Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-4161-son)
30.12.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda pensiya taʼminoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan oʻz vaqtida moliyalashtirish hamda ularni toʻliq hajmda toʻlash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya taʼminotiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlinmalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, 2010-yilning 1-yanvaridan boshlab pensiyalar, shuningdek, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning toʻlanishini hisobga olish va oʻrganish Pensiya jamgʻarmasining tegishli hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalari fuqarolarning pensiya taʼminoti masalalarining butun kompleksi uchun masʼul boʻlgan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimiga kiruvchi funksiyalar hamda tegishli tuzilmalarni topshirish hisobiga tashkil etiladi;
Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining topshiriladigan tuzilmalari shtat soni oʻrta hisobda 20 foiz qisqaradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi zimmasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi asosiy vazifalar va funksiyalar yuklansin:
fuqarolarning davlat pensiya taʼminotini tashkil qilish, fuqarolarga pensiyalar, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni tayinlash, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalar hamda boshqa toʻlovlarning miqdorlari qayta hisoblab chiqilishini taʼminlash;
pensiyalar hamda boshqa toʻlovlarni toʻliq hajmda moliyalashtirish va toʻlanishini tashkil qilish, ular boʻyicha hisob va hisobotni yuritish;
pensiyalar tayinlanishi va qayta hisoblab chiqilishini tizimli asosda doimiy tahlil qilish va oʻrganish olib borish, fuqarolarning pensiya taʼminotiga yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan qatʼiyan maqsadli foydalanilishini taʼminlash;
mehnat mayibligi yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik boʻyicha tayinlangan pensiyalarni toʻlashga mablagʻlarni daʼvolar boʻyicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil qilish;
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi zimmasiga:
fuqarolarning pensiya taʼminoti sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining mutanosibligini taʼminlash;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni, xususan, pensiyalar hamda boshqa tegishli toʻlovlarni tayinlash va toʻlashda oʻrnatilgan qoidalarni qoʻllanish qismida ularning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazoratni amalga oshirish yuzasidan qoʻshimcha vazifalar yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr,
PF-4161-son
