19-modda. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar
Taʼlim toʻgʻrisida (464-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat oilada taʼlim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim dasturlari boʻyicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham beriladi, davlat taʼlim muassasalarida oʻqitilishi shart boʻlgan va roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qoʻyiladigan mutaxassisliklar bundan mustasno.
Oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomga oʻzlashtirilgan fanlar roʻyxati, ularning hajmlari va fanlarga qoʻyilgan baholar yozilgan varaqa ilova qilinadi.
Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi.
Davlat taʼlim standartlariga mos kelgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlarning hukumatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama bitimlar asosida har ikki tomonning maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlari belgilangan tartibda oʻzaro tan olinishi mumkin.
Tegishli bosqichdagi taʼlimni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beriladi.
Davlat tasdiqlagan namunadagi maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat navbatdagi bosqich taʼlim muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik boʻyicha ishlash huquqini beradi.
