3-modda. Asosiy tushunchalar
Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-229-son) · Sana: 13.10.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arxeolog — tegishli oliy maʼlumotga ega boʻlgan tadqiqotchi;
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi — har bir arxeologiya ashyosi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
arxeologiya ashyosi — arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda yoki xoʻjalik va oʻzgacha faoliyat jarayonida aniqlangan, shuningdek tasodifan topilgan (xazina) va identifikatsiyalashdan oʻtkazilgan moddiy qoldiq;
arxeologiya yodgorligi — Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga kiritilgan arxeologiya obyekti;
arxeologiya merosi obyektlari — arxeologiya obyektlari va arxeologiya ashyolari majmui;
arxeologiya nazorati — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyektini saqlash maqsadida amalga oshiriladigan va arxeologiya obyekti hududining chegaralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xoʻjalik, yoʻlsozlik ishlarini va boshqa ishlarni bajarishda madaniy meros obyektlarini saqlash talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatiladigan turi;
arxeologiya obyekti — inson faoliyatining barcha koʻrinishlariga taalluqli hamda saqlanish holatidan qatʼi nazar arxeologik, antropologik, etnografik qimmatga yoki oʻzga tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy qimmatga ega boʻlgan joy, inshoot (asar), imorat, majmua (ansambl), ularning boʻlaklari, ular bilan bogʻliq hududlar;
arxeologiya tadqiqoti — arxeologiya obyektlari, arxeologiya yodgorliklari va arxeologiya ashyolarini oʻrganish orqali yangi bilimlarni egallash maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat;
arxeologiya qazishmalari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyektida qazishma ishlarini qoʻllagan holda madaniy qatlamlar, meʼmoriy va boshqa moddiy qoldiqlarni oʻrganish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
arxeologiya qidiruvlari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyekti madaniy qatlamining yemirilishi bilan bogʻliq boʻlmagan (madaniy qatlam qalinligini aniqlash uchun cheklangan qazishmadan tashqari) va arxeologiya obyektini aniqlash, xaritalashtirish, uning chegaralarini belgilash, izohlash, tekshirish, shuningdek ilgari aniqlangan arxeologiya obyekti toʻgʻrisida zamonaviy maʼlumotlarni olish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
