2002-yilda paxta xomashyosi yetishtirish, gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish hamda navlarni yangilashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (477-son)
19.12.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va gʻoʻza navlarini yangilashni yanada takomillashtirish, barcha maydonlarga gʻoʻzaning tolasi sifati boʻyicha xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan, tezpishar va yuqori hosilli seleksiya navlarini joylashtirish, 2002-yil paxta hosili uchun chigit ekish va hosilni yigʻib-terib olishga doir barcha ishlar kompleksining oʻz vaqtida tashkil etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasining 2002-yil hosili uchun chigit ekish maydonlari, gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxtaning yalpi hosili miqdori toʻgʻrisidagi xoʻjaliklarning hisob-kitoblariga asoslangan 1 va 2-ilovalarga muvofiq takliflariga rozilik berilsin.
Belgilansinki, paxta xomashyosi tayyorlash boʻyicha topshiriq bajarilgan taqdirda tasdiqlangan davlat ehtiyojlari uchun xarid qilish hajmlaridan ortiqcha yetishtirilgan paxta tolasi shartnoma narxlarida sotiladi.
2. 2002-yil vegetatsiya davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va suv xoʻjaligi tizimlari boʻyicha suv olish limitlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari suv olishning belgilangan limitlarini ularni oʻn kunliklar boʻyicha taqsimlagan holda barcha suvdan foydalanuvchilarga yetkazsinlar hamda ularga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasinlar.
3. “Oʻzpaxtasanoat uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
2002-yil 1-fevralgacha urugʻlik paxta tozalanishini hamda 20-fevralgacha 4-ilovaga muvofiq miqdorda urugʻlik chigit tayyorlab qoʻyilishini tugallasinlar. Yuqori sifatli urugʻlik chigit xoʻjaliklarga faqat dorilangan holda va sertifikatlar mavjud boʻlgan taqdirda, gʻoʻza seleksiya navlarining tasdiqlangan joylashtirilishiga qatʼiy muvofiq ravishda berilishi taʼminlansin;
2002-yil 15-fevralgacha 5-ilovaga muvofiq urugʻlik chigitni viloyatlararo tashishni tugallasinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hokimlarining agrosanoat kompleksini rivojlantirish masalalari uchun mutasaddi boʻlgan birinchi oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi rahbarlari 2002-yil hosili uchun gʻoʻzani 2 va 6-ilovalarga muvofiq navlar boʻyicha joylashtirishga doir belgilangan topshiriqlarga hamda chigit ekish normalariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasinlar.
Tumanlar va xoʻjaliklar rahbarlari navlarni joylashtirish belgilangan tartibining oʻzboshimchalik bilan buzilishiga yoʻl qoʻymasinlar, ular aybdor shaxslarga nisbatan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
navlarni joylashtirishning tasdiqlangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar, tumanlarda tavsiya qilingan gʻoʻza navlarining ikkitadan ortiq, xoʻjaliklarda esa — bittadan ortiq navi ekilishiga yoʻl qoʻymasinlar, bittadan ingichka tolali va oʻrta tolali nav ekiladigan xoʻjaliklar bundan mustasno;
2002-yil 1-martgacha urugʻlik paxta uchun chigit ekiladigan xoʻjaliklar roʻyxatini tanlov asosida qayta koʻrib chiqsinlar;
gʻoʻzaning yangi, istiqbolli va rayonlashtirilgan navlarini koʻpaytiruvchi elita-urugʻchilik xoʻjaliklari ishini alohida nazoratga olsinlar, ushbu navlarni yuqori unumdor va suv bilan taʼminlangan yerlarga eksinlar, agrotexnika va urugʻchilikka doir tadbirlarni yuqori darajada oʻtkazsinlar;
xoʻjaliklarda gʻoʻzaning yangi navlari oʻzboshimchalik bilan sinab koʻrilishiga yoʻl qoʻymasinlar. Bunday navlarni sinash faqat ilmiy-tadqiqot institutlarining eksperimental bazalarida, yangi navlarni dastlabki koʻpaytirish xoʻjaliklarida hamda davlat nav sinash uchastkalarida olib borilsin.
6. 2002-yil hosili paxta xomashyosi uchun xarid narxlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, paxta xomashyosining 2002-yilda navlar boʻyicha joylashtirish uchun tasdiqlangan barcha seleksiya navlari 8-ilovaga muvofiq uch guruhga boʻlinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 26-dekabrdagi 501-son qarori bilan tasdiqlangan paxta xomashyosining sifat koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda ular uchun hisob-kitob qilish tartibi, seleksiya navlari xarid narxlariga tuzatish koeffitsiyentlari saqlab qolinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda oʻzlariga qarashli tarkibiy boʻlinmalarga va paxta yetishtiruvchilarga xarid narxlari preyskurantini va hisob-kitob tartibini yetkazsin;
jahon bozorida paxta tolasiga narxlar konyunkturasi oʻzgarishini hisobga olgan holda 2002-yil 10-avgustgacha Vazirlar Mahkamasiga paxta xomashyosi xarid narxlari boʻyicha takliflar kiritsin.
9. “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi urugʻlik chigitlarni belgilangan muddatlarda tayyorlashni tugallash uchun zarur miqdor va assortimentdagi urugʻlikni dorilash vositalarining “Paxtasanoat” hududiy birlashmalariga ikki hafta muddatda yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” aksiyadorlik kompaniyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Oʻzdavurugʻliknazorat” markazi urugʻlik chigitni dorilash sifati ustidan kundalik nazorat oʻrnatsinlar, xoʻjaliklarga qogʻoz qoplarga joylanmagan va dorilanmagan chigitlar berilishiga yoʻl qoʻymasinlar.
10. “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” aksiyadorlik kompaniyasi mineral oʻgʻitlarni birinchi navbatda urugʻchilik xoʻjaliklariga hamda qishloq xoʻjaligi ilmiy muassasalariga oziqli moddalar boʻyicha qatʼiy mutanosiblikda va tovar paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar uchun belgilangan meʼyorlardan 10 foiz ortiq miqdorda yetkazib bersin.
11. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda ularning moliyaviy ahvolini mustahkamlash maqsadida “Oʻzagromashservis” uyushmasi mashina-traktor parklari tomonidan 2002-yilda paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga koʻrsatiladigan mexanizatsiyalashgan xizmatlar qiymatining 25 foizi miqdorida chegirmalar belgilansin.
13. Gʻoʻzalarning mazkur qarorga qatʼiy muvofiq ravishda navlar boʻyicha joylashtirilishiga va ularni oʻstirishning nav agrotexnikasi talablari bajarilishiga rioya etilishini nazorat qilish uchun 9-ilovaga muvofiq tarkibda maxsus ishchi komissiya tuzilsin.
Ishchi komissiya chigitni ekishga tayyorlashdan boshlab gʻoʻzaning butun vegetatsiya davrida har bir navning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda:
dalalarning ekishdan oldin tayyorlanishi va chigitning ekilishi;
nihollarni undirib olish, ularni parvarish qilish muddatlari va suv rejimiga rioya qilish;
zararkunandalarga va kasalliklarga, shuningdek qurgʻoqchilikka chidamlilik;
nihollarning rivojlanishi va hosilning yetilishi bosqichlari;
terimga tushish, terimning davom etish muddatlari va paxtaning hosildorligi;
seleksiya navlari reytinggiga koʻra paxta xomashyosi va paxta tolasining sifat koʻrsatkichlari ustidan monitoring olib borsin.
Monitoringni va kuzatuvlarni hisobga olgan holda 2002-yil hosili paxta xomashyosini yigʻib-terib olish yakunlariga koʻra 2003-yil hosili uchun gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish yuzasidan takliflar kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz normativ hujjatlarining mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-dekabr,
477-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 1-ILOVA
2002-yilda paxta maydoni va yalpi hosili
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha 2002-yil hosili uchun gʻoʻzaning roʻyxatdan oʻtkazilgan va istiqbolli navlarini
joylashtirish
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 3-ILOVA
2002-yil vegetatsiya davrida Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning sugʻorish uchun suv olish limitlari
Izoh: Ob-havo sharoitlari va sugʻorish manbalari suvi miqdoriga qarab suv olish limitlari oʻzgartirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 4-ILOVA
2002-yil hosili uchun urugʻlik chigitni tayyorlash boʻyicha
TOPShIRIQ
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 5-ILOVA
2001-yil hosili uchun urugʻlik chigitni viloyatlararo yetkazib berish boʻyicha
TOPShIRIQ
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 6-ILOVA
Qoʻllaniladigan ekish sxemalari va chigit ekish normalari
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-avgustdagi 306-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 8-ILOVA
Gʻoʻzaning asosiy seleksiya navlarining istiqbolliligiga koʻra guruhlanishi
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qaroriga 9-ILOVA
Gʻoʻza navlarining joylashtirilishiga rioya qilinishini nazorat qilish va montoringi boʻyicha ishchi komissiyasi
TARKIBI
