Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini eskirishini aniqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida (2028-son)
30.10.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-oktabrda 2028-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-avgustdagi 02/5-82-son topshirigʻini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini eskirishini aniqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. SSSR Vazirlar Kengashining 1973-yil 11-noyabrdagi 824-son qaroriga muvofiq SSSR Gosplani, SSSR moliya vazirligi, SSSR Davqurilish va SSSR MSB tomonidan 1974-yil 28-iyunda tasdiqlangan Budjet muassasalari va tashkilotlari asosiy fondlari boʻyicha Yillik eskirish normalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida 2010-yil 1-yanvardan qoʻllanilmasin.
3. Mazkur qaror 2010-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-sentabr,
95-son
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-sentabr,
85-son
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-sentabr,
6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2009-yil 30-sentabrdagi 95, 85, 6-son qaroriga ILOVA
Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini eskirishini aniqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) muvofiq Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini eskirishini aniqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirishni tartibga soladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Budjet tashkilotlari (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) asosiy vositalarini eskirishi mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq budjet tashkilotlar asosiy vositalarining yillik eskirish meʼyorlaridan (bundan keyingi oʻrinlarda eskirish meʼyorlari deb yuritiladi) kelib chiqqan holda har yili aniqlanadi va har oyda shu tashkilotlarning buxgalteriya hisobi va hisobotida aks ettiriladi.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari, zarur hollarda, oʻzlarining tizimidagi tashkilotlarda asosiy vositalarning eskirishi meʼyorlarini asosiy vositalarning texnik shartlari va/yoki tayyorlovchi-tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq asosiy vositalar obyektlarining samarali foydalanish muddatini hisobga olgan holda mazkur Nizom bilan belgilangan meʼyorlardan oshmagan holda oʻrnatilgan tartibda belgilashlari mumkin.
Asosiy vosita obyektlarida amalga oshirilgan qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan jihozlash, rekonstruksiya yoki modernizatsiya natijasida dastlabki qabul qilingan meʼyoriy koʻrsatkichlari yaxshilanishi (oshirilishi) hollarida tashkilotlar shu obyektning amalga oshirilgan qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan jihozlash, rekonstruksiya yoki modernizatsiya ishlari tugatilgan oydan keyingi hisobot oyining birinchi sanasidan boshlab shu obyektning samarali foydalanish muddatini qayta koʻrib chiqadilar.
3. Begʻaraz olingan asosiy vositalar obyektlarining samarali foydalanish muddati quyidagicha aniqlanadi:
tashkilotlardan olinganlar uchun — amalda foydalanilgan muddatlarini va avval hisoblangan eskirish summasini hisobga olgan holda;
boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan olinganlar uchun — tashkilotlarda doimiy ishlaydigan inventarlash komissiyasi tomonidan belgilangan obyektning bozor bahosi va foydalanish muddatidan kelib chiqqan holda.
4. Eskirish quyidagi asosiy vositalar boʻyicha aniqlanmaydi: arxitektura va sanʼatning noyob yodgorliklari boʻlgan imoratlar va inshootlar, kabinet va laboratoriyalarda joylashgan oʻquv ishlari va ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan jihozlar, eksponatlar, nusxalar, amaldagi va amal qilmayotgan modellar, maketlar va boshqa koʻrgazmali qoʻllanmalar, mahsuldor qora mollar, qoʻtoslar, hayvonot olami eksponatlari (hayvonot bogʻi va shunga oʻxshash tashkilotlarda), foydalanish mumkin boʻlgan yoshga etmagan koʻp yillik koʻchatlar, kutubxona fondlari, filmlar fondi, sahnaga qoʻyish uskunalari, badiiy va muzey buyumlari.
II. Asosiy vositalarga eskirish hisoblash tartibi
5. Asosiy vositalar obyekti boʻyicha eskirish hisoblash mazkur obyekt asosiy vositalar tarkibiga qabul qilingan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlanadi hamda mazkur obyektning dastlabki (tiklanish) qiymati doirasida yoxud bu obyektni balansdan hisobdan chiqarilguncha amalga oshiriladi.
6. Hisobot yili mobaynida asosiy vosita obyektlari boʻyicha eskirish har oyda yillik eskirish summasining 1/12 miqdorida hisoblanadi.
7. Asosiy vosita obyektlari boʻyicha eskirish hisoblash asosiy vositalarning dastlabki (tiklanish) qiymati toʻliq qoplangan yoxud bu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻxtatiladi.
Asosiy vositalar obyektining samarali foydalanish muddati mobaynida eskirish hisoblanishi toʻxtatilmaydi, obyektlarda amalga oshirilgan qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan jihozlash, rekonstruksiya, modernizatsiya, texnik qayta jihozlash ishlari olib borilishi tufayli toʻliq toʻxtatilgan hollar bundan mustasno.
8. Asosiy vosita obyektlari boʻyicha eskirish hisoblash hisobot davrida amalga oshiriladi va buxgalteriya hisobida tegishli hisobot davrida aks ettiriladi.
Eskirish hisoblash asosiy vositalar obyektlari qiymatining 100% idan oshib ketishi mumkin emas.
III. Asosiy vositalar eskirishini buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi
9. Hisobot oyi uchun asosiy vositalarga hisoblangan eskirish summasi tashkilotlar buxgalteriya hisobida “Asosiy vositalar fondi” subschyotining debeti boʻyicha va “Asosiy vositalarning eskirishi” subschyotining krediti boʻyicha aks ettiriladi.
Hisobot yili mobaynida buxgalteriya hisobi va hisobotlarda asosiy vositalarning qayta baholanishi, kirim qilinishi va hisobdan chiqarilishi (toʻziganligi va eskirganligi tufayli tugatilishi munosabati bilan ularni hisobdan chiqarilishi natijasida ham) hisobiga eskirishning umumiy summasi oʻzgarishi mumkin.
10. Har oyda hisoblangan eskirish summasi tegishli inventar kartochkalar (kitoblar)da asosiy vositalar obyektlari boʻyicha hisobi yozib borilmaydi. Agar asosiy vositalar tugatilayotganda yoki boshqa tashkilotga berilayotganda, shuningdek obyektlarni eskirishining yillik meʼyori belgilangan tartibda oʻzgartirilayotgan boʻlsa, asosiy vosita obyektlarining butun foydalanish muddati mobaynida hisoblangan toʻliq eskirish summasi alohida inventar obyektlari boʻyicha aniqlanadi.
11. Avval foydalanishda boʻlgan asosiy vositalar bir tashkilotdan boshqasiga berilayotganda, shuningdek tugatilishi sababli hisobdan chiqarilayotganda obyektlarning dastlabki (tiklanish) qiymati va mazkur Nizomga muvofiq oʻrnatilgan tartibda hisoblangan eskirish summasi koʻrsatilgan holda tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi.
Boshqa tashkilotlardan avval foydalanishda boʻlgan asosiy vositalar — inventar obyektlar kelib tushganda, qabul qilib oluvchi tomon buxgalteriya hisobida ularning dastlabki (tiklanish) qiymatidan eskirishini ayirmagan holda “Asosiy vositalar” schyotining tegishli subschyotlari debeti boʻyicha va ularning dastlabki (tiklanish) qiymatidan eskirishini ayirgan holda — “Asosiy vositalar fondi” subschyoti krediti hamda beruvchi tashkilotlarning hujjatlariga muvofiq mazkur obyekt eskirish summasiga — “Asosiy vositalarning eskirishi” subschyoti krediti boʻyicha aks ettiriladi.
Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan avval foydalanishda boʻlgan obyektlar boʻyicha eskirish summasi tegishli inventar kartochkalar (kitoblar)ga yoziladi.
12. Tugatilgan yoki boshqa tashkilotlarga berilgan asosiy vositalar obyektlari buxgalteriya hisobida “Asosiy vositalar” schyotining tegishli subschyotlari krediti boʻyicha dastlabki (tiklanish) qiymatida va “Asosiy vositalar fondi” subschyotining debeti aynan dastlabki (tiklanish) qiymati boʻyicha, lekin hisoblangan eskirishni ayirgan holda va “Asosiy vositalarning eskirishi” subschyotining debeti boʻyicha mazkur obyektning butun foydalanish muddati mobaynida yuqorida 5 — 7-bandlarda koʻrsatib oʻtilgan tartibda hisoblangan eskirish summasi aks ettiriladi.
13. Kelgusida foydalanishga yaroqli boʻlgan alohida obyektlar qiymatining 100 % miqdorida hisoblangan eskirish, ularning toʻliq hisoblangan eskirish omili hisobdan chiqarish uchun asos boʻlib xizmat qilmaydi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
14. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
15. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi Gʻ. QUDRATOV
2009-yil 30-sentabr
Budjet tashkilotlarining asosiy vositalarini eskirishini aniqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
Budjet tashkilotlari asosiy vositalarining yillik eskirish meʼyorlari
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 44-son, 477-modda)
