Tovar-xom ashyo birjalari aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida (2038-son)
06.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkiNI BOSHQARISH DAVLAT qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamentining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 6-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2038]
Oʻzbekiston Respublikasining “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti qaror qiladi:
1. Tovar-xom ashyo birjalari aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-oktabr,
01/19-18/24-son
Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi Z. DOʻSANOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-oktabr,
43-son
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining 2009-yil 13-oktabrdagi 01/19-18/24-sonli va 43-sonli qaroriga ILOVA
Tovar-xom ashyo birjalari aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat
qoidalari
Mazkur Qoidalar tovar-xom ashyo birjasi (bundan buyon matnda birja deb yuritiladi) aʼzolari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllangan:
benefitsiar mulkdor — pirovard natijada mulk huquqiga ega boʻladigan yoki mijozni aniq nazorat qiladigan jismoniy shaxs, shu jumladan, uning manfaatlari yoʻlida pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyani amalga oshirayotgan yuridik shaxs;
ichki nazorat — maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarni aniqlash boʻyicha birja aʼzolarining faoliyati;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlar — Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) rasmiy bayonotlarida xalqaro moliyaviy tizimga xavf tugʻdiruvchi hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimlarida strategik kamchiliklari mavjud deb belgilangan davlatlar va hududlar;
identifikatsiyalash — mijozni lozim darajada tekshirish maqsadida, u topshirgan hujjatlar asosida birja aʼzolari tomonidan mijozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlash;
mijoz — birja bozorida birja aʼzosi xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
nazoratchi — mazkur Qoidalar va qonunchilik hujjatlariga muvofiq ichki nazoratni amalga oshirishga masʼul boʻlgan birja aʼzosining mansabdor shaxsi;
mijozni lozim darajada tekshirish — mijozning va qaysi shaxslar nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirish, taʼsis hujjatlari asosida mulk va boshqaruv tuzilishini oʻrganish orqali benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash, shuningdek, mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va operatsiyalarni, ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda oʻrganish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar — ichki nazoratni oʻtkazish davomida birja aʼzolari tomonidan shubhali deb topilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq sodir etilayotgan va tayyorlanayotgan operatsiyalar;
shubhali operatsiya — pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq, tayyorlash, sodir etish jarayonida boʻlgan yoki sodir etib boʻlingan, ichki nazorat qoidalarini amalga oshirishda birja aʼzosida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilganligi toʻgʻrisida shubha paydo boʻlgan operatsiya;
tavakkalchilik — mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirish tavakkalchiligi;
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
birja aʼzosi — birja tomonidan belgilangan tartibda ushbu birjadan brokerlik joyini xarid qilgan yoki olgan yuridik shaxs.
yuqori mansabdor shaxslar — chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, maʼmuriy yoki sud organida, shu jumladan harbiy tuzilmalarida, yoxud xalqaro tashkilotda doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, tashkiliy-boshqaruv funksiyalarni bajaradigan va yuridik ahamiyatga ega boʻlgan harakatlarni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslar, shuningdek xorijiy davlat korxonalarining rahbarlari, xorijiy taniqli siyosatchilar va siyosiy partiyalarining taniqli aʼzolari (shu jumladan sobiq);
yuqori mansabdor shaxslarga yaqin boʻlgan shaxslar — yuqori mansabdor shaxslarga ijtimoiy va kasbiy jihatdan bevosita bogʻliq boʻlgan jismoniy shaxslar;
operatsiyalarni toʻxtatib turish — mijozning topshiriqnomalari ijrosini toʻxtatib turish;
terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs — terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan, terrorchilik faoliyatini amalga oshirayotgan yoxud amalga oshirishda gumon qilinayotgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori boʻlgan yoxud uni nazorat qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs, shuningdek terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan jismoniy shaxsning yoxud tashkilotning mulkidagi yoki nazorati ostidagi yuridik shaxs;
ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan tan olingan, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishini oldini olishga qaratilgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalari hamda boshqa xalqaro-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan jismoniy yoki yuridik shaxs;
Roʻyxat — terrorizmga, ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi davlat organlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlaridan taqdim etilayotgan maʼlumotlar, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlaridan rasmiy kanallar orqali taqdim etilayotgan maʼlumotlar asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxati;
pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay toʻxtatib qoʻyish — pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni oʻtkazishni, konversiyalashni, tasarruf etishni yoxud koʻchirishni taqiqlash;
yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi — chet davlatning qonunchilik hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs tashkil etmagan holda tashkil etilgan va oʻz ishtirokchilarining (paychilarning, ishonch bildiruvchilarning yoki boshqa shaxslarning) yoxud boshqa benefitsiarlarning manfaatlarini koʻzlab daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan tashkiliy tuzilmadir (fondlar, sherikliklar, shirkatlar, trastlar, jamoaviy investitsiyalar va (yoki) ishonchli boshqaruvning boshqa shakllari);
uchinchi tomon — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan va pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasida koʻrsatilgan tashkilotlar.
2. Quyidagilarda ichki nazorat amalga oshiriladi:
ushbu Qoidalarning 32-bandida sanab oʻtilgan shaxslar taraflardan biri boʻlgan birja operatsiyalari;
birja tovarlarini oldi-sotdisi boʻyicha va muddatli birja instrumentlari bilan bogʻliq birja operatsiyalari (“fyuchers”, “opsion” va boshqa derivativlar).
3. Ichki nazoratning maqsadlari quyidagilardan iborat:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni samarali aniqlash va oldini olish;
birja aʼzolarining qasddan yoki qasddan boʻlmagan jinoiy faoliyatga jalb qilinishiga yoʻl qoʻymaslik;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga oid tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, hujjatlashtirish va ularni kamaytirish;
birja aʼzolari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, shuningdek, pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni tayyorlash va amalga oshirishda birjaning ichki hujjatlarga ogʻishmay rioya qilinishini taʼminlash.
4. Ichki nazoratning vazifalari quyidagilardan iborat:
qonunchilik hujjatlari, mazkur Qoidalar va birjaning ichki hujjatlarga muvofiq mijozlarni lozim darajada tekshirish choralarini amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash, ularning shaxsini tekshirish va operatsiyalarni amalga oshirishda foydalaniladigan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkning kelib chiqishini aniqlash boʻyicha mumkin boʻlgan chora-tadbirlar qoʻllash;
mazkur Qoidalarning 30-bandida va birjaning ichki hujjatlarida belgilangan mezonlar asosida shubhali operatsiyalarni aniqlash;
ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotlarni (hujjatlarni) maxsus vakolatli davlat organiga oʻz vaqtida taqdim etish;
Roʻyxatga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarni kechiktirmasdan va oldindan xabardor qilmasdan toʻxtatib turish, bundan yuridik yoki jismoniy shaxsning shaxsiy hisobvaragʻiga tushayotgan pul mablagʻlarini hisobga kiritish boʻyicha operatsiyalar mustasno, va (yoki) pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay toʻxtatib qoʻyish, va toʻxtatib turilgan kunning oʻzida bunday operatsiyalar haqida maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek, identifikatsiyalash maʼlumotlarini va mijozlarni lozim darajada tekshirishga doir materiallarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida saqlanishini taʼminlash;
birja aʼzolari rahbariyatini tegishli qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan ishonchli axborot va materiallar bilan tezkor va muntazam ravishda taʼminlab borish;
shubhali operatsiyalarning amalga oshirilishi yoki amalga oshirishga urinishlar, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar bilan bogʻliq shaxslar (rahbarlar, taʼsischilar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bunday axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro ayirboshlash;
soʻrovnomalar boʻyicha mijozlar bazasidan terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslarni aniqlash;
birja aʼzolarining faoliyati doirasida tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, hujjatlashtirish va kamaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish;
yuqori mansabdor shaxslar ularning oila aʼzolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslarning amalga oshirayotgan operatsiyalarini chuqur monitoring qilish;
Roʻyxat bilan solishtirish orqali operatsiya ishtirokchilari orasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash;
maxsus vakolatli davlat organining pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini oʻz vaqtida ijro etish.
41. Birjalar birja aʼzolariga pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni mustaqil ravishda toʻxtatib turish, bunda yuridik yoki jismoniy shaxsning shaxsiy hisobiga tushadigan mablagʻlarni oʻtkazish boʻyicha operatsiyalar mustasno, va (yoki) pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay toʻxtatib qoʻyish hamda ulardan foydalanishga ruxsat berish va toʻxtatib turilgan operatsiyalarni tiklash imkoniyati yaratib berishi shart.
II. Ichki nazorat tizimini tashkil etish
5. Ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish qonunchilik hujjatlari, mazkur Qoidalar va tegishli birjalar tomonidan belgilanadigan birja savdosi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish uchun ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish maqsadida birjalar tomonidan tasdiqlanadigan birja qoidalari quyidagilarni nazarda tutishi kerak:
birja aʼzolari tomonidan ichki nazorat tizimining joriy etilishi va amalga oshirilishini;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalar talablarini bajarishni;
mijozlar va operatsiyaning boshqa ishtirokchilarini tekshirish va identifikatsiyalash boʻyicha choralarni;
maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan shubhali operatsiyalar mezonlari va alomatlarini;
birja aʼzolarining faoliyati doirasida tavakkalchiliklarni, shuningdek ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash va baholashni;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha qonunchilik talablarini bajarmayotgan birja aʼzolariga nisbatan mutanosib ravishda sanksiyalarni qoʻllash;
shubhali operatsiyalarni hujjatli aks ettirish va ular toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilishni;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralarni;
xodimlarni tanlash boʻyicha malaka talablari va tartiblarini;
kadrlarni tayyorlash va oʻqitishga doir malaka talablarini;
birja aʼzosi xodimlariga ichki nazorat jarayonlari va mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralarini oʻrgatishni;
ichki nazoratni amalga oshirishda olinadigan axborot va hujjatlarni saqlash boʻyicha talablarni;
birja tomonidan monitoring va nazoratni amalga oshirish maqsadida birja aʼzosining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan birjaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha zarur hujjatlar va maʼlumotni talab qilish huquqini;
birja aʼzosi faoliyatining xususiyatlarini inobatga oluvchi boshqa jarayonlarni.
61. Birja va birja aʼzolarining nazorati ostida yoki ahamiyatli taʼsiri doirasida bitta yoki bir nechta pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar boʻlgan taqdirda ichki qoidalar guruhiy yondashuv asosida ishlab chiqilishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarish va mijozlarni lozim darajada tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni almashish qoidalari va tartib-taomillari;
komplayens nazoratni, auditni va (yoki) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish funksiyalarini guruh darajasida taʼminlash, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va (yoki) ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadlari uchun zarur boʻlgan hollarda filiallardan va shuʼba korxonalardan ularning mijozlari, hisobvaraqlari va operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olinishini taʼminlash;
maxfiylikni va maʼlumotlardan foydalanishni yetarli darajada himoya qilish.
7. Ichki nazorat tizimi birja aʼzolari faoliyatining xususiyatlari, asosiy yoʻnalishi, mijozlar bazasi va mijozlar hamda ularning operatsiyalari bilan bogʻliq tavakkalchilik xavflari darajasini hisobga olgan holda tashkillashtiriladi.
71. Birja aʼzolarining chet eldagi shoʻba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro standartlar va ular joylashgan mamlakat talablariga rioya qilishlari lozim.
Agarda birja aʼzolarining chet eldagi shoʻba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari joylashgan mamlakatning qonunchilik bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi yengilroq ichki nazorat chora-tadbirlari nazarda tutilgan bulsa, ular mazkur Qoidalarga amal qilishlari kerak.
72. Birja aʼzosi oʻzining chet eldagi shoʻba korxonalari, filiallari va vakolatxonalaridan ular joylashgan mamlakatlar qonunchiligida tegishli choralar taqiqlanganligi sababli jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha tegishli choralarni rioya qilish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, birja aʼzosining bosh ofisiga axborot berilishini talab qilishga majburdirlar. Oʻz navbatida birja aʼzosining bosh ofisi bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi shart.
8. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadlarida birja aʼzolari tomonidan mazkur Qoidalarga rioya etilishi uchun rahbar yoki uning oʻrinbosari darajasida masʼul shaxs (bundan buyon matnda masʼul shaxs deb yuritiladi) tayinlanadi.
Masʼul shaxslar ishini muvofiqlashtirish uchun birjada birjaning vakolatli xodimi tayinlanadi.
81. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida birjaning vakolatli xodimi birja aʼzolarining rahbarlarini, benefitsiar mulkdorlarini va affilingan shaxslarini (agar mavjud boʻlsa) identifikatsiyalashi va ishchanlik obroʻsini oʻrganishi hamda ularni Roʻyxat bilan solishtirishi kerak.
Birjaning vakolatli xodimi birja aʼzolarining raxbarlari, benefitsiar mulkdorlari yoki affillangan shaxslari (agar mavjud boʻlsa) Roʻyxat bilan toʻliq mos kelgan taqdirda, bu haqida darhol maxsus vakolatli davlat organiga, Raqobat qoʻmitasiga hamda birja rahbariga xabar berishi shart.
9. Rahbar oʻrinbosari darajasidagi masʼul shaxs birja aʼzosi ijro etuvchi organi rahbarining buyrugʻi bilan tayinlanadi va toʻgʻridan-toʻgʻri rahbarga hisobdor boʻladi hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishda mustaqil hisoblanadi.Tayinlangan masʼul shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar birjaning vakolatli xodimiga taqdim etiladi.
91. Masʼul shaxs, shu jumladan ushbu lavozimga tayinlanayotgan shaxs hamda birja aʼzosining pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi xodimlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro standartlarni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligini hamda birja savdosi qoidalarini bilishi kerak.
92. Masʼul shaxs lavozimiga, shuningdek, birja aʼzosining pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi xodimlari sifatida quyidagi shaxslar tayinlanishi mumkin emas:
oʻz faoliyati va shaxsiy xulq-atvorida ishonib topshirilgan boʻlinmani notoʻgʻri boshqargani yoki ishni vijdonan yuritmaganini namoyon etgan shaxslar;
iqtisodiyot sohasidagi, boshqaruv tartibiga qarshi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bogʻliq jinoyatlari uchun avval sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar.
Ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan talablar birja aʼzosining rahbari, taʼsischisi va benefitsiar mulkdoriga nisbatan ham tatbiq etiladi.
10. Birjalar har yili 15-yanvargacha maxsus vakolatli davlat organiga va Raqobat qoʻmitasiga masʼul shaxslar roʻyxatlarini taqdim etadilar va ushbu roʻyxatlarga kiritilgan oʻzgarishlar haqida bu haqda maʼlum boʻlgan paytdan boshlab besh ish kuni mobaynida xabar berishni taʼminlaydilar.
11. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida masʼul shaxs quyidagi funksiyalarni bajaradi:
mazkur Qoidalarga muvofiq ichki nazorat jarayonini va mijozlarni lozim darajada tekshirishni joriy etishni va amalga oshirishni tashkillashtiradi;
birja aʼzosi faoliyatining oʻziga xos jihatlaridan kelib chiqib, ichki nazoratni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi va rahbariyatga tasdiqlash uchun kiritadi;
mijozlarning ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan shubhali operatsiyalari va xatti-harakatlari toʻgʻrisidagi xabarlarni maxsus vakolatli davlat organiga oʻz vaqtida yuborilishini, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organining qoʻshimcha axborot taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovlarining bajarilishini taʼminlaydi;
ichki nazorat tizimini tashkil etish boʻyicha va Raqobat qoʻmitasi, maxsus vakolatli davlat organining vakolatli vakillari, shuningdek tashkilotning ichki audit xizmati xodimlari va tashqi auditorlar tomonidan olib borilgan tekshiruvlar davomida birja aʼzosi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha monitoringni amalga oshiradi;
mazkur Qoidalar va ichki nazorat dasturlarini amalga oshirish jarayonining maxfiyligini taʼminlaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
12. Masʼul shaxs quyidagilarga haqli:
oʻz tashkilotining rahbarlari va xodimlaridan ichki nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tashkiliy-boshqaruv, buxgalteriya va boshqa hujjatlarni talab qilib olish;
ichki nazoratni amalga oshirish maqsadida olingan hujjatlardan nusxa koʻchirish, tashkilotning elektron maʼlumotlar bazalari, mahalliy hisoblash tarmoqlari va avtonom kompyuter tizimlarida saqlanayotgan fayllar va boshqa yozuvlardan nusxalar olish;
xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalarga nisbatan kelgusidagi xatti-harakatlar boʻyicha rahbariyatga takliflar kiritish (shu jumladan, mijoz yoki operatsiya toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot olish yoki mavjud axborotni tekshirish maqsadida oʻtkazilayotgan operatsiyani toʻxtatish boʻyicha).
Masʼul shaxs qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Masʼul shaxs quyidagilarga majburdir:
mijozlarni lozim darajada tekshirishni amalga oshirish;
benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash va ularning shaxsini tekshirish boʻyicha mumkin boʻlgan chora-tadbirlarini koʻrish;
mijozlardan ish munosabatlarining maqsadi va koʻzlangan xususiyati, shuningdek zarur hollarda pul mablagʻlarining kelib chiqish manbai toʻgʻrisida soʻrash;
mijozni lozim darajada tekshirish materiallariga qoʻshib qoʻyiladigan yaqqol iqtisodiy mohiyatga ega boʻlmagan, mijozning taʼsis hujjatlarida yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomasida nazarda tutilgan maqsad va faoliyat turlariga toʻgʻri kelmaydigan barcha operatsiyalar boʻyicha lozim darajada tekshirish natijalari va xulosalarini yozma ravishda qayd etish;
identifikatsiyalashni yakunlash imkoni boʻlmaganda yoki mijozni tegishli tarzda tekshirish natijalariga koʻra, u bilan ish munosabatlarini oʻrnatish maqsadga muvofiq emas deb topilgan taqdirda mijoz bilan bitim tuzishni rad etish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish boʻyicha oʻz tavakkalchiliklarini aniqlash va baholash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni koʻrish, ushbu tavakkalchiliklarni hujjatlashtirish va ularni kamaytirish chora-tadbirlarini koʻrish;
shubhali operatsiyalar aniqlanganda, belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organiga axborot berish uchun birja aʼzosi rahbariyatini xabardor qilish;
olingan axborotlarning maxfiyligiga rioya qilish;
ichki nazoratni amalga oshirish davomida olingan hujjatlarning saqlanishi va qaytarilishini taʼminlash.
maxsus vakolatli davlat organining pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv tadbirlarida ishtirok etish va oʻquv tadbirlarida olingan maʼlumotlarni birja faoliyatida ishtirok etuvchi birja aʼzosi xodimlarga yetkazish.
Masʼul shaxs zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
131. Operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar zarurat tugʻilgan taqdirda operatsiya tafsilotlarini qayta tiklash mumkin boʻlgan tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
14. Xodimlarning soʻnggi yangiliklarga, jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning, terrorizmni moliyalashtirishning va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishning zamonaviy usullari, uslublari va yoʻnalishlari haqidagi axborotga ega boʻlishlarini taʼminlash hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik hujjatlari va majburiyatlarning barcha jihatlarini aniq tushuntirib berish maqsadida birja aʼzolarining barcha xodimlarini, shu jumladan, masʼul shaxslarini oʻqitish va malakasini oshirish maxsus vakolatli davlat organi va Raqobat qoʻmitasi bilan kelishilgan oʻquv dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻqitish muntazam ravishda, yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.
15. Masʼul shaxs birjaning vakolatli xodimiga kamida bir yilda bir marta oʻz faoliyati natijalari haqida hisobotlar tayyorlaydi va taqdim etadi.
Birjalar masʼul shaxsning faoliyatlari haqidagi hisobotlarni kamida bir yilda bir marta maxsus vakolatli davlat organiga va Raqobat qoʻmitasiga yuboradilar.
151. Har bir birja aʼzosi qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalar asosida masʼul shaxsning vazifalari, huquqlari va javobgarligini belgilaydigan nizomni ishlab chiqishi, tasdiqlashi va amalga kiritishi lozim.
Ushbu Nizom oʻzida masʼul shaxsga boʻlgan quyidagi talablarni aks ettirishi kerak:
uning maqsadi va vazifalari;
uning boshqa boʻlinmalardan mustaqil boʻlishini taʼminlash usullari;
uning rahbar, shu jumladan benefitsiar mulkdorlari bilan oʻzaro munosabati;
oʻzining funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish huquqiga ega boʻlishi, shuningdek mazkur maʼlumotlarni taqdim etish masalalari yuzasidan birja aʼzosi xodimlarining majburiyati;
qonunchilik hujjatlari va ichki hujjatlar talablari buzilishlarini oʻrganishni oʻtkazish huquqi;
olingan maʼlumotlarni rahbarga erkin ifodalash va oshkor etish huquqiga ega boʻlishi;
rahbarga tegishli hisobotni taqdim qilish majburiyati;
mazkur sohadagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida rahbarni xabardor qilish majburiyati;
xodimlarni tanlash boʻyicha malaka talablari va tartiblari;
malakani oshirish boʻyicha maxsus kurslarda muntazam ravishda oʻqib borish majburiyati.
III. Mijozlarni lozim darajada tekshirish
16. Birja aʼzolari:
ish munosabatlarini oʻrnatishda;
bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdoridan ortiq boʻlgan bir martalik operatsiyalar amalga oshirilganda;
olib borilayotgan operatsiyalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadlariga aloqador ekanligiga har qanday shubha mavjud boʻlganda;
identifikatsiyalash uchun avval olingan maʼlumotlarning asliyligi va ishonchliligiga shubhalar mavjud boʻlganda mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradilar.
Agarda operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda yoxud offshor hududlarda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlganda birja aʼzolari mijozlarni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlarni koʻrishlari lozim.
161. Mijozni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlariga quyidagilar kiradi:
mijoz haqida qoʻshimcha maʼlumotlar (faoliyat turi, aktivlar miqdori, ochiq maʼlumotlar bazasi orqali olishi mumkin boʻlgan maʼlumot va boshqalar) olish va foydalanuvchi yoki benefitsiar mulkdor boʻyicha maʼlumotlarni yanada tezroq yangilab borish;
mijozdan uning pul mablagʻlari yoki moliyaviy holatining manbasi haqida maʼlumot olish;
rejalashtirilgan yoki oʻtkazilgan operatsiyalarning sabablari toʻgʻrisida maʼlumotlar olish;
qoʻshimcha tekshirishni talab qiladigan operatsiyalar (bitimlar) xususiyatini aniqlash hamda tekshirishlarning soni va ketma-ketligini oshirish yoʻli bilan ish munosabatlarining kuchaytirilgan monitoringini amalga oshirish.
162. Mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart:
tegishli hujjatlar asosida mijozning va mijoz nomidan ish yurituvchi shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirish;
mijozning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash;
mijoz tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari va operatsiyalarni ularning bunday mijoz va uning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda oʻrganish oʻtkazish.
Agar mijozning benefitsiar mulkdorini aniqlashning imkoni boʻlmasa, birja aʼzolari mijozning rahbarini identifikatsiyalashlari kerak.
Mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha yuqorida koʻrsatib oʻtilgan choralarni koʻrish bilan birga, mijoz yoki benefitsiar mulkdor sifatida qatnashayotgan yuqori mansabdor shaxslar va ularning oila aʼzolari yoki benefitsiar egasi boʻlgan yuqori mansabdor shaxslarning yaqin shaxslariga nisbatan birja aʼzolarining xodimlari:
yuqori mansabdor shaxsning mavqeyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirish va oʻtkazilayotgan operatsiyadagi pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni manbalarini aniqlash boʻyicha oqilona choralarni koʻrishi;
yuqori mansabdor shaxs, uning oila aʼzolari yoki yuqori mansabdor shaxsga yaqin shaxslar bilan amaliy ish munosabatlariga faqatgina birja aʼzosining rahbariyati ruxsati bilan kirishishi (yoki mavjud mijozlar uchun davom ettirish);
amaliy ish munosabatlarini monitoring qilib borishi lozim.
163. Birja aʼzolari mazkur Qoidalarning 162-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirgan uchinchi tomonlarning lozim darajada tekshirish natijalariga ishonishlari mumkin. Mazkur hollarda mijozlarni lozim darajada tekshirish natijalari boʻyicha soʻnggi javobgarlik birja aʼzosining zimmasida qoladi. Bunda birja aʼzosi:
mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash maʼlumotlari va boshqa tegishli hujjatlar nusxalarini soʻrov asosida darhol olish imkoniyatiga ega boʻlishiga;
uchinchi tomon mazkur Qoidalar asosida ishlashiga ishonch hosil qilishi kerak.
Mazkur bandning yuqorida koʻrsatilgan talablaridan biriga rioya qilinmagan taqdirda, birja aʼzolari mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni mustaqil ravishda amalga oshirishlari kerak.
17. Mijozlarni lozim darajada tekshirish birja bozorida koʻrsatiladigan xizmatlarning barcha yoʻnalishlari va bosqichlarida, shu jumladan mavjud boʻlgan mijozlarga nisbatan ham olib borilishi lozim.
Mijoz va mijozning benefitsiar mulkdori identifikatsiyasi mazkur Qoidalarning 1 va 2-ilovalarida koʻzda tutilgan maʼlumotlar, shuningdek operatsiyalar va boshqa bitimlarning bajarilishi uchun asos hisoblanuvchi hujjatlar va boshqa zarur maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Mijoz yoki benefitsiar mulkdorni identifikatsiyalash bilan bir qatorda ular tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etiladigan hujjatlardan foydalangan holda ularning operatsiyalarni amalga oshirishga boʻlgan vakolatlari tekshirilishi shart.
171. Birjaning aʼzosi, agar mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllash imkoni boʻlmasa, mijoz bilan ish munosabatlariga kirishni rad etishi va (yoki) mavjudlarini toʻxtatishi, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiya toʻgʻrisida xabar yuborishi shart.
18. Mijoz birja bozorida operatsiyalarni amalga oshirish toʻgʻrisida topshiriq bilan bir yoki bir necha marta murojaat qilganda, birja aʼzolari quyidagilarga majburdirlar:
qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq operatsiya oʻtkazishda mijoz yoki manfaatdor shaxslarni identifikatsiyalash;
ushbu mijozning avvalgi hisobot davri (oy, chorak, yarim yil, yil) mobaynida amalga oshirgan operatsiyalarini, agar bunday operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlsa, oʻrganib chiqish;
operatsiya turini hamda uning mijoz — yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida belgilangan maqsad va faoliyat turiga muvofiqlik darajasini aniqlash;
operatsiya turini hamda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan mijoz-jismoniy shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan faoliyat turiga muvofiqlik darajasini aniqlash.
19. Mijoz — jismoniy shaxsni identifikatsiyalash uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjat) asosida amalga oshiriladi. Agar jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa, shuningdek, uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi ham oʻrganilishi lozim.
20. Mijoz — yuridik shaxsni identifikatsiyalashda birja aʼzolari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan manzili, rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni tekshirishlari lozim.
21. Mijoz — yuridik shaxsni yanada batafsilroq oʻrganish maqsadida:
mijozning taʼsis hujjatlari (roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar bilan) va mijozning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning rasmiylashtirilishiga;
mijozning boshqaruv organlarining tuzilishi va ularning vakolatlariga;
mijozning roʻyxatdan oʻtkazilgan ustav fondining (kapitalining) miqdoriga alohida eʼtibor berilishi lozim.
22. Birja aʼzosi mijoz tomonidan taqdim etilayotgan axborotni:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan mijoz toʻgʻrisida olingan maʼlumotlardan foydalanish;
mijozning birjaning boshqa aʼzolari bilan oʻzaro munosabatlarini oʻrganish;
mijozning ishchanlik obroʻsi toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash orqali tekshirishga majburdir.
23. Yuridik va jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash jarayonida benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash boʻyicha, shu jumladan, mijoz mol-mulkining tuzilishini oʻrganish yoʻli bilan, asoslangan va zarur chora-tadbirlarni qoʻllanishi lozim.
Mijozlarni lozim darajada tekshirish va identifikatsiyalash natijasida olingan maʼlumotlar ahamiyati va tavakkalchiliklardan kelib chiqqan holda hamda mijoz maʼlumotlarida oʻzgarishlar boʻlganda, biroq birja aʼzosi tomonidan tavakkalchilik yuqori baholanganda yiliga kamida bir marotaba, boshqa hollarda ikki yilda kamida bir marotaba yangilanishi lozim.
231. Agar, mavjud mijozning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqasi borligi haqida asoslantirilgan shubhalar mavjud boʻlganida va unga nisbatan mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralar amalga oshirayotganligi oshkor boʻlishi mumkinligini inobatga olgan holda mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha choralar amalga oshirmasdan maxsus vakolatli davlat organga shubhali operatsiya haqida xabar yuborilishiga yoʻl qoʻyiladi.
24. Birja aʼzosi mijozlar tomonidan identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, ularga operatsiyalarni amalga oshirishda rad etadi.
IV. Tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholash
25. Birja aʼzosi mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirishda tavakkalchilik darajasini (bundan buyon matnda tavakkalchilik darajasi deb yuritiladi) aniqlash, baholash va kamaytirish chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
Tavakkalchilik darajasi mijoz taqdim etgan axborot asosida, amalga oshiradigan operatsiyalar turlari, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlar, mijozni lozim tarzda tekshirish natijalari hamda boshqa kerakli maʼlumotlarni hisobga olgan holda masʼul xodim tomonidan har yili aniqlanadi va baholanadi.
Tavakkalchiliklarni baholash natijalari yozma ravishda rasmiylashtirilishi hamda maxsus vakolatli davlat organi yoki Raqobat qoʻmitasiga taqdim etilishi lozim.
251. Raqobat qoʻmitasi birjalar bilan birgalikda yiliga kamida bir marta, shuningdek birja savdolaridagi yoki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik oʻzgarishi munosabati bilan birja aʼzolari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasini oʻrganadi.
26. Tavakkalchilikning yuqori darajasi toifasiga birja aʼzosi avvaldan quyidagi mezonlarga ega boʻlgan mijozlarni tegishli deb topishi va ularga nisbatan kuchaytirilgan eʼtiborni qaratishi lozim:
Roʻyxatga kiritilgan shaxslar yoxud Roʻyxatga kiritilgan shaxsning nazoratidagi shaxslar yoki Roʻyxatga kiritilgan tashkilotning bevosita yoxud bilvosita mulkdori yoki nazorat qiluvchi shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda (hududda) yoxud offshor hududda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxslar;
offshor zonada hisob raqamlariga ega boʻlgan rezidentlar va norezidentlar;
haqiqatda joylashgan joyi taʼsis yoki roʻyxatga olish hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiq boʻlmagan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
faoliyat davri moliyaviy yilning bir choragidan oshmagan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
benefitsiar mulkdori ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslar boʻlgan tashkilotlar;
muntazam ravishda (ketma-ket uch oy mobaynida ikki martadan ortiq) shubhali operatsiyalarni amalga oshirayotgan mijozlar.
yuqori mansabdor shaxslar ularning oila aʼzolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslar.
27. Tavakkalchilik xavfining yuqori darajasini belgilashda birja aʼzosi mijozni lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan choralarini koʻrishi va doimiy ravishda ular tomonidan sodir etilayotgan operatsiyalarning monitoringini amalga oshirishi shart.
28. Agar mijozlar bilan hamkorlik yuqori darajadagi tavakkalchilik xavfi bilan bogʻliq boʻlmasa, u holda bunday mijozlar past darajadagi tavakkalchilik xavfi toifasiga kiritiladi.
29. Mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarning tavsifi oʻzgarishiga qarab, birja aʼzosi zarur hollarda u bilan ishlash boʻyicha tavakkalchilik xavfi darajasini qayta koʻrib borishi lozim.
Birja aʼzolari barcha murakkab, gʻayrioddiy yirik operatsiyalarga, shuningdek aniq iqtisodiy yoki qonuniy maqsadga ega boʻlmagan operatsiyalarni amalga oshirishning gʻayrioddiy sxemalariga kuchaytirilgan eʼtibor qaratishlari kerak.
291. Birja aʼzolari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralarni koʻrishlari kerak. Bu maqsadlarda birja aʼzolari:
xizmatlarning yangi turlari va yangi ish amaliyoti ishlab chiqilishi;
yangi hamda amaldagi xizmat turlarida yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanish natijasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholashlari lozim.
Bunday tavakkalchilikning baholanishi xizmatlarning yangi turlari, yangi ish amaliyotining ishga tushirilishi yoxud yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalarni foydalanishga tushirishdan avval oʻtkazilishi lozim.
Birja aʼzolari bunday tavakkalchiliklarni monitoring qilish va ularni kamaytirish uchun tegishli choralarni koʻrishlari zarur.
V. Shubhali operatsiyalarni aniqlashning mezonlari va tartibi
30. Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiya quyidagi hollarda shubhali deb topilishi mumkin:
mijoz tomonidan zarurat tufayli soʻralayotgan, shu jumladan, ishonch bildiruvchi (agar mijoz ishonchli vakil sifatida ish yuritayotgan boʻlsa) haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishni sababsiz rad etilishi;
mijozning xizmat koʻrsatishning foydaliroq shartlariga nisbatan eʼtiborsiz boʻlishi, shuningdek mijoz tomonidan ayni turdagi xizmatlar koʻrsatishdagi oddiy toʻlovdan farq qiladigan yuqori mukofotning taklif qilinishi;
birja operatsiyasi boʻyicha oddiy amaliyotdan farq qiladigan ushbu mijoz tomonidan qoʻllanadigan yoki oddiy birja amaliyotidagi hisob-kitoblarni olib borish tartibi boʻyicha nostandart yoki murakkab qoidalarning mavjud boʻlishi;
mijozning bekor qilingan birja bitimlari boʻyicha oʻz mablagʻlarini uchinchi shaxslarga yoki norezident-banklardagi hisob raqamlariga qaytarishni taklif qilishi;
mijoz tomonidan hujjatlar va axborotni taqdim etilishining uzrsiz kechiktirilishi yoki mijoz tomonidan tekshirib boʻlmaydigan axborotning taqdim etilishi, yoxud ushbu tekshiruv juda ham qimmat boʻlsa;
mijozning birjada sodir etilayotgan bitimning maxfiyligi masalalariga nisbatan ortiqcha tashvishlanishi;
birjada mijoz talab qilayotgan muayyan operatsiyani oʻtkazishdagi asossiz shoshma-shosharlik;
agarda mijoz tomonidan naqd shaklda qoʻyilgan summa bir yoki oʻttiz kun mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobariga teng miqdoridan oshib ketsa;
mijozlar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobari miqdoridan ortiq boʻlgan bir martalik oldi-sotdi boʻyicha operatsiyalarning naqd pul mablagʻlarida toʻlash orqali sodir etilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari oʻrtasida birjalarning hisob-kitob-kliring palatalaridagi Foydalanuvchilarning shaxsiy raqamlarida (bundan keyingi oʻrinlarda FSHR deb yuritiladi) jamlangan pul mablagʻlaridan boshqaning foydasiga voz kechish boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravariga teng miqdoridagi summadan oshgan operatsiyalarning oʻtkazilishi, bir martalik oʻtkazilgan operatsiyalar kabi uch oy mobaynida oʻtkazilgan bir nechta operatsiyalar ham;
offshor hududlarda va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik shaxslar uchun FSHR ochishga topshiriqnoma berilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet el tashkilotlarining ishonchnomalari boʻyicha FSHR ochishga topshiriqnoma berilishi;
bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobari miqdoridan yuqori boʻlgan summada xizmatlar koʻrsatish yoki ishlar bajarish boʻyicha birja bitimlarining tuzilishi;
identifikatsiyalashni yakunlashning imkoni boʻlmasligi yoki lozim darajada tekshirish natijalariga koʻra, foydalanuvchi bilan amaliy ish munosabatlarini oʻrnatish maqsadga muvofiq emasligini koʻrsatib turadigan maʼlumotlarning olinishi;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk egalari oʻzgarmaydigan, biroq birja savdolarining mazkur ishtirokchilari faolligi toʻgʻrisida tasavvur hosil qiladigan bitimlarni tuzish;
birja savdolari qoidalarida belgilangan narxlar bilan birja savdolarida manipulyatsiya qilish hollarining mavjudligi;
30 kun davomida bazaviy hisoblash miqdorining 5000 baravari miqdoridan ortiq boʻlgan summaga tovarlarni sotib olish boʻyicha birja bitimlarini tuzish;
faoliyat davri moliyaviy yilning bir choragidan oshmaydigan mijoz tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravari miqdoridan ortiq boʻlgan summaga tovarlarni sotib olish boʻyicha birja bitimlarini tuzish;
boshqa mintaqada joylashgan mijoz tomonidan birja operatsiyasini amalga oshirishga topshiriq berilishi;
operatsiya mijozning faoliyati xususiyatiga va turiga muvofiq kelmasligi;
amalga oshirilayotgan operatsiyalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqadorligi haqida asoslangan shubhalar mavjud boʻlgan barcha holatlarda.
301. Birja aʼzolari Raqobat qoʻmitasi tomonidan maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladigan shubhali operatsiyani erta aniqlash boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarni tatbiq etishlari mumkin.
31. Operatsiyani shubhali deb tan olish har bir aniq holatda ushbu Qoidalar bilan oʻrnatilgan shubhalilik mezonlaridan foydalangan holda oʻtkaziladigan kompleks tahlil asosida, shuningdek, mijoz shaxsi, uning obroʻsi, amaliy ish munosabatlarining xususiyati, bitimning asoslari, maqsadlari, hajmi va turi, uni amalga oshirish usuli bilan hamda shubhali operatsiyani toʻgʻri aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlar asosida aniqlanadigan tavakkalchilik xavfiga bogʻliq ravishda amalga oshiriladi.
32. Birja aʼzolari operatsiyalarni amalga oshirishda ularning ishtirokchilari identifikatsiya maʼlumotlarini Roʻyxat bilan solishtirishlari shart.
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar kechiktirilmasdan va oldindan xabar qilinmasdan toʻxtatilishi va (yoki) pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni solmay toʻxtatib qoʻyilishi lozim, agarda:
mijoz yoki operatsiya qatnashchilaridan birining barcha identifikatsiya maʼlumotlari Roʻyxatga kiritilgan shaxsning maʼlumotlari bilan toʻliq mos kelsa;
operatsiya qatnashchilaridan biri Roʻyxatga kiritilgan shaxs nomidan yoki uning topshirigʻiga binoan faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa;
operatsiyani amalga oshirishda foydalanayotgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk toʻliq yoki qisman Roʻyxatga kiritilgan shaxsga tegishli boʻlsa;
operatsiya qatnashchisi boʻlgan yuridik shaxs Roʻyxatga kiritilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mulkida yoki nazorat ostida boʻlsa.
Roʻyxatga kiritilgan shaxsning operatsiyasi toʻxtatib turilganda va (yoki) pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay toʻxtatib qoʻyilganda birja aʼzolari maxsus vakolatli davlat organiga bu haqida xabar yuborishi lozim.
Birja aʼzolari toʻxtatilgan operatsiyani oʻtkazishni tiklashni va ishga solmay toʻxtatib qoʻyilgan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkdan foydalanishga ruxsat berishni Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini toʻxtatib turish, pul mablagʻlarini yoki boshqa mol-mulkini ishga solmay toʻxtatib qoʻyish, ishga solmay toʻxtatib qoʻyilgan mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3327, 2021-yil 19-oktabr) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
321. Operatsiyaning taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlsa, bunday operatsiya maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi kerak.
33. Mijozning operatsiyasi shubhali deb topilganda birja aʼzosi mijozga nisbatan kelgusidagi xatti-harakatlar haqida qaror qabul qiladi, jumladan:
shubhali operatsiyalar toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organiga xabar berish haqida;
mijoz bilan operatsiya oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratish haqida;
qonunchilik hujjatlari yoki u bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq mijoz bilan munosabatlarni toʻxtatish haqida.
34. Shubhali operatsiyalar haqidagi maʼlumotlar birja aʼzosi tomonidan shubhali operatsiyalar deb topilgan paytdan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-son qarori bilan tasdiqlangan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq maxsus vakolatli davlat organiga beriladi.
Shubhali operatsiyaga taalluqli har bir axborot haqida masʼul shaxs tomonidan qogʻoz va (yoki) elektron koʻrinishda yuritiladigan maxsus jurnalda qayd etiladi.
35. Birja aʼzosi, shuningdek, tegishli operatsiyadan shubhani tasdiqlovchi yoki shubhani olib tashlovchi har qanday maʼlumot toʻgʻrisida darhol maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi zarur.
VI. Ichki nazoratni amalga oshirish natijasida olingan axborot va hujjatlarni rasmiylashtirish, saqlash, maxfiyligini taʼminlash
36. Maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar boʻyicha qonunchilik hujjatlariga va mazkur Qoidalarga muvofiq quyidagilar rasmiylashtiriladi:
operatsiyaning turi va uni amalga oshirish asosi;
operatsiyani amalga oshirish sanasi va summasi;
operatsiyani amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxsni identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
operatsiyaning topshirigʻi boʻyicha va nomidan amalga oshirilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsni identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
ushbu shaxs nomidan operatsiyani amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxsning vakilini (ishonchli vakili) identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha oluvchini va uning vakilini identifikatsiyalash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar.
361. Masʼul xodimning faoliyatida foydalanilgan barcha hujjatlar (Raqobat qoʻmitasi va maxsus vakolatli davlat organi bilan yozishmalar, shu jumladan yuborilgan xabarlarning qogʻozdagi va elektron nusxalari, mijozlarning qogʻozdagi va elektron anketalari, jurnallar va h. k.)dan foydalanilishini cheklash maqsadida, bunday hujjatlar va ularning roʻyxati bevosita maxsus jihozlangan xonada yoki yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda ushbu xodim tomonidan saqlanishi lozim.
362. Hujjatlarning elektron shakllari dasturiy usulda arxivlashtirilishi, elektron axborot tashuvchi uskunalarga yozib qoʻyilishi hamda masʼul xodim tomonidan ularning roʻyxati bilan birgalikda yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi zarur.
37. Birja aʼzolari pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar haqidagi axborotni, shuningdek, mijozlarni lozim darajada tekshirish boʻyicha identifikatsiyalash materiallarini va maʼlumotlarini shu jumladan ish yozishmalarini va har qanday tahlil natijalarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan, lekin operatsiyalar amalga oshirilganidan yoki mijoz bilan munosabatlar toʻxtatilganidan keyin besh yildan kam boʻlmagan muddatlar mobaynida saqlashlari shart.
Mijozni lozim darajada tekshirish jarayonida olingan mijoz toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq mijoz soʻrovnomasida qayd etiladi.
371. Birjalar oshkor qilmaslik va saqlash muddatlari boʻyicha talablarga rioya etgan holda barcha hujjatlarning elektron nusxalarini saqlashlari mumkin.
38. Birja aʼzolari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborotdan erkin foydalanishni cheklaydilar, uni tarqalib ketmasligini taʼminlaydilar hamda yuridik va jismoniy shaxslarga, ularning operatsiyalari haqida maxsus vakolatli davlat organiga maʼlumot berilganligi toʻgʻrisida axborot berishga haqli emaslar.
381. Mijozning lozim darajada tekshirilganligi haqida, shu jumladan, mijozning soʻrovnomasidan maʼlumot uchinchi tomonlarga ularning soʻroviga binoan berilishi mumkin.
39. Birja aʼzolari xodimlarining ichki nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida olingan axborotni oʻz xodimlari tomonidan oshkor qilmaslikni (shaxsiy maqsadlari yoxud uchinchi shaxslar manfaatlari uchun foydalanmasligini) taʼminlaydilar.
391. Mazkur Qoidalar, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha boshqa hujjatlar birja aʼzolari va birjaning barcha xodimlariga yetkazilishi lozim.
VII. Yakuniy qoidalar
40. Birjalarning mazkur Qoidalar talablariga rioya etishlari ustidan monitoring va nazorat Raqobat qoʻmitasi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Birja aʼzolarining mazkur Qoidalar talablariga rioya etishlari ustidan monitoring va nazorat qilinishi birjalar va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Birjalar, oʻz vakolatlari doirasida, mazkur Qoidalar talablarini buzgan birja aʼzolariga nisbatan choralarni belgilaydi va qoʻllaydi.
Yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmalariga ham mazkur Qoidalar bilan belgilangan talablar qoʻllaniladi.
401. Birja aʼzosi ichki nazorat tizimining samaradorligini monitoring qilish ichki audit xizmati yoki tashqi audit tomonidan amalga oshiriladi.
41. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi hollarini yashirishda, shuningdek, mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
42. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi tovar xom ashyo birjasi, Respublika universal agrosanoat birjasi, Respublika koʻchmas mulk birjasi, Toshkent shahar munitsipal birja markazi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi raisi T. TOXTABOYEV
2009-yil 10-oktabr
Respublika universal agrosanoat birjasi Bosh direktori T. VALITOV
2009-yil 10-oktabr
Respublika koʻchmas mulk birjasi boshqaruvi raisi Z. SHAMSHIYEV
2009-yil 10-oktabr
Toshkent shahar munitsipal birja markazi direktori R. FAYZIYEV
2009-yil 10-oktabr
Birja aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga 1-ILOVA
Jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashda zarur boʻladigan
MAʼLUMOTLAR
1. Familiyasi, ismi va otasining ismi.
2. Tugʻilgan sanasi va joyi.
3. Fuqaroligi haqida maʼlumotlar.
4. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.
5. Doimiy va (yoki) vaqtinchalik yashash joyi.
6. Fuqaro pasporti yoki uning oʻrnini bosadigan hujjat (hujjat seriyasi va raqami, hujjat berilgan sana, hujjatni bergan organ nomi).
7. Mobil telefoni raqami (agar mavjud boʻlsa).
Birja aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga 2-ILOVA
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni identifikatsiyalashda zarur boʻladigan
MAʼLUMOTLAR
1. Yuridik shaxslarni identifikatsiyalashda zarur boʻladigan maʼlumotlar:
a) toʻliq, shuningdek, agar davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan boʻlsa, qisqartirilgan nomi;
b) davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot: sana, raqam, roʻyxatga oluvchi organ nomi;
v) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
g) joylashgan joyi (pochta manzili), shuningdek roʻyxatdan oʻtgan ofisining manzili va bosh ofisining manzili, agar u birinchisidan farq qilsa;
d) davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar;
e) litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun mavjud boʻlgan litsenziyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar: faoliyat turi, litsenziyaning raqami va berilgan sanasi, kim tomonidan berilganligi, amal qilish muddati;
j) imzo huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxs nomidan ish koʻruvchi jismoniy shaxsning identifikatsiyalash toʻgʻrisida maʼlumotlar;
z) yuridik shaxs taʼsischilari (yirik aksiyadorlari, ishtirokchilari) haqidagi hamda mijozning ustav fondi (kapitali)dagi ularning ulushlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
i) roʻyxatga olingan va toʻlangan ustav fondi (kapitali) miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
k) yuridik shaxsning boshqaruv organlari (yuridik shaxsning boshqaruv organlarining tuzilmasi va shaxsiy tarkibi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
l) telefon raqamlari.
2. Yakka tartibdagi tadbirkorlarni identifikatsiyalashda zarur boʻladigan maʼlumotlar:
a) Mazkur qoidalarning 1-ilovasida koʻzda tutilgan maʼlumotlar;
b) davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot: sana, raqam, roʻyxatga oluvchi organ nomi;
v) faoliyat amalga oshiriladigan joy;
g) faoliyat turlarini amalga oshirish uchun mavjud guvohnomalar va litsenziyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar: faoliyat turi, litsenziya raqami, berilgan sanasi, kim tomonidan berilganligi, amal qilish muddati;
d) telefon raqamlari;
e) davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar.
Birja aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga 3-ILOVA
Mijoz soʻrovnomasida koʻrsatiladigan
MAʼLUMOTLAR
1. Mijozni identifikatsiyalash jarayonida olingan, birja aʼzolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalarning 1, 2-ilovalarida koʻrsatilgan maʼlumotlar.
2. Mijozning benefitsiar mulkdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
3. Mijozning yuqori mansabdor shaxs (uning oila aʼzosi yoki unga yaqin shaxs) ekanligi toʻgʻrisida belgi.
4. Tavakkalchilik darajasi haqida maʼlumot, shu jumladan, tavakkalchilikni baholash asoslari.
5. Birja aʼzosi tomonidan mijozni identifikatsiyalashda amalga oshirilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar natijalari.
6. Mijoz bilan munosabatlar oʻrnatilgan sana.
7. Mijoz anketasi toʻldirilgan va oʻzgartirish kiritilgan sana.
8. Mijoz bilan ishlashga masʼul xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi.
9. Qogʻoz shaklidagi mijoz anketasini toʻldirgan xodim imzosi (familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatilgan holda) yoki elektron koʻrinishdagi mijoz anketasini (birja aʼzosining elektron raqamli imzosidan foydalangan holda) toʻldirgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi.
10. Ichki qoidalarda belgilanadigan boshqa maʼlumotlar.
