Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida (51-son)
15.03.2007
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti — AYSESKO (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-mart kunidagi topshirigʻi ijrosini taʼminlash, tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, mamlakatimiz, xususan poytaxtimizning dunyo sivilizatsiyasi, islom fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, yurtimizdagi koʻlamli tarixiy oʻzgarishlarni xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, vatandoshlarimiz, ayniqsa yosh avlod qalbi va ongiga Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada chuqurroq singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar Dasturi 1-ilovaga, respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita Dasturda belgilangan tadbirlar keng jamoatchilik va chet ellardagi yirik olimlar va mutaxassislarning faol ishtirokida amalga oshirilishini taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga taklif etiladigan xorijiy olimlar roʻyxati va ularning maʼruzalari yuzasidan aniq takliflar kiritsin.
3. Maʼnaviyat targʻibot markazi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda Dasturda belgilangan targʻibot-tashviqot ishlarini yuqori saviyada tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligiga Toshkent shahrining 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlarning mohiyati va ijrosini keng koʻlamda yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Toshkent shahar hokimligi:
Toshkent shahriga “Islom madaniyati poytaxti” maqomi berilishi munosabati bilan shahardagi islomiy obidalar, ziyoratgohlarda va ularning atrofida obodonchilik-taʼmirlash ishlarini;
shaharning diqqatga sazovor joylari, markaziy koʻchalar, xiyobonlar, tadbirlar oʻtkaziladigan hamda tadbir ishtirokchilarining yashash joylarida bezash ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga tadbirlar oʻtadigan joylar va ishtirokchilarning yashash joylarida Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-son qarori talablariga rioya etilishini taʼminlash topshirilsin.
7. Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda homiy sifatida qatnashish istagini bildirgan nodavlat va jamoat tashkilotlari, xorijiy va xalqaro tuzilmalarning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.
2007-yil 15-mart,
51-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 15-martdagi 51- son qaroriga 1 -ILOVA
Toshkent shahri 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar
dasturi
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil15-martdagi 51- son qaroriga 2-ILOVA
2007-yilda Toshkent shahri islom madaniyati markazi deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlar boʻyicha tashkiliy qoʻmita
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 2-avgustdagi 162-sonli qarorga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
