Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlariga tayyorgarlikni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida (357-son)
23.07.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Milliy mustaqillik gʻoyalari va xalqimiz anʼanalarini keng targʻib qilish, respublika viloyatlari, shaharlari va tumanlarida Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlariga bagʻishlangan madaniy-ommaviy tadbirlarning yuqori tashkiliy darajada tayyorlanishi va chuqur gʻoyaviy mazmun bilan oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlarini tashkil etish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Respublika komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda jamgʻarmalar bilan birgalikda tuman, shahar va viloyatlar markazlarida Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlarining keng nishonlanishini tashkil etish;
Mustaqillik kuni va Navroʻz bayramlarini nishonlashda Oʻzbekiston taraqqiyotida, jamiyatni demokratik yangilashda, maʼnaviy-axloqiy yuksalishda, xalqimiz mentalitetida, milliy oʻzligini anglashda, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini kuchaytirishda, respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda yuz bergan tarixiy oʻzgarishlarni keng va toʻliq ochib berish;
har yili oʻtkaziladigan tadbirlar mazmuni va mavzuyida mustaqillik yillarida hayotning barcha sohalarida, yangilanish va islohotlarning tanlangan yoʻlini amalga oshirishda, milliy davlatchiligimizni rivojlantirishda, xalqimizning turmush darajasini oshirish va sharoitlarini yaxshilashda Oʻzbekiston erishgan aniq yutuqlarni, respublika shaharlari, tumanlari va aholi yashash joylarini obod qilishdagi ijobiy oʻzgarishlarni aks ettirish;
Nukus shahrida, viloyat markazlarida va Toshkent shahrida oʻtadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi shoirlar, shuningdek professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;
bayram tadbirlarini oʻtkazishda zarur darajada xavfsizlikni taʼminlash.
3. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlarini moliyaviy taʼminlash:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — mahalliy budjet mablagʻlari, ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjaliklar va jamgʻarmalarning homiylik yordami hisobidan;
Toshkent shahrida — respublika budjeti va Toshkent shahri budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramini tashkil etish haqida” 1995-yil 23-fevraldagi 68-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 30-sentabrdagi 374-son qaroriga 15-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 23-iyul,
357-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-iyuldagi 357-son qaroriga ILOVA
Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlarini tashkil etish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Respublika komissiyasining
TARKIBI
Mirziyoyev Sh.M. — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Komissiya raisi Aripov A.N. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari Sultonov X.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (kelishuv boʻyicha), Komissiya raisining oʻrinbosari Sadikov Sh.M. — Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri Komissiya aʼzolari: Zakirov B.I. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Usmonov R.J. — Toshkent shahri hokimi Alimov A.V. — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Axmedbayev A.A. — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Muratov M.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ahmedov M. — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Berdiyev K.R. — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Gʻaniyev E.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Dusanov Z.A. — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Inogʻomov J.S. — “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi Abdullayev I.B. — Davlat xavfsizlik xizmati raisi Tashmatov B.X. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi v.b Inoyatov U.I. — Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Komilov A.X. — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Qosimov N.U. — Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazining rahbari v. b. Qosimov R.S. — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Qoʻchqorov J.A. — Moliya vazirining oʻrinbosari lavozimiga koʻra — Toshkent shahri madaniyat bosh boshqarmasi boshligʻi Mirzaliyev I. (Iqbol Mirzo) — Oʻzbekiston xalq shoiri Mirzoxidov X.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Musayev A.E. — “Oʻzbekkino” milliy agentligining bosh direktori Narbayeva T.K. — Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Nuridinov A.V. — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Rahmatov Oʻ. — “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri Rizayev F.M. — “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Sayfullayev B.S. — Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining rektori Salixov Sh.I. — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Sodiqov A.X. — “Toshshaharyoʻlovchitrans” kompaniyasi raisi lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori Tyan V.N. — “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Usmonov Sh.Gʻ. — “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Fayziyev Z.O. — “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi boshqaruvi raisi Xadjayev A.D. — Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi Hazratqulov M. — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Xaydarov I.U. — “Oʻzbekyengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati raisi Yusupov O.O. — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari.
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Komissiya tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
