1997-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, iqtisodiy islohotlarning borishini baholash va 1998-yilda iqtisodiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida (90-son)
02.03.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, 1997-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar, inson manfaatlarini taʼminlash Dasturining hamda Hukumat boshqa qarorlarining amalga oshirilishi makroiqtisodiy barqarorlashtirish sohasida erishilgan ijobiy siljishlarni mustahkamlash, iqtisodiy oʻsish va respublika aholisi farovonligini yanada yaxshilash uchun barqaror bazani yaratish imkonini berdi.
Yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishning oʻsishi 5,2 foizni tashkil qildi, uning aholi jon boshi hisobiga hajmi esa 3,2 foizga koʻpaydi. 1997-yilda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1990-yilgi boshlangʻich darajadan 12,7 foizga oshdi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, pudrat qurilish-montaj ishlari, chakana tovar oboroti va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatish hajmlari ancha koʻpaydi.
Inflatsiyaning oʻrtacha oylik surʼatini ikki baravar pasaytirish taʼminlandi. Davlat budjeti taqchilligi belgilangan parametrlar doirasida saqlab qolindi.
Kapital qoʻyilmalar hajmi qariyb 17 foizga koʻpaydi, shu bilan birga xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 1,3 baravar oʻsdi. Koʻkdumaloq konida kompressor stansiyasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Fargʻona viloyatining Toshloq tumanidagi ip yigiruv fabrikasi hamda boshqa koʻpgina obyektlar ishga tushirildi.
Bozor qayta oʻzgartirishlari natijasida nodavlat sektorida ishlayotganlar ulushi 73 foizdan koʻproqni tashkil qiladi. Oʻtgan yili ushbu sektorda sanoat mahsulotlarining 59 foizi ishlab chiqarildi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 99 foizi yetishtirildi va qurilish-montaj ishlarining qariyb 72 foizi bajarildi.
Iqtisodiy ahvolni barqarorlashtirish, aholi daromadlari darajasini oshirish va ularni adresli ijtimoiy himoya qilish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar 1997-yilda aholining haqiqiy daromadlarini 10,5 foizga koʻpaytirish imkonini berdi. Aholi jami daromadlarining qariyb toʻrtdan bir qismi tadbirkorlik faoliyati evaziga shakllana boshladi.
Shu bilan birga, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda bir qator hal etilmagan muammolar mavjud.
Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar bozor munosabatlarini rivojlantirish, qayta oʻzgartirilgan korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni tarkibiy oʻzgartirishlar va zamonaviylashtirish asosida mahsulot raqobatbardoshligini yaxshilash, ichki va tashqi tovar bozorlarini oʻrganish boʻyicha yetarli ishlar olib bormayaptilar.
Ayrim tarmoqlar va korxonalarning moliyaviy ahvoli nobarqarorligicha qolmoqda. 1998-yilning 1-yanvaridagi holatga koʻra zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar 302 tani tashkil qildi. Zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning aksariyati “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzeltexsanoat”, “Toshshaharyoʻlovchitrans”, “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmalari, “Oʻzagroqurilish” birlashmasi tizimida, Toshkent, Samarqand, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridadir. Debitorlik va kreditorlik qarzlarining hajmlari koʻpaydi. Bankrotlik mexanizmi korxonalarni oʻzining moliya-xoʻjalik faoliyati natijalarini yaxshilash borasida faol ishlashga daʼvat etuvchi taʼsirchan vositaga aylanmadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari qishloqda dehqonda yerga, yetishtirilgan mahsulotga va daromadlarga nisbatan mulkdorlik tuygʻusini shakllantiruvchi mulkchilik munosabatlarini oʻzgartirishga, qishloq bozor infratuzilmasini rivojlantirishga va tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga yetarli eʼtibor bermayaptilar.
Xususiylashtirishning birinchi bosqichi qayta oʻzgartirilgan korxonalar faoliyati samaradorligini oshirishda sezilarli natijalar bermadi. Aksiyadorlar hali haqiqiy mulkdorlar boʻlishgani yoʻq, ular korxonani boshqarishda sustkashlik bilan ishtirok etmoqdalar. Aksiyalar investitsiyalar manbai boʻlib xizmat qilmayapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va respublikaning fond bozorida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 31-martdagi PF-1740-son Farmonining toʻliq hajmda bajarilishini taʼminlamayaptilar.
Shartnoma intizomi darajasi bozor iqtisodiyoti talablariga javob bermaydi, tuzilgan shartnomalar bajarilishi uchun tomonlarning zarur huquqiy javobgarligi taʼminlanmayapti. Bu ishda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy xoʻjalik sudi faol faoliyat koʻrsatmayaptilar.
Iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan bozor oʻzgartirishlarini chuqurlashtirish, 1998-yilda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasining majlisidagi muhokamani va mazkur qarorni hisobga olgan holda 1997-yildagi ishlar yakunini va iqtisodiy islohotlarning borishini sinchiklab tahlil qilsinlar, mavjud kamchiliklar sabablarini aniqlasinlar va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasinlar.
Kuchlarni va saʼy-harakatlarni Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari dasturini amalda roʻyobga chiqarishga va Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti prognozini bajarishga jamlasinlar.
2. Quyidagilar 1998-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
barqaror iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini mustahkamlash, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, toʻlov intizomini mustahkamlash, inflatsiyani keskin qisqartirish;
oila manfaatlarini taʼminlash borasida 1998-yilda amalga oshiriladigan tadbirlar Davlat dasturini amalga oshirish. Oilalarning salomatligini muhofaza qilishni yaxshilash, taʼlim darajasini oshirish, ish bilan taʼminlanishini va daromadlarini oʻstirish, oilaning maʼnaviy-axloqiy asoslarini va madaniy manfaatlarini takomillashtirish uchun sharoitlar yaratish;
qishloq xoʻjaligida dehqonda yerga, mehnatga, yetishtirilgan mahsulotga nisbatan mulk egasi hissini shakllantirishni taʼminlovchi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish;
kichik va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro moliya institutlari tomonidan ushbu maqsadlarga ajratilgan mablagʻlardan toʻliq foydalanishni taʼminlash;
shartnoma intizomini mustahkamlash, qabul qilingan majburiyatlar bajarilishi uchun tomonlarning javobgarligini oshirish;
ishlab chiqarishning eksportga yoʻnaltirilganligini kuchaytirish, valyuta va toʻlov balansini mustahkamlashni taʼminlash;
Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, har bir kishining oʻz oʻrnida bozor munosabatlarini roʻyobga chiqarish tamoyillari va asoslarini oʻrganishini taʼminlash;
haqiqiy fond bozorini shakllantirish. Xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarini fond bozorida birlamchi va ikkilamchi joylashtirish asosida moliyaviy resurslarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni ishlab chiqarishni yangilashga jalb etishni taʼminlash;
korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish.
3. 1998-yilda Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shaharlar va tumanlar hokimliklari tasdiqlangan Dasturning bajarilishini taʼminlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
Bosh vazir oʻrinbosarlari Dastur tadbirlarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasining komplekslari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar va kompaniyalar quyidagi birinchi navbatdagi vazifalarni hal qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini taʼminlasinlar:
toʻlov intizomini mustahkamlash, debitor-kreditorlik qarzlari sabablarini bartaraf etish va ularni keskin qisqartirish, har bir korxona va umuman tarmoqning barqaror moliyaviy ahvolini taʼminlash;
mahsulotlari nolikvid va xaridorgir boʻlmagan har bir zarar koʻrib ishlovchi va istiqbolsiz korxonani tanqidiy oʻrganib chiqish, ularni qayta ixtisoslashtirish, tuzilmasini oʻzgartirish yoki tugatish chora-tadbirlarining aniq dasturlarini va jadvallarini ishlab chiqish. Koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlar kompleksini 1998-yil 1-iyulgacha nihoyasiga yetkazish;
korxonalarning iqtisodiy nochorligi va ularning bankrot deb eʼlon qilinishi, korxonalarni bankrot boʻlishgacha olib kelgan aybdor shaxslarni qattiq javobgarlikka tortish bilan bogʻliq masalalarning tezkorlik bilan koʻrib chiqilishini taʼminlash;
shartnomalar, shu jumladan, qishloq xoʻjaligida kontraktatsiya shartnomalari tuzilishi va bajarilishining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ushbu ishda rasmiyatchilikni tugatish, shartnoma majburiyatlari bajarilishining ahvolini muntazam oʻrganish va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning javobgarligini oshirish.
1998-yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha mazkur bandning bajarilishi toʻgʻrisida Bosh vazir oʻrinbosarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hisobotlari eshitilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Davlat mulki qoʻmitasi raisi V. A. Chjen, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar va kompaniyalar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va respublikaning fond bozorida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 31-martdagi 1740-son Farmoni talablari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar, bunda quyidagilarga asosiy eʼtiborni qaratsinlar:
aksiyalarning toʻrtta paketini shakllantirish, aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi fond bozorlarida sotish, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish hisobiga sotish;
qayta oʻzgartirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini oshirish, aksiyadorlarni, shu jumladan, mehnat jamoasi aʼzolarini ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish, chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligini oshirishni va sotish bozori kengaytirilishini taʼminlash jarayoniga jalb qilish;
Oʻzbekiston fond bozorining, ayniqsa aksiyalari tashqi qimmatli qogʻozlar bozoriga chiqarilishi mumkin boʻlgan ustuvor korxonalar aksiyalari xalqaro sarmoyalar bozoriga kirishini taʼminlash;
xususiylashtirish masalalarida byurokratizmga, sansalorlikka va rasmiyatchilik bilan yondashuvga barham berish, butun tizimni malakali, professional tayyorlangan kadrlar bilan mustahkamlash.
6. Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari Oila manfaatlarini taʼminlash borasida 1998-yilda amalga oshiriladigan tadbirlar Davlat dasturining barcha davlat va jamoat tuzilmalari, joylardagi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishini qattiq nazoratga olsinlar. Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning qanday bajarilayotganligi haqidagi hisobotlarni yilning har choragida eshitsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi (I. H. Joʻrabekov), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari eʼtiborni qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning tub masalalarini hal etishga qaratsinlar. Shu maqsadda Oʻ.T. Sultonov, I.H. Joʻrabekov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari T.A. Alimov, V.A. Golishev:
1998 — 2000-yillarda Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish kompleks dasturini bir hafta muddatda puxta ishlab chiqsinlar va taqdim etsinlar;
Oliy Majlis oʻninchi sessiyasining qishloq xoʻjaligida islohotlar masalalari boʻyicha materiallari va hujjatlarini, Yer kodeksi, “Qishloq xoʻjaligi shirkati toʻgʻrisida”, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalarini chuqur oʻrganish yuzasidan hamma joyda agrosanoat kompleksi tizimi rahbarlari va mutaxassislarining oʻquvini tashkil etsinlar. Bunda mulkiy pay va oila pudrati joriy etilishi masalalariga alohida eʼtibor berilsin;
bir oy muddatda 1997-yilda 1177 fermer xoʻjaligi oʻz faoliyatini toʻxtatganligi sabablarini oʻrganib chiqsinlar va fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida yaratilayotgan yangi qonunchilik bazasini hisobga olgan holda ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
8. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
bahorgi dala ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan barcha qishloq xoʻjaligi texnikasini tayyorlashni 1998-yil 15-martgacha, barcha don oʻrish-yigʻish kombaynlarini va yem-xashak oʻrish-yigʻish texnikasini tayyorlashni esa 1-maygacha tugallasinlar. Texnikani xoʻjaliklarda taʼmirlash uchun ehtiyot qismlarni bevosita zavodlardan yetkazib berishni amalda qoʻllasinlar. Chigitni plyonka ostiga ekishga tayyorlanishga, xoʻjaliklarga plyonkalar, mineral oʻgʻitlar, seyalkalar yetkazib berishga, shuningdek texnikaning ishga shay holatda boʻlishiga alohida eʼtibor bersinlar;
paxta terish mashinalari parklari 1998-yil 1-aprelgacha tekshirib chiqilishini taʼminlasinlar, ularni taʼmirlash va tiklash ishlarini avj oldirsinlar.
9. Iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirishning, respublika aholisini ish bilan taʼminlash darajasini koʻtarish va daromadlarini koʻpaytirishning muhim sharti sifatida kichik va oʻrta biznesni uzluksiz rivojlantirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining, vazirliklar va idoralarning, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining, Biznes-fondning muhim vazifasi hisoblansin. Shu maqsadlarda:
Bosh vazir Oʻ. T. Sultonov, Davlat mulki qoʻmitasi (V. A. Chjen), Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (R. S. Azimov) Kichik va xususiy biznesni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashining, Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining faoliyatini faollashtirishga doir qaror loyihasini 15 kun muddatda kiritsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 31-yanvardagi PF-1702-son Farmoniga ilovaga muvofiq belgilangan roʻyxatdagi xorijiy kredit liniyalarining oʻzlashtirilishi uchun masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga va boshqa tijorat banklariga yuklansin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy sudi kichik korxonalar va tadbirkorlar manfaatlarining ishonchli huquqiy himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan, qattiq chora-tadbirlar koʻrsinlar, poraxoʻrlik va taʼmagirlik hollarining oldini olsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish va Investitsiya dasturlari departamentlari, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
korxonalar, tarmoqlar va hududlarning eksport potensialini yanada oshirishni ustuvor vazifa sifatida taʼminlasinlar. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ishlab chiqaradigan mahsulotlarni eksport qilishni ragʻbatlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 26-avgustdagi PF-1831-son Farmonining bajarilishini qattiq nazorat qilsinlar:
mintaqaviy va jahon bozorlarida mahsuloti Oʻzbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan alohida muhim obyektlarning oʻz vaqtida qurilishini va quvvatlari ishga tushirilishini taʼminlasinlar;
1998-yil uchun tasdiqlangan Investitsiya dasturining bajarilishi boʻyicha doimiy monitoringni taʼminlasinlar. Joriy yilning investitsiya dasturi obyektlari boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlashning ochilishini taʼminlasinlar. Bunda loyiha hujjatlarining tayyorligini, pudrat shartnomalari tuzilganligini hamda pudrat tashkilotlarini va moddiy-texnika resurslari yetkazib beruvchilarni tanlash boʻyicha tender oʻtkazilganligini hisobga olsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari taʼlim tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha qabul qilingan qonunchilik va meʼyoriy hujjatlarning hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturining bajarilishini taʼminlasinlar.
Bosh vazir oʻrinbosari A. A. Azizxoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. T. Risqiyev:
yangi turdagi oʻquv yurtlari — akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari faoliyatini tashkil etish;
“Taʼlim” xarita-sxemasini tuzish, kasb-hunar taʼlimi turlari boʻyicha mutaxassislik va kasblar yoʻnalishlari klassifikatorini amaliyotga joriy etish boʻyicha ikki oy muddatda takliflar ishlab chiqsinlar va kiritsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oliy sudi:
korrupsiyaga, uyushgan jinoyatchilikka va boshqa salbiy hodisalarga qarshi kurashishni kuchaytirish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining bajarilishi yuzasidan taʼsirchan va qattiq chora-tadbirlar koʻrsinlar, ushbu ishni respublika huquqni muhofaza qilish barcha organlarining ustuvor vazifalari deb hisoblasinlar;
huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazishni amaliyotga joriy etsinlar. Ushbu maqsadlarda prokuratura, militsiya, adliya, bojxona va soliq qoʻmitalari tizimlarida kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish va koʻrsatib oʻtilgan organlar xodimlari safining tozaligiga rioya etish boʻyicha maxsus inspeksiyalar tashkil qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi huquqni muhofaza qilish boshqa organlari bilan birgalikda korrupsiyaga, uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashni kuchaytirish chora-tadbirlari Dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.
13. “Oʻzteleradio” kompaniyasi (A. Koʻchimov) joylarda iqtisodiy islohotlarning borishi bilan bogʻliq masalalarni keng yoritsin, islohotlarni oʻtkazish jarayonidagi mavjud muammolar va kamchiliklarni respublika jamoatchiligiga xolisona koʻrsatsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari T.A. Alimov, B.H. Gʻulomov, V.A. Golishev, T.T. Risqiyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-mart,
90-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-martdagi 90-son qaroriga ILOVA
1998-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari
DASTURI
