Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (343-son)
31.12.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat mulkidan foydalanish samaradorligini oshirish hamda budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini va qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotishdan tushadigan pul mablagʻlarini taqsimlash mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 31-dekabr,
343-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga 1-ILOVA
Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi budjet tashkilotlarining uchinchi shaxslarning budjet tashkilotlaridan qarzlarini qaytarish hisobiga undirilgan asosiy vositalariga hamda qurilishi tugallanmagan obyektlariga tatbiq etilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini va qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlar yoki ularning bir qismi boshqa maqsadlarga yoʻnaltirilgan taqdirda ushbu Nizom ularning qolgan qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
4. Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish quyidagi shartlardan biri qoniqtirilgan taqdirda amalga oshiriladi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq sotiladiganlari bundan mustasno):
belgilangan xizmat qilish muddatining tamom boʻlishi (toʻliq eskirish hisobga oʻtkazilishi);
ularning jismoniy eskirishi, avariyalar, tabiiy ofatlar, foydalanishning normal sharoitlari buzilishi oqibatida yaroqsiz holga kelishi;
maʼnaviy eskirishi;
budjet tashkilotlarining qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va qayta tashkil etilishi munosabati bilan boʻshab qolishi.
II. Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini va qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish hamda ularni sotishdan tushgan pul mablagʻlarini taqsimlash
5. Budjet tashkilotlarining binolari va inshootlari (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlari) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) tomonidan xususiylashtirish tartibida sotiladi, ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Budjet tashkilotlarining qolgan asosiy vositalari budjet tashkilotlari tomonidan yuqori tashkilot bilan kelishgan holda, yuqori tashkilot boʻlmagan taqdirda — qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda sotiladi, ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Budjet tashkilotlarining binolari va inshootlari (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlari), avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalar qiymati baholash tashkilotlari tomonidan baholangandan keyin “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolarda sotilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumfuqaro foydalanishda boʻlgan va boʻshayotgan avtomototransport vositalari qiymati baholash tashkilotlari tomonidan baholangandan keyin, istisno tariqasida, ushbu Nizomning 8-bandi talablarini hisobga olgan holda, Mudofaa vazirligi tomonidan tashkillashtiriladigan yopiq auksion savdolari orqali sotiladi. Bunda uch oy muddat davomida avtomototransport vositalari yopiq auksionda sotilmagan yoki yopiq auksionda qatnashish boʻyicha arizalar kelib tushmagan taqdirda, mazkur avtomototransport vositalari umumiy tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasining ommaviy savdolariga chiqariladi.
Yuqori tashkilotning (mavjud boʻlganda) talabiga koʻra yoki budjet tashkilotlarining oʻz tashabbusi bilan asosiy vositalar, ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno, asosiy vositalar qiymati baholash tashkilotlari tomonidan baholangandan keyin “E-auksion” elektron savdo platformasida auksion savdolarda sotilishi mumkin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi budjet tashkilotlari hisoblanadigan vakolatxonalarining asosiy vositalari va qurilishi tugallanmagan obyektlari quyidagi tartibda sotiladi:
binolar va inshootlar (qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlar ham shu jumlaga kiradi) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida;
qolgan asosiy vositalar — Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari tomonidan yuqori tashkilot bilan (mavjud boʻlganda) kelishgan holda vakolatxona joylashgan mamlakatning qonunchilikka muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali mustaqil ravishda sotiladi.
7. Ushbu Nizomning 5-bandi birinchi xatboshida nazarda tutilgan binolar va inshootlarni (shu jumladan qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlarni) sotishdan tushgan mablagʻlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasining hisobraqamlarida jamlanadi va ular, sotib olish manbalaridan qatʼi nazar, Agentlik tomonidan xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar sifatida taqsimlanadi.
8. Ushbu Nizomning 5-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan tartibda budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini sotishdan tushgan mablagʻlar budjet tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining tegishli boʻlinmalarida ochilgan budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi. Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar “E-auksion” elektron savdo platformasi tomonidan avtomatik tarzda quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi — tegishli budjet daromadiga oʻtkaziladi;
50 foizi — budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga yoʻnaltiriladi.
Budjet tashkilotlari tomonidan asosiy vositalar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali auksion savdolarida sotilgan taqdirda ularni baholash va sotish xarajatlari budjet tashkilotlari tomonidan toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan umumfuqaro foydalanishidagi boʻshayotgan mol-mulklar, shuningdek, avtomobil va maxsus texnikalarni sotishdan olingan pul mablagʻlari toʻliq miqdorda Mudofaa vazirligining ixtiyorida qoladi va maqsadli ravishda Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
9. Budjet tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq budjet tashkilotlari tomonidan faoliyat ixtisosligiga muvofiq moddiy-texnik bazani mustahkamlashga (shu jumladan avtomototransport vositalarini sotib olishga), shuningdek kreditorlik qarzni (mavjud boʻlganda) toʻlashga yoʻnaltiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi budjet tashkilotlari hisoblanadigan vakolatxonalarining asosiy vositalari va qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlar:
binolar va inshootlar boʻyicha (qurilishi tugallanmagan binolar va inshootlar ham shu jumlaga kiradi) — ularni sotish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida belgilangan tartibda;
qolgan asosiy vositalar boʻyicha — xarajatlar smetasida nazarda tutilgan asosiy vositalarni sotib olishga, faoliyat ixtisosligiga muvofiq moddiy-texnik bazani mustahkamlashga, shuningdek kreditorlik qarzni (mavjud boʻlganda) toʻlashga taqsimlanadi.
11. Asosiy vositalarni balansda saqlovchi ishtirokida Agentlik bilan xaridor oʻrtasida tuzilgan asosiy vositalarning oldi-sotdi shartnomasi va asosiy vositalarning chiqib ketganligini tasdiqlaydigan hujjat ushbu Nizomning 5-bandi birinchi xatboshida nazarda tutilgan budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini balansdan hisobdan chiqarish uchun asos hisoblanadi.
IV. Yakuniy qoidalar
18. Asosiy vositalar sotilishi munosabati bilan ularni balansdan chiqarish va ularni buxgalteriya hisobida aks ettirish budjet tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi
19. Budjet tashkilotlarining rahbarlari taqdim etilayotgan axborotning ishonchliligi va ushbu Nizomga muvofiq oʻzlarining tegishli hisob raqamlariga tushayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining baʼzi qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
4. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 77-modda) bilan tasdiqlangan Davlat korxonalari toʻgʻrisidagi Nizomning 17-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Bunda bino va inshootlarni (shu jumladan qurilishi tugallanmaganlarni) sotish Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bino va inshootlarni (shu jumladan qurilishi tugallanmaganlarni) sotishdan tushgan mablagʻlar, ularni sotib olish manbalaridan qatʼi nazar, davlat mulkini xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar tarzida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan taqsimlanadi”.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat avtomototransport vositalarini sotish tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 28-sentabrdagi 489-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Davlat avtomototransport vositalarini jismoniy va davlat tasarrufida boʻlmagan yuridik shaxslarga sotish tartibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1995-yil 18-avgustdagi 325-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 8-son, 29-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Davlat avtomototransport vositalarini sotish tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 28-sentabrdagi 489-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1996-yil 19-sentabrdagi 326-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 9-son, 26-modda).
