Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2040-son)
16.11.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 16-noyabrda 2040-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-iyuldagi 315-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2003-y., 7-son, 63-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Narkotik moddalarni nazorat qilish Davlat komissiyasining 2007-yil 2-maydagi 8-07-sonli “Narkotik moddalarning suiisteʼmoli va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boʻyicha 2007 — 2010-yillarga moʻljallangan kompleks choralar Dasturi toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qaror qiladilar:
1. Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-oktabr,
7-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-oktabr,
10-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 4-oktabr,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 4-oktabrdagi 7, 10, 32-sonli qaroriga ILOVA
Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 210-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 16-iyuldagi 315-sonli “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2003-y., 7-son, 63-modda) qaroriga muvofiq fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq ishlarga jalb etish asoslari va tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar hamda Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalari xodimlariga tatbiq etilmaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom qoidalari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi sohasidagi quyidagi faoliyat turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga tatbiq etiladi (bundan keyingi oʻrinlarda yuridik shaxslar deb yuritiladi):
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash, sotish (berish), tashish, ishlab chiqarish, yoʻq qilish, tayyorlash;
yangi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqish;
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, tibbiyot va veterinariyada, ilmiy va oʻquv maqsadlarida foydalanish;
prekursorlarni saqlash, sotish va tashish.
2. Fuqarolar mazkur Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq ishlarga faqatgina yakka hamda umumiy tartibdagi ruxsatnomalar (bundan keyingi oʻrinlarda ruxsatnomalar deb yuritiladi) asosida qoʻyiladi, bunda:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash, sotish va tashish masʼuliyati yuklatilishi koʻzda tutilayotgan fuqarolarga ichki ishlar idoralari tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq yakka tartibdagi ruxsatnomalar beriladi;
b) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ishlab chiqish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni bajarish majburiyatlari umumiy tartibdagi ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. Prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq ishlarga umumiy tartibdagi ruxsatnomalarning rasmiylashtirilishi talab etilmaydi.
3. Ruxsatnomalar fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq ishlarga jalb etish uchun asos boʻladi.
4. Ruxsatnomalarning amal qilish muddati yuridik shaxsning arizasiga binoan belgilanadi, lekin bu muddat uch yildan ortiq boʻlishi mumkin emas.
5. Ruxsatnomaning yoʻqotilishi bunday ruxsatnomani bergan ichki ishlar idorasi tomonidan uni qaytadan tiklashiga (kelishishiga) qadar xodimlarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq ishlardan vaqtincha chetlashtirishga sabab boʻladi. Ruxsatnomalarni begona shaxslarga berish taqiqlanadi.
6. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq ishlarga jalb etilayotgan fuqarolarning soni imkon qadar cheklanishi lozim.
7. Yuridik shaxslarning rahbariyati ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish hamda toʻxtatish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni oʻz vaqtida ichki ishlar idoralariga taqdim etish uchun shaxsiy javobgardir.
II. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi
8. Ruxsatnomalar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyat amalga oshiriladigan joy boʻyicha ichki ishlar idoralari tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
9. Yakka tartibdagi ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun yuridik shaxs tomonidan hududiy ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasiga mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq ariza beriladi va unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
1) 3 x 4 sm hajmdagi 2 fotosurat;
2) pasport nusxasi;
3) doimiy yashash joyidan maʼlumotnoma;
4) yashash joyidagi narkologik va ruhiy kasalliklar dispansyerlarining maʼlumotnomalari.
10. Ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasi mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni olganidan keyin uch ish kuni mobaynida quyidagilarga:
ichki ishlar idorasining hududiy axborot markaziga — fuqaroning qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sud hukmini oʻtamaganligi yoki sudlanganligi olib tashlanmaganligi yuzasidan (fuqaro respublikaning boshqa viloyatidan kelgan taqdirda soʻrovnoma oʻsha viloyatning axborot markaziga ham yuboriladi);
ruxsatnoma rasmiylashtirilayotgan fuqaroning doimiy yashash joyi boʻyicha ichki ishlar idorasining jinoyat-qidiruv va terrorizmga qarshi kurash boʻlinmasiga — qoralovchi (salbiy) materiallarning mavjudligi yuzasidan;
ruxsatnoma rasmiylashtirilayotgan fuqaroning doimiy yashash joyi boʻyicha ichki ishlar idorasining huquqbuzarliklarning oldini olish boʻlinmasiga — ichki ishlar idorasining profilaktik hisoblari boʻyicha tekshirish va qoralovchi (salbiy) materiallarning mavjudligi yuzasidan soʻrovnomalar yuboradi.
11. Mazkur Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan ichki ishlar idoralarining boʻlinmalari oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddat ichida ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasiga tegishli maʼlumotlarni yuboradi.
12. Soʻrovnomalarga oid maʼlumotlar olingandan keyin ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasi besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda ariza bergan yuridik shaxsga rasmiylashtirilgan ruxsatnomani beradi yoki ruxsatnoma berish rad etilganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
13. Fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan yakka tartibdagi ruxsatnoma olinganidan keyingina uni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash, sotish va tashish bilan bogʻliq boʻlgan ishga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq chiqarilishi mumkin.
14. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar olingan kundan boshlab oʻttiz kundan oshmagan muddatda yakka tartibdagi ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish haqidagi qaror qabul qilinadi.
15. Umumiy tartibdagi ruxsatnomalar xodimlarga yuridik shaxsning buyrugʻi asosida beriladi. Bunda, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq ishlarga umumiy tartibdagi ruxsatnomalar berilgan fuqarolarning roʻyxati dastlab mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq ichki ishlar idorasi boshligʻi hamda narkologik va ruhiy kasalliklar dispansyerlarining bosh shifokorlari bilan kelishilgan boʻlishi lozim. Kelishish yoki kelishishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishning muddati roʻyxat olingan kundan boshlab uch ish kunidan oshmasligi lozim.
16. Ruxsatnomalar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyat amalga oshirilayotgan joyda saqlanishi lozim.
Berilgan (kelishilgan) ruxsatnomalarning nusxalari ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasida nazorat uchun saqlanadi hamda tegishli yuridik shaxs boʻyicha yuritiladigan yigʻma jildiga tikib qoʻyiladi.
17. Xodim giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq boʻlgan ishdan boʻshatilgan taqdirda, yuridik shaxs tomonidan mazkur xodimni ishdan boʻshatish haqida chiqarilgan buyruq nusxasi uch kunlik muddat ichida ruxsatnomani bergan (kelishgan) ichki ishlar idorasining nazorat-litsenziyalash boʻlinmasiga yuboriladi.
III. Ruxsatnomalar berishni (kelishishni) rad etish
18. Ichki ishlar idoralari tomonidan ruxsatnomalar quyidagi shaxslarga berilmaydi (kelishilmaydi):
1) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlmagan shaxslarga;
2) 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga;
3) doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga;
4) surunkali ruhiy kasalliklar, giyohvandlik, toksikomaniya, alkogolizmga duchor boʻlgan hamda dispanser hisobida turuvchi shaxslarga;
5) qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sud hukmi boʻyicha jazoni oʻtamagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarga;
6) ichki ishlar idoralarida unga nisbatan qoralovchi (salbiy) materiallar mavjud boʻlgan shaxslarga.
Mazkur Nizomda koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etmagan yoki taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda ham ruxsatnoma berilmaydi (kelishilmaydi).
IV. Ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish va tugatish
19. Yakka tartibdagi ruxsatnomalarning amal qilish muddati tugashiga kamida bir oy qolganda yuridik shaxslar ruxsatnomalarni bergan ichki ishlar idorasiga ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan mazkur Nizomning 9-bandida keltirilgan hujjatlarni taqdim etadi.
Amal qilish muddati tugagan umumiy tartibdagi ruxsatnomalar mazkur Nizomning 14-bandida belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
20. Ichki ishlar idoralari tomonidan ruxsatnomalarning amal qilinishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
1) xodim tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq ishlarni davom ettirish rad qilinsa;
2) yuridik shaxs tugatilsa;
3) ruxsatnomaning amal qilish vaqtida uning berilishi (kelishilishi)ni rad qilishga sabab boʻladigan holatlar aniqlanganda.
21. Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qaror qabul qilingan kunidan boshlab keyingi bir ish kunidan kechiktirmay yuridik shaxsga yuboriladi.
Ruxsatnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarorda mazkur Nizomning 20-bandida koʻzda tutilgan asoslar koʻrsatiladi.
22. Ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimlarga nisbatan ularning keyinchalik giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarda xizmat qilishiga toʻsqinlik qiluvchi maʼlumotlar yuridik shaxslarda mavjud boʻlgan taqdirda, bunday shaxslarni xizmat vazifalaridan ozod etish choralari koʻriladi hamda bu haqida ruxsatnomani bergan (kelishgan) ichki ishlar idorasiga xabar beriladi.
V. Yakuniy qoidalar
23. Yuridik shaxslarning xodimlari ruxsatnoma talab etiladigan ishlarni bajarish uchun xizmat safarlariga chiqqan taqdirda, ularning xizmat safari guvohnomalarida ruxsatnoma mavjudligi haqida tegishli belgi qoʻyiladi.
24. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish holatlarida yakka tartibdagi ruxsatnoma ularni tashish uchun masʼul boʻlgan shaxsda boʻlishi kerak.
25. Yuridik shaxslar tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat belgilangan tartibda ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi Nizomga 1-ILOVA
Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
* Fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga jalb etish toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandida koʻrsatilgan aniq ish turi (turlari) koʻrsatiladi.
