Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2050-son)
30.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-noyabrda 2050-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” va 2007-yil 27-iyundagi 131-sonli “Avtomototransport vositalari uchun roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 264-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-oktabr,
107-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2009-yil 13-oktabrdagi 107-sonli buyrugʻiga ILOVA
Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma avtomototransport vositalarini (tirkamalarini, yarim tirkamalarini) (bundan buyon matnda transport vositasi deb yuritiladi) qayta roʻyxatdan oʻtkazish (qayd etish), shuningdek, ularning yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash va almashtirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
transport vositasining egasi (vakili) — transport vositasining mulkdori yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan asoslar va doirada transport vositasiga egalik qiluvchi yoki undan foydalanuvchi yoxud uni tasarruf etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari — mexanik ravishda deformatsiyalanganligi, kimyoviy reagentlar taʼsiri ostida boʻlganligi yoki yuqori haroratda (termik) ishlov berilganligi oqibatida tashqi koʻrinishini aniqlay olmaslik darajasida oʻzgargan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari.
qayta roʻyxatdan oʻtkazish (qayd etish) — tegishli yuridik asoslar mavjud boʻlganida transport vositalarini hisobga olishga doir maʼlumotlar va hujjatlarga oʻzgartirishlar hamda qoʻshimchalar kiritish.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 27-iyundagi 131-sonli qarori bilan joriy etilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining yangi namunalariga tatbiq etiladi.
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligiga tegishli harbiy transport vositalari, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli traktorlar, traktor tirkamalari va oʻziyurar mexanizmlar, umumfoydalanish yoʻllarida ishlatilmaydigan avtomobillar, shuningdek, tramvay, trolleybuslarning roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
II. Transport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish (qayd etish)
3. Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
mulkdor-jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganda, shuningdek mulkdor-yuridik shaxs qayta tashkil etilganda yoki nomlanishi oʻzgarganda;
avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish joyini oʻzgartirishni talab qilmagan holda avtomototransport vositasi egasining yashash (turar) joyi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganda;
yuridik shaxslarga tegishli yuk avtomototransport vositalarining, avtobus va mikroavtobuslarning saqlab turiladigan joyi oʻzgarganda;
avtomototransport vositalarining rangi va (yoki) raqamli agregati oʻzgarganda;
avtomototransport vositasi qayta jihozlanganda;
avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi yoki roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgisi yaroqsiz holga kelganda, shikastlanganda yoki yoʻqolganda.
4. Transport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish (qayd etish) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari Jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmalarining roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlimlari, tumanlararo roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalari yoki tumanlararo roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish guruhlari (bundan buyon matnda ROʻvaIOB deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Mazkur Yoʻriqnomaning 3-bandida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlganda, transport vositasining texnik holatidan qatʼi nazar, yuridik va jismoniy shaxslar oʻn kun mobaynida ROʻvaIOBlarga murojaat etishlari shart.
III. Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash, shuningdek ularni boshqasiga almashtirish
6. Transport vositalarining yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash, shuningdek, ularni boshqasiga almashtirish ROʻvaIOBlar tomonidan amalga oshiriladi.
7. Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari taʼmirlanmaydi.
Yoʻqotilgan (oʻgʻirlangan), foydalanish jarayonida standart talablariga rioya etilmasdan buzilgan yoki qasddan buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari qayta tiklanmaydi. Ularning oʻrniga yangi roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari beriladi.
8. Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash, shuningdek, ularni boshqasiga almashtirish uchun transport vositalarining egalari ROʻva IOBlarga belgilangan tartibda murojaat qiladilar.
9. ROʻvaIOB tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash boʻyicha murojaatlari umumlashtiriladi hamda bir oyda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga (bundan buyon matnda IIV JXD YHXX deb yuritiladi) buyurtma rasmiylashtiriladi.
Bunda, ROʻvaIOB tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash uchun ariza berganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar IIV JXD YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.
10. Buyurtmaga quyidagilar ilova qilinadi:
tegishli toʻlovni tasdiqlovchi hujjat;
transport vositasining roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi qayd etish guvohnomasining nusxasi.
11. Buyurtmalar asosida yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari IIV JXD YHXX qoshidagi “Uzavtomotoservis” masʼuliyati cheklangan jamiyatda (bundan buyon matnda Jamiyat deb yuritiladi) qayta ishlab chiqariladi. Buyurtmalar Jamiyatga kelib tushgandan keyin mazkur Yoʻriqnomaning 10-bandida koʻrsatilgan hujjatlar tekshiriladi.
12. Jamiyat tomonidan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash oʻttiz kun mobaynida amalga oshiriladi.
13. Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari qayta tiklangandan soʻng, ular ROʻvaIOBlarga taqdim etiladi va bu haqda foydalanishda boʻlib shikastlangan va yaroqsiz holga kelib qolgan roʻyxatga olish davlat raqami belgilarini qayd etish kitobiga yozib qoʻyiladi.
14. Avtomototransport vositalarining har bir qayta tiklangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari haqidagi maʼlumot IIV JXD YHXX va Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti Huquqiy statistika bosh markazi elektron hisob bazasiga kiritiladi.
141. Qayta tiklangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari transport vositalarining egalariga topshirilayotganda yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari ROʻvaIOBlarga qaytariladi hamda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi.
142. ROʻvaIOBlar qabul qilib olingan yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari va qabul qilish-topshirish dalolatnomasini Jamiyatga yuboradi.
Jamiyatda yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining haqiqiy holati koʻrib chiqiladi.
Yaroqsiz holga kelib qolgan, shikastlangan yoki buzilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari yoʻq qilinadi va bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
15. Yangi roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari topshirilgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida mexanik ravishdagi deformatsiya taʼsiri natijasida yuzaga kelmagan ishlab chiqarish kamchiliklari oqibatida quyidagi yaroqsiz holatlarga kelsa, bunday roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash bepul amalga oshiriladi:
roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari koʻrinmaydigan darajaga kelib qolganda;
himoya elementlari va yorugʻlik qaytaruvchi qoplamalari oʻz xususiyatini yoʻqotganda;
roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining joylashuvidagi oʻzgarishlar (siljishlar) kuzatilganda.
Boshqa holatlarda roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qayta tiklash toʻlov asosida amalga oshiriladi.
171. Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisini qisqa muddatda qayta tiklash zaruriyati paydo boʻlganda jismoniy va yuridik shaxslar IIV JXD YHXXga ariza bilan murojaat etishlari mumkin.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
avtomototransport vositasi egasi yoki uning vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
tegishli toʻlovni tasdiqlovchi hujjat;
transport vositasining roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi qayd etish guvohnomasining nusxasi.
172. IIV JXD YHXX tomonidan uch ish kuni ichida ariza va unga ilova qilingan hujjatlar oʻrganilib, transport vositasi koʻrikdan oʻtkaziladi. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga hamda Jamiyatga tegishli topshiriq yuboriladi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi shu kunning oʻzida yaroqsiz yoki shikastlangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qabul qiladi hamda qayta tiklash davrida ilgari foydalanishda boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini vaqtincha foydalanishga beradi.
Qayta tiklangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari besh ish kuni ichida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan beriladi.
Yakuniy qoida
18. Ushbu Yoʻriqnoma talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
