BMTning taraqqiyot dasturi ishtirokidagi “Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini integratsiyali boshqarish va suvni tejash rejasi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (252-son)
30.08.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Suv resurslaridan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan suv resurslarini integratsiyali boshqarish prinsiplarini bosqichma-bosqich joriy etish, ularning isrof boʻlishini qisqartirish, suvni tejashni ragʻbatlantirish, iqtisodiyot sektorlarini suv bilan barqaror va balansli taʼminlash tizimini yaratish, shuningdek BMTning Taraqqiyot dasturida berilayotgan grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini integratsiyali boshqarish va suvni tejash rejasi” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga BMTning Taraqqiyot dasturida 1259245 AQSH dollari miqdorida grant mablagʻlari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
loyiha komponentlarini moliyalashtirish 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi;
grant mablagʻlarini va loyiha xodimlarini boshqarish BMT Taraqqiyot dasturi tartibotlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Loyihani amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Loyihani amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash:
loyiha yechimlarini joriy etishni jadallashtirish boʻyicha tavsiyalar va tadbirlar ishlab chiqqan holda, ajratilayotgan mablagʻlarning samarali oʻzlashtirilishi yuzasidan nazoratni taʼminlasin;
loyihaning tegishli komponentlarini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhlar tarkibini ikki oy muddatda, belgilangan tartibda tasdiqlasin;
loyihaning amalga oshirilishini muntazam ravishda koʻrib borsin hamda zarurat boʻlganda, uning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga BMT Taraqqiyot dasturi tartibotlariga muvofiq grant mablagʻlaridan oʻz vaqtida va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek loyihani samarali amalga oshirish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi loyihani amalga oshirish guruhini (loyiha xodimlarini) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi sifatida ofis binosi va zarur telekommunikatsiya vositalari bilan taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihani amalga oshirish davrida, loyiha xodimlarini ofis binosi bilan taʼminlash va telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi uchun tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi sifatida moliyalashtirishni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmanomalariga binoan, loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmanomalariga binoan, loyihaning xorijiy mutaxassislari uchun koʻp martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-avgust,
252-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 30-avgustdagi 252-son qaroriga 1-ILOVA
BMTning Taraqqiyot dasturi ishtirokidagi “Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini integratsiyali boshqarish va suvni tejash rejasi” loyihasi komponentlarini moliyalashtirish
Loyihani amalga oshirish davomida uning budjeti boʻyicha xarajatlar BMTning Taraqqiyot dasturi bilan kelishgan holda qayta taqsimlanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 30-avgustdagi 252-son qaroriga 2-ILOVA
BMTning Taraqqiyot dasturi ishtirokidagi “Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini integratsiyali boshqarish va suvni tejash rejasi” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
Izoh. Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
