Xalqaro reyslarda yoʻlovchilarni bortda ovqatlanishi uchun “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va uning boʻlinmalari tomonidan keltiriladigan tovarlarni olib kirish tartibi toʻgʻrisida (222-son)
06.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tariflarni pasaytirish va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasining xalqaro aviaqatnovlar bozorida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning boʻlinmalari tomonidan xalqaro qatnovlarda yoʻlovchilarning bort taomlari uchun olib kiriladigan mayda qadoqdagi tovarlar aksiz soligʻidan ozod qilinsin.
2. Istisno tariqasida, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning boʻlinmalariga xalqaro qatnovlarda bort taomlari va bojsiz savdo doʻkonlarida sotish uchun moʻljallangan kichik qadoqdagi alkogolli mahsulotlarni aksiz markalarisiz olib kirishga ruxsat berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda oʻn kun muddatda xalqaro qatnovlarda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish uchun olib kiriladigan yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tovarlarni olib kirish, saqlash, hisobga olish va sotish tartibini ishlab chiqsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S.Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 6-may,
222-son
