2001-2005-yillarda kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, “Internet”ning xalqaro axborot tizimlariga keng kirib borishni taʼminlash dasturini ishlab chiqishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (230-son)
23.05.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalarini iqtisodiyot, fan va taʼlimning barcha sohalariga keng joriy etish, xalqaro axborot tizimlariga, shu jumladan, “Internet”ga kirib borishini kengaytirish, yuqori malakali dasturchi-mutaxassislar tayyorlash darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2001—2005-yillarda kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha maxsus ishchi guruh ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Maxsus ishchi guruh:
respublikada kompyuter va axborot texnologiyalarini tashkil etish va rivojlantirish, dasturiy taʼminlash, kompyuter asbob-uskunalari va axborot tarmoqlari sohasida kadrlar tayyorlash, “Internet”ning xalqaro axborot tarmoqlariga kirib borishi holatini va uning amaliy qoʻllanilishi darajasini chuqur va batafsil oʻrganib chiqsin;
mazkur tahlil asosida uch oy muddatda 2001—2005-yillarda kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga Hukumatning tegishli qarori loyihasini kiritsin.
Dastur loyihasini shakllantirishda:
iqtisodiyot tarmoqlarida, umumtaʼlim maktablari, kollejlar va litseylar, oliy oʻquv yurtlarining oʻquv jarayonida zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, tegishli taʼlim standartlarini ishlab chiqish;
respublikaning oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalari boʻyicha yuqori malakali dasturchilar va mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish darajasini oshirish;
dasturiy taʼminlash, kompyuter va tarmoq asbob-uskunalari, raqamli telekommunikatsiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari tashkil etish;
respublika oʻquv va tadqiqot muassasalari, korxonalari va tashkilotlarining xalqaro axborot tarmoqlariga, shu jumladan, “Internet”ga keng kirib borishini taʼminlash;
kompyuter va axborot texnologiyalari sohasida asbob-uskunalar va texnik vositalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
kompyuter va axborot texnologiyalari sohasida normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilsin.
3. Maxsus ishchi guruh Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Hukumat qarori loyihasini tayyorlashda axborot tizimlari va tarmoqlarini tashkil etish, rivojlantirish va ularning oʻzaro hamkorligiga, istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, tarmoq standartlari va normativlarini belgilashga doir ishlarni muvofiqlashtiruvchi Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazini tashkil qilish yuzasidan taklif kiritsin.
4. Respublika korxonalari va tashkilotlaridan, xalqaro tashkilotlardan homiylarni, shuningdek, xorijiy investorlarni keng jalb etgan holda Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil qilish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.Golishev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 23-may,
230-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 23-maydagi 230-sonli qaroriga ILOVA
2001—2005-yillarda axborot va kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
