2-modda. Asosiy tushunchalar
Radiochastota spektri toʻgʻrisida (725-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
radiochastotalar (radiotoʻlqinlar) — belgilar, signallarni, yozma matnni, tasvirlar va tovushlarni uzatish yoki qabul qilish maqsadida fazoda sunʼiy toʻlqin oʻtkazgichsiz tarqatiladigan, shartli ravishda uch ming gigagersdan kamroq qilib qabul qilingan chastotali elektromagnit toʻlqinlar;
radiochastota spektri — shartli ravishda uch ming gigagersdan kamroq qilib qabul qilingan oraliqdagi radiochastotalar toʻplami;
radioelektron vositalar — radiotoʻlqinlarni tarqatish va (yoki) qabul qilish uchun moʻljallangan texnik qurilmalar yoki tizimlar;
yuqori chastotali qurilmalar — radiochastotalar energiyasini sanoat, ilmiy, tibbiy, maishiy yoki boshqa maqsadlarda hosil qilish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar yoki asboblar, ulardan radiotoʻlqinlarni tarqatish yoki qabul qilish maqsadida foydalanish bundan mustasno;
radiochastotalar polosasi — radiochastota spektrining muayyan sharoitlarda radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish uchun moʻljallangan qismi;
Oʻzbekiston Respublikasi radiochastotalarni taqsimlash jadvali — har xil turdagi radioxizmatlar oʻrtasida taqsimlangan radiochastotalar polosalari roʻyxati;
radioxalaqitlar — radioaloqa tizimida qabul chogʻida bir yoki bir nechta toʻlqin tarqatishlar keltirib chiqargan, axborot sifatining yomonlashuvi, xatoliklar boʻlishi yoki axborot yoʻqolishida namoyon boʻladigan elektromagnit energiyasining taʼsiri;
industrial radioxalaqitlar — radiotoʻlqinlarni uzatish uchun moʻljallanmagan texnik vositalar tomonidan vujudga keladigan radiochastota spektri diapazonidagi elektromagnit tarqatishlar;
elektromagnit moslashuv — radioelektron vositalarning ularga radioxalaqitlar taʼsir etib turgan bir vaqtning oʻzida mavjud ishlatish sharoitlarida talab darajasidagi sifat bilan ishlay olish qobiliyati;
radiochastota spektridan foydalanuvchi — radioelektron vositalarni yoki yuqori chastotali qurilmalarni ishlatish uchun radiochastota organining ruxsatnomasiga ega boʻlgan yuridik yoxud jismoniy shaxs;
biriktirilgan radiochastota — radiochastota organi tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomada koʻrsatiladigan aniq radiochastota;
radiochastota spektrining monitoringi — radiochastota spektri holatini kuzatish, undan foydalanishni baholash, radiochastota spektri toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining oldini olish va bartaraf etish uchun moʻljallangan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
