“Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatini xorijiy investor ishtirokida aksiyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (226-son)
22.05.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Korxonalarni xorijiy investorlar ishtirokida yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha xususiylashtirish dasturiga muvofiq hamda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, kabel ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyasini joriy etish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolari oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (Oʻ.T.Sultonov)ning tender natijalariga koʻra “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyati aksiyalari paketining 51 foizini xorijiy investor “Farial” ochiq aksiyadorlik jamiyati (Rossiya Federatsiyasi)ga 1151 ming AQSH dollariga sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Xorijiy investor “Farial” aksiyadorlik jamiyati:
2001-2002-yillarda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatiga kabel mahsuloti yangi turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun asbob-anjomlar, ehtiyot qismlar, xom ashyo va materiallar yetkazib berish tarzida 2 mln AQSH dollarigacha miqdorda qoʻshimcha investitsiya qoʻyish;
2002-yilda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarayotgan mahsulotlar turlarini kengaytirish va miqdorini koʻpaytirish, uning har yilgi eksportini 5 mln AQSH dollari miqdorigacha yetkazish;
2002-yilda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatida avtomobillarni va “Oʻzavtosanoat” uyushmasi hamda “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi korxonalari ishlab chiqarayotgan boshqa texnikani komplektlash uchun har yili 45-50 ming kilometr turli xil simlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish majburiyatini olishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi:
2001-yilda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatini mis katankasi qoldiq miqdorini “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi korxonalarida qayta taqsimlash hisobiga 350 tonna mis katankasi bilan taʼminlashni nazarda tutsin;
2002-yildan boshlab moddiy balanslarda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatiga har yili mis katodlari uchun 3500 tonna miqdorida kvota ajratilishini nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyatini texnika bilan qayta jihozlash va ishlab chiqarishni rivojlantirish loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yilgi investitsiya dasturiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-may,
226-son
