Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (201-son)
02.05.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, qishloq xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shuningdek tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi (keyingi oʻrinlarda “Loyiha” deb yuritiladi) boʻyicha oʻzaro tushunish toʻgʻrisida Memorandum imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Unga muvofiq:
Loyihaning umumiy qiymati va Osiyo taraqqiyot bankining 25 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davrga beriladigan 36 mln AQSh dollari miqdoridagi kreditini hisobga olgan holda uni mablagʻ bilan taʼminlashda tomonlarning ishtiroki belgilangan (1-ilova);
Loyihani amalga oshirish besh yil muddatga belgilangan;
tumanda xoʻjaliklararo va xoʻjalik ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlarining aniq hajmlari belgilangan;
qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish va uning marketingini tashkil etishning yangi usullarini Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida sinovdan oʻtkazish nazarda tutilgan.
2. Belgilansinki, tajriba tariqasida, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Loyihani amalga oshirish davrida:
2001-yil hosilidan boshlab paxta va donning davlat xaridlari boʻyicha topshiriqlar oʻrniga 17 ming tonna paxta va 12,5 ming tonna bugʻdoy miqdorida har yilgi belgilab qoʻyilgan xarid kvotalari joriy etiladi;
belgilangan xarid kvotasidan ortiqcha yetishtirilgan paxta qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaliklari tomonidan shartnomaviy narxlar boʻyicha sotiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi oʻn kun muddatda xarid kvotasidan ortiqcha sotiladigan paxtaning shartnomaviy narxlarini belgilash toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
paxta boʻyicha xarid kvotalarini bajargan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari paxtani qayta ishlashdan olingan qoʻshimcha mahsulotlarni qayta ishlash korxonalaridan sotib olgandan keyin oʻz xohishlariga koʻra tasarruf etadilar;
belgilangan xarid kvotasidan ortiqcha yetishtirilgan boshoqli don ekinlari qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaliklari tomonidan shartnomaviy narxlar boʻyicha sotiladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
xarid kvotalari tumanning qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida ular foydalanayotgan qishloq xoʻjaligi yerlarining miqdori va sifati hisobga olingan holda taqsimlanadi;
tumanning Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi har bir alohida xoʻjaligi paxta va bugʻdoy boʻyicha unga belgilangan xarid kvotalari bajarilishi uchun mustaqil javob beradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oqoltin tumanining qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaliklari uchun paxta va boshoqli don ekinlari boʻyicha xarid kvotalarini taqsimlashning, xarid kvotalari bajarilishi boʻyicha javobgarlikni nazarda tutuvchi, mexanizmini ishlab chiqsin va joriy etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi yakunlari boʻyicha uni amalga oshirish chora-tadbirlari, shu jumladan loyihani tashkiliy boshqarish va kreditni qaytarish masalalari toʻgʻrisidagi takliflarni bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Osiyo rivojlanish banki ishtirokida “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1999-yil 3-sentabrdagi 416-son qaroriga ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 2-may,
201-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 2-maydagi 201-son qaroriga 1-ILOVA
“Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab- quvvatlash” loyihasining asosiy
KOʻRSATKIChLARI
* Mablagʻlar amalda oʻzlashtirilishiga qarab aniqlashtiriladi.
** Kredit amalda oʻzlashtirilishiga va har 6 oyda qayta koʻrib chiqiladigan foiz stavkalarining oʻzgarib turishiga qarab aniqlashtiriladi.
