonchilik va chorvachilikning zamonaviy texnologiyalarini, urugʻchilik, seleksiya va naslchilik ishlari sohasidagi yutuqlarni keng yoritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 19-mart,
120-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 19-martdagi 120-son qaroriga ILOVA
1998 — 2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Dasturini amalga oshirish
chora-tadbirlari
