26-modda. Taʼlimni boshqarish boʻyicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining huquq doirasi
Taʼlim toʻgʻrisida (464-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Taʼlimni boshqarish boʻyicha maxsus vakolat berilgan davlat organlarining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini roʻyobga chiqarish;
taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslub masalalarida ularga rahbarlik qilish;
davlat taʼlim standartlari, mutaxassislarning bilim saviyasi va kasb tayyorgarligiga boʻlgan talablar bajarilishini taʼminlash;
oʻqitishning ilgʻor shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, taʼlimning texnik va axborot vositalarini oʻquv jarayoniga joriy etish;
taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiyaga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini hisobga olgan holda taʼlim dasturlarini muntazam takomillashtirish;
oʻquv va oʻquv-uslubiyat adabiyotlarini nashr etishni tashkil qilish;
taʼlim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi va davlat taʼlim muassasalarida eksternat toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
davlat oliy taʼlim muassasasining rektorini tayinlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
pedagog xodimlarni tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va qayta tayyorlashni tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
