Tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2052-son)
02.12.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 2-dekabrda roʻyxatidan oʻtkazilgan, roʻyxat raqami 2052]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 49-son, 477-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi 456-son “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-y., 11-son, 72-modda) va 2003-yil 3-iyuldagi 302-son “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2003-y., 7-son, 57-modda) qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-noyabr,
89-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-noyabr,
105-son
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 2-noyabr,
7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2009-yil 2-noyabrdagi 89 , 105 va 7-son qaroriga ILOVA
Tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 49-son, 477-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi 456-son “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2000-y., 11-son, 72-modda) va 2003-yil 3-iyuldagi 302-son “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 2003-y., 7-son, 57-modda) qarorlariga muvofiq tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishining tizimli monitoringini (keyingi oʻrinlarda monitoring deb yuritiladi) amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Monitoring tovarlar, ishlar va xizmatlar davlat xaridi (Davlat budjeti, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasi va ijtimoiy soha muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga), shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalar mablagʻlari hisobiga xarid qilish doirasida amalga oshiriladigan tender va tanlov savdolarida (keyingi oʻrinlarda tender va tanlov savdolari deb yuritiladi) ishtirok etishda mamlakatimiz korxonalari — ishlab chiqaruvchilari uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan 20 foizgacha miqdorda narx preferensiyalarining qoʻllanilishini tahlil qilish maqsadida amalga oshiriladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buyurtmachi — qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tender va tanlov savdolarini oʻtkazish orqali tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridini amalga oshiradigan tashkilot;
kapital qurilish — yangi qurilish, korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, obyektlar va asosiy vositalarni mukammal taʼmirlash, jumladan loyiha-qidiruv ishlarini bajarish;
boshlangʻich narx — buyurtmachi tomonidan yoki uning buyurtmasi boʻyicha jalb qilingan tashkilot tomonidan aniqlanadigan tanlov savdolari predmetining hisoblab chiqilgan qiymati;
eng yuqori narx — tender savdolari toʻgʻrisidagi axborotda koʻrsatilgan sotib olinadigan tovarning eng yuqori narxi;
tender va tanlov savdolarining predmeti — tender va tanlov savdolari natijalari boʻyicha sotib olinishi moʻljallanayotgan tovar, ish va xizmat.
II. Monitoringni amalga oshirish tartibi
3. Buyurtmachi ommaviy axborot vositalarida tender va tanlov savdolari natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida yuqori turuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq maʼlumotlarni tender va tanlov savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chop etilgan eʼlonning nusxasini ilova qilgan holda taqdim etadi.
4. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasiga kirmaydigan buyurtmachi ommaviy axborot vositalarida tender va tanlov savdolari natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq maʼlumotlarni tender va tanlov savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chop etilgan eʼlonning nusxasini ilova qilgan holda:
Davlat budjeti, Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasi va ijtimoiy soha muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish yuzasidan tender savdolari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga;
roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan belgilanadigan ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan korxonalar mablagʻlari hisobiga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish yuzasidan tender savdolari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga;
markazlashtirilgan manbalar (davlat kapital qoʻyilmalari), davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari hisobiga kapital qurilish, shuningdek ilgari toʻxtatib qoʻyilgan obyektlar qurilishini davom ettirish bilan bogʻliq ishlar va xizmatlarning butun kompleksini bajarish, tovarlar xarid qilish yuzasidan tender va tanlov savdolari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi deb yuritiladi) taqdim etadi.
5. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ular tomonidan oʻtkazilgan tender va tanlov savdolari natijalari boʻyicha, jumladan idoraviy mansub buyurtmachilardan olinadigan maʼlumotlar asosida:
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq moliyalashtirish manbalarini koʻrsatgan holda umumlashtirilgan tahliliy materiallarni tayyorlaydilar;
mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari — tender va tanlov savdolari ishtirokchilariga narx preferensiyalari berilishi boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablarini hisobga olgan holda umumlashtirilgan materiallarni tahlil qiladilar va tegishli tahliliy maʼlumotnomani tayyorlaydilar;
har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmay tayyorlangan tahliliy maʼlumotnoma va umumlashtirilgan tahliliy materiallarni buyurtmachilardan olingan materiallarni, jumladan tender va tanlov savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chop etilgan eʼlonlarning nusxalarini ilova qilgan holda, mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq tender va tanlov savdolarini moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga taqdim etadilar.
6. Tender va tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilgan taqdirda, tender va tanlov komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida buyurtmachi tomonidan tender va tanlov savdolari oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilishining sabablari koʻrsatilgan xat mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq tender va tanlov savdolarini moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga taqdim etiladi.
Bunda, xatga tender va tanlov savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida chop etilgan eʼlonning nusxasi ilova qilinadi.
7. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek buyurtmachilar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga materiallarni qogʻoz va elektron shakllarda taqdim etadilar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, shuningdek buyurtmachilardan olinadigan materiallar asosida, taalluqli qismi boʻyicha, mamlakatimiz korxonalari — ishlab chiqaruvchilari uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan narx preferensiyalarining qoʻllanilishiga alohida eʼtibor qaratgan holda, yigʻma tahliliy maʼlumotnoma va yigʻma tahliliy materiallarni tayyorlaydilar.
9. Monitoring natijalariga koʻra, taalluqli qismi boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan yigʻma tahliliy maʼlumotnomalar har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay tegishli yigʻma tahliliy materiallarni ilova qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
III. JAVOBGARLIK
10. Mazkur Nizomga muvofiq maʼlumot taqdim etadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek tashkilotlar rahbarlari oʻtkazilgan tender va tanlov savdolari natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga beriladigan maʼlumotlarning toʻliqligi, haqqoniyligi va oʻz vaqtida topshirilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
11. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishilgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. GʻANIYEV
2009-yil 2-noyabr
Tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tender va tanlov savdolari toʻgʻrisida maʼlumot*
Izoh:
*Har bir oʻtkazilgan tender va tanlov savdolari boʻyicha maʼlumot alohida taqdim etiladi.
**Takliflari tender va tanlov savdolari, shuningdek qonunchilik hujjatlari shartlariga mos keladigan tender va tanlov savdolari ishtirokchilari boʻyicha toʻldiriladi.
Tender va tanlov savdolarini eʼlon qilish va oʻtkazishda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga preferensiyalar berilishi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tender va tanlov savdolari toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumot*
Izoh:
*Maʼlumot tender va tanlov savdolarini moliyalashtirish manbaining har bir turi boʻyicha alohida taqdim etiladi.
**Takliflari tender va tanlov savdolari, shuningdek qonunchilik hujjatlari shartlariga mos keladigan tender va tanlov savdolari ishtirokchilari boʻyicha toʻldiriladi.
