“55-modda. Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari berish
Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-240-son) · Sana: 25.12.2009 · Amalda
Oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga tomorqa yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha oʻlchamda, choʻl va sahro mintaqasida esa sugʻorilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha oʻlchamda beriladi. Qishloq joylarda kamida uch yil yashab turganlik toʻgʻrisidagi talab yangi sugʻoriladigan yer massivlari uchun qoʻllanilmaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkasining oʻlchami yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkasini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari imoratlar va inshootlar qurish huquqisiz beriladi. Mazkur qoida yakka tartibda uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga ilgari berilgan yoki beriladigan yer uchastkalariga tatbiq etilmaydi.
Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkalarining aniq oʻlchamlari yer resurslarining mavjudligi, aholining zichligiga qarab belgilanadi. Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish toʻgʻrisidagi qaror tuman (shahar) hokimi tomonidan yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning ijobiy xulosasi asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun 0,06 gektar doirasida tomorqa yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilinishi mumkin.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini olishga muhtoj boʻlgan fuqarolar yashash joyidagi tuman (shahar) hokimiga oilasining tarkibini va yer uchastkasining moʻljallangan joyini koʻrsatgan holda ariza beradi.
Tuman (shahar) hokimi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning xulosasi asosida dehqon xoʻjaligini yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalari berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki arizachiga yer uchastkasi berish boʻyicha asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
